O‘zbekistonda 28-iyun kuni 266 kishida koronavirus aniqlandi. Ikki kishi koronavirus asoratlaridan vafot etdi

O‘zbekistonda 27-iyun soat 23:30 dan 28-iyun soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 266 ta holat qayd etildi. Olti kundan buyon yangi kasallanganlar soni 200 nafardan oshmoqda. Bir kun ichida 266 kishida kasallik aniqlanishi 25-iyunda o‘rnatilgan rekorddan keyingi ikkinchi natija hisoblanadi. Uch kun avval 276 kishida kasallik aniqlangandi. Yangi qayd etilgan holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 7948 nafarga yetdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 247 nafari karantin muassasalarida;
  • 16 nafari aholi orasida (Andijon viloyatida — 6 nafar, Samarqand viloyatida — 4 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 2 nafar, Toshkent shahrida — 2 nafar, Toshkent viloyatida — 1 nafar, Sirdaryo viloyatida — 1 nafar);
  • 3 nafari esa xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida (Qoraqalpog‘istonda — 2 nafar, Sirdaryo viloyatida — 1 nafar) aniqlangan.

Kun davomida 7 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 6 tasida aholi orasida koronavirus aniqlandi. Aholi orasida yangi kasalliklar aniqlanishi bir kun avvalgiga nisbatan 38 taga kamaydi.

SSV ma’lumotlariga ko‘ra, kasallik aniqlanganlardan 138 nafari xorijdan kelganidan so‘ng karantinga olingan bo‘lgan.

Qashqadaryo viloyatida kun davomida qayd etilgan 14 ta holatning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida aniqlangan5-iyunda viloyatga koronavirus qaytganidan so‘ng asosan karantindagilar orasida kasallik qayd etilmoqda. 16-iyun kuni Qashqadaryoda karantindagi 104 kishida koronavirus aniqlangandi.

Andijon viloyatida ham 14 ta yangi holat qayd etilgan bo‘lib, 8 tasi karantindagilar orasida, 6 tasi aholi orasida aniqlandi. Iyun oyida Andijonda bir kunda yangi kasallanish holatlari soni 10 taga ham yetmayotgandi. Endi viloyatda kasallanganlarning umumiy soni 200 nafardan ham oshdi. 20-iyun holatiga ko‘ra, “yashil” hudud deb belgilangan Andijon viloyatida 21, 23 va 25-iyun kunlari ham aholi orasida kasallik aniqlangandi.

Toshkent shahrida yangi kasallanish holatlari keskin kamaydi. Bir kun avval yangi kasallanish holatlari 64 tani tashkil etgan bo‘lib, aholi orasida qayd etilgan holatlarning o‘zi 39 ta edi. 28-iyunda esa poytaxtda 13 ta yangi holat qayd etildi. Ulardan 11 tasi karantindagilar orasida, 2 tasi aholi orasida qayd etildi. Bu hafta davomida Toshkentda aholi orasida eng kam kasallik aniqlangan kun bo‘ldi. Umuman olganda Toshkent aholi orasida eng ko‘p kasallik aniqlanadigan hudud hisoblanadi. Poytaxtda 4-iyundan buyon uzluksiz ravishda aholi orasida kasallik aniqlanadi.

Toshkent viloyatida 11 ta yangi holat qayd etildi, bulardan 10 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida va bittasi aholi orasida aniqlandi. Viloyatda ketma-ket 12-kun aholi orasida kasallik qayd etilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan 6 ta holatdan  2 tasi karantindagilar orasida, 2 tasi aholi orasida va yana 2 tasi xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari orasida aniqlandi. Ushbu hududda 23 va 27-iyun kunlari ham karantindagilar orasida kasallik aniqlangan. Lekin aholi orasida va xalqaro yuk tashuvchi mashinalar orasida 13-iyundan beri yangi holat kuzatilmagandi.

Samarqand viloyatida qayd qilingan 4 ta holatning bari aholi orasida aniqlandi. Viloyatda aholi orasida 15-iyun kuni 3 ta, 16-iyun kuni 2 ta, 21-iyun kuni 1 ta va 24-iyun kuni 8 ta kasallanish holati qayd etilgandi.

Sirdaryo viloyatida aholi orasida bitta, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida bitta yangi holat qayd etildi. Viloyatda 212326 va 27-iyun kunlari ham aholi orasida kasallik aniqlangandi.

Kasallikdan davolanish

28-iyun davomida 89 nafar bemor sog‘aydi. Ularning 75 nafari Toshkent shahri va 14 nafari Qashqadaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalarida shifo topdi. Qashqadaryoda yangi kasallanganlar soni ham 14 nafarni tashkil etgandi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 7948 nafar bemordan 5329 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 67 foizni tashkil etmoqda. 27-iyun kuni bemorlarning davolanib chiqishi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatilganidan so‘ng davolanish ko‘rsatkichi 67 foizdan 68 foizga ko‘tarilgandi. Endi esa ko‘rsatkich yana pastladi.

17-iyun kuni shifoxonalardagi bemorlar soni birinchi marta 1500 nafardan oshgandi23-iyunda ularning soni 2000 nafardan oshdi, 28-iyunga kelib esa shifoxonadagi bemorlar soni 2500 nafardan ham oshdi. Ayni vaqtda shifoxonalardagi 2597 nafar bemordan 2152 nafari Toshkentdagi tibbiyot muassasalarida davolanmoqda (Sirdaryo viloyatidagi bemorlar ham Toshkent shahriga o‘tkazilgan). Qolgan 445 nafar bemor mamlakatning 10 hududidagi shifoxonalarda davolanmoqda.

Jizzaxda 2, Qoraqalpog‘istonda 10, Namanganda 24, Andijonda 28, Buxoroda 34, Samarqandda 44, Navoiyda 46, Surxondaryoda 56, Xorazmda 60 va Qashqadaryoda 141 nafar bemor qoldi. Farg‘ona viloyati koronavirusdan xoli yagona hudud bo‘lib turibdi.

Ahvoli og‘ir bemorlar va o‘lim holatlari

28-iyun kuni SSV ikki kishi koronavirusdan vafot etganini ma’lum qildi. Bir kun ichida ikki bemorning koronavirusdan vafot etishi O‘zbekistonda ilgari kuzatilmagandi.

Toshkentdagi Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifokori A.U. 2020-yilning 14-iyun kunidan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markazidagi fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida faoliyat ko‘rsata boshlagan. Faoliyati davomida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan shifokor 23-iyun kuni ahvoli og‘irlashib, dastlab Zangiota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga, so‘ng esa Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga o‘tkir miokard infarkti tashxisi bilan yotqizilgan.

26-iyunda esa yurak, nafas va o‘pka yetishmovchiligi kuzatilib, ahvoli og‘irlashganligi uchun reanimatsiya bo‘limiga olingan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli O‘zbekistondagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining mutaxassislari tomonidan bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.

“Biroq kardiolog, pulmonolog, terapevt, virusolog, reanimatologlarning standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan”, — deyiladi SSV axborotida.

Shuningdek, Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi, 42 yoshli D.X. (erkak) 2020-yil 20-iyun kuni insultning qaytalanishi bilan o‘ta og‘ir holatda Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Bemorda 22-iyun kuni koronavirus aniqlangan va unga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga o‘tkazilgan hamda ahvoli keskin yomonlashganligi sababli sun’iy nafas oldirish apparatiga olingan.

Biroq soha mutaxassislarining standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi, o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.

Yangi o‘lim holatlaridan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 22 nafarga yetdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2597 nafar bemordan 18 nafari og‘ir, 6 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 40 120 nafar, statsionar karantinda esa 23 432 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagi fuqarolar soni 447 nafarga ko‘paygan bo‘lsa, statsionar karantindagi fuqarolar soni 559 nafarga kamaydi. Uy karantinidagi fuqarolar soni iyun oyida birinchi marta 40 mingdan oshdi.