O‘zbekistonda 29-iyun kuni 274 kishida koronavirus aniqlandi. Buxoro va Jizzaxda ilk o‘lim holatlari qayd etildi

O‘zbekistonda 28-iyun soat 23:30 dan 29-iyun soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 274 ta holat qayd etildi. Ketma-ket yettinchi kun kasallanganlar soni 200 nafardan oshmoqda. Bir kun ichida 274 kishida kasallik aniqlanishi rekorddan keyingi ikkinchi natija hisoblanadi.  25-iyun kuni 276 kishida kasallik aniqlangandi. Yangi qayd etilgan holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 8222 nafarga yetdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 244 nafari karantin muassasalarida;
  • 30 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 20 nafar, Buxoro viloyatida — 6 nafar, Jizzax viloyatida — 4 nafar) aniqlangan.

Kun davomida 4 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 3 tasida aholi orasida koronavirus aniqlandi. Iyun oyida birinchi marta xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari orasida koronavirus aniqlanmadi.

Toshkent shahrida 43 ta yangi holat qayd etildi. Ulardan 23 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 20 tasi aholi orasida aniqlandi. Aholi orasida kasallik aniqlanishi bo‘yicha Toshkent shahri iyun oyida 20-marta yetakchilik qilmoqda. 26-iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi tuman va shaharlar epidemiologik toifalari ro‘yxati yangilandi. Unda Toshkent shahri “sariq”ligicha qoldiPoytaxtdagi 333 ta mahalla “yashil”, 87 ta mahalla “sariq” va 99 ta mahalla “qizil” toifaga kiritildi.

Buxoro viloyatida 9 ta yangi holat qayd etilib, ulardan 3 tasi karantindagilar orasida, 6 tasi aholi orasida aniqlandi. Viloyatda 25101214151617, 2126 va 27-iyun kunlari ham yangi kasallanish holatlari qayd etilgan, ushbu kunlar ichida 15-iyundan boshqa barcha kunlarda aholi orasida koronavirus aniqlangan. Buxoroning Vobkent, G‘ijduvon, Jondor va Shofirkon tumanlari “qizil” hudud deb topildi.

Jizzax viloyatida bir kunda besh kishida koronavirus aniqlandi. Bu ko‘rsatkich viloyat uchun rekord. Chunki Jizzaxda bungacha kasallanganlar soni ham 5 kishini tashkil etayotgandi. Endi bir kun ichida ular soni 2 baravarga ko‘paydi. Yangi kasallanish holatlarining 1 tasi karantindagilar orasida, 4 tasi aholi orasida aniqlandi. Viloyatda Sharof Rashidov tumani “qizil” hudud deb topildi.

Samarqand viloyatida qayd etilgan ikkala holat ham koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida aniqlangan. Viloyatda bir kun oldin aholi orasida 4 kishida kasallik qayd etilgandi. Samarqandning Narpay tumani “qizil” hududga aylandi.

Kasallikdan davolanish

29-iyun davomida 167 nafar fuqaro sog‘aydi. Ulardan 115 nafari Toshkent shahrida, 22 nafari Surxondaryo viloyatida, 12 nafari Buxoro viloyatida, 11 nafari Namangan viloyatida va 7 nafari Samarqand viloyatidagi tibbiyot muassasalaridan sog‘ayib chiqdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 8222 nafar bemordan 5496 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 66 foizni tashkil etmoqda. Bu iyun oyidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. 5-iyun kuni bu boradagi ko‘rsatkich 81 foizga ham chiqqandi.

17-iyun kuni shifoxonalardagi bemorlar soni birinchi marta 1500 nafardan oshgandi23-iyunda ularning soni 2000 nafardan oshdi, 28-iyunga kelib esa shifoxonadagi bemorlar soni 2500 nafardan ham oshdi. Ayni vaqtda shifoxonalardagi 2702 nafar bemordan 2295 nafari Toshkentdagi tibbiyot muassasalarida davolanmoqda (Sirdaryo viloyatidagi bemorlar ham Toshkent shahriga o‘tkazilgan). Qolgan 407 nafar bemor mamlakatning 10 hududidagi shifoxonalarda davolanmoqda.

Jizzaxda 6, Qoraqalpog‘istonda 10, Namanganda 13, Andijonda 28, Buxoroda 30, Surxondaryoda 34, Samarqandda 39, Navoiyda 46, Xorazmda 60 va Qashqadaryoda 141 nafar bemor qoldi. Farg‘ona viloyati koronavirusdan xoli yagona hudud bo‘lib turibdi. Davolanish bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichlar Qashqadaryo (28 foiz) va Jizzax (30 foiz) viloyatlariga tegishli.

Ahvoli og‘ir bemorlar va o‘lim holatlari

29-iyun kuni bir kun oldingidek koronavirus asoratlaridan ikki kishi vafot etdi. Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi, 1962-yilda tug‘ilgan M.S. ismli ayol koronavirus infeksiyasida gumonlanib, 21-iyun kuni tuman tibbiyot birlashmasidan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan.

U yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kasalligi, semizlik 3-darajasi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, nafas yetishmovchiligi 3-darajasi tashxisi bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemor bundan avval, so‘nggi 8 yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, arterial gipertoniya, yurak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib yurgan.

58 yoshli ayol o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu Buxoroda kasallik tufayli qayd etilgan ilk o‘lim holati bo‘ldi.

Jizzax viloyatida ham koronavirus asoratlaridan birinchi o‘lim yuz berdi. Sharof Rashidov tumanida yashovchi 72 yoshli otaxon Q.R. 2020-yil 20-iyun kuni koronavirusga chalinganlikda gumon qilingan va karantin muassasasiga tibbiy kuzatuvga olingan. 22-iyun kuni esa Jizzax viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unda 25-iyun kuni koronavirus aniqlangan. SSVning avvalroq bergan ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, otaxon kasallikni o‘z tumanida o‘tkazilgan tug‘ilgan kunga borganida yuqtirib olgan.

Bemorga koronavirus infeksiyasining og‘ir kechishi, chap tomonlama bronxopnevmoniya, nafas yetishmovchiligi 2-darajasi tashxisi, shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kasalligi, surunkali yurak yetishmovchiligi, qandli diabet og‘ir kechishi qo‘shimcha tashxisi ham qo‘yilgan.

Bemor bundan avval, oxirgi 10 yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya va qandli diabet tashxisi bilan davolanib yurgan. So‘nggi kunlarda nafas, yurak va o‘pka yetishmovchiligi sababli bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan hamda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Jizzaxlik otaxon O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etgan 24-bemor bo‘ldi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2702 nafar bemordan 19 nafari og‘ir, 6 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. 29-iyun soat 10:00 holatiga ko‘ra, ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlar soni ham shunchani tashkil etayotgandi. Bir sutka avval esa ahvoli og‘ir bemorlar soni bir nafarga kam edi. Bu orada esa ikki kishining vafot etgani haqida ma’lumot berildi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 40 293 nafar, statsionar karantinda esa 23 485 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagi fuqarolar soni 173 nafarga, statsionar karantindagi fuqarolar soni 53 nafarga ko‘paydi. 28-iyundan buyon uy karantinidagi fuqarolar soni birinchi marta 40 mingdan oshdi.