O‘zbekistonda 16-sentabr kuni 597 kishida koronavirus aniqlandi. Olti bemor vafot etdi

O‘zbekistonda 15-sentabr soat 23:30 dan 16-sentabr soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 597 ta holat qayd etildi. Bu so‘nggi 6 kun ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 49162 nafarga yetdi. Koronavirusga chalinish holatlarining 1,2 foizi 16-sentabrga to‘g‘ri keldi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

SSV hisobi bo‘yicha 409, “Daryo” hisobi bo‘yicha 426 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 597 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 310 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 126 nafar;
  • Namangan viloyatida — 92 nafar;
  • Sirdaryo viloyatida — 19 nafar;
  • Buxoro viloyatida — 14 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 10 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 9 nafar;
  • Surxondaryo viloyatida — 7 nafar;
  • Andijon viloyatida — 5 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 3 nafar;
  • Navoiy viloyatida — 2 nafar.

Kun davomida 11 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. Faqat Jizzax, Farg‘ona va Xorazmda yangi bemorlar aniqlanmadi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlanishi karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi. Oxirgi 9 kunda kunlik kasallanish holatlari nazorat ko‘rsatkichidan baland bo‘lmoqda.

Toshkent shahrida 310 kishida koronavirus aniqlandi. Toshkentda sentabr oyida eng kam kasallik aniqlangan kunda 109 ta (3-sentabr), eng ko‘p kasallik aniqlangan kunda 510 ta (11-sentabr) yangi holat ro‘yxatga olindi. Sentabrning 16 kunida Toshkentda kasallanganlar soni 4297 nafarga ko‘paydi. SSV jadvalidagi 14 ta hududdan 12 tasida epidemiya mavsumida hali buncha bemor aniqlanmagan. Hozirda Toshkentda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 29849 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 60,7 foizi poytaxt hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent viloyatida 10-sentabr kuni 186 kishida COVID-19 aniqlanganidan so‘ng kunlik kasallanish holatlari pasaymoqda: 11-sentabrda 182, 12-sentabrda 162, 13-sentabrda 143, 14-sentabrda 130, 15-sentabrda 128 va 16-sentabrda 126 kishida koronavirus qayd etildi. Sentabrda Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 1934 nafarga ko‘payib, umumiy kasallanganlar soni 9139 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 18,6 foiziga tengdir.

Namangan viloyatida 92 kishida koronavirus qayd etildi. Bu viloyat uchun antirekord hisoblanadi. Sentabr oyining 12 kunida Namanganda yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Bu kunlarda Namangan viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 252 kishiga ko‘paydi. Viloyatda kasallanganlar soni 1161 nafarga yetdi. Namangan viloyati koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha Buxorodan ham o‘tib ketdiIkki kun oldin Namangan viloyati Qashqadaryoni ortda qoldirgandi.

Sirdaryo viloyatida 19 kishida koronavirus aniqlandi. Sirdaryo viloyati bugungi kungacha sentabr oyida koronavirus qayd etilmagan yagona viloyat bo‘lib turgandi. SSV Sirdaryoda sentabrda yangi kasallanish holatlari haqida xabar bermagan bo‘lsa ham, 8-sentabr kuni Sirdaryoga ikkita yangi kasallanish holatini qo‘shib qo‘ydi. Shu kuni aslida Navoiyda 2 kishi koronavirus yuqtirib olgani haqida xabar berilgandi, lekin bu bemorlar Navoiy o‘rniga Sirdaryoga qo‘shilgandi. Oradan 1 haftadan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, vazirlik bu kamchilikni bartaraf etmadi. SSV jadvali bo‘yicha Sirdaryoda koronavirusga chalinganlar soni 782 nafarga yetgan.

Buxoro viloyatida 14 kishida koronavirus qayd etildi. SSV ma’lumotlari bo‘yicha sentabr oyida viloyatda kasallikka chalinganlar soni 58 nafarga ko‘paydi. Ammo 13-sentabr kuni o‘tkazilgan brifingda Buxoro viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva viloyatda 239 nafar o‘qituvchi va maktab xodimi koronavirusga chalinganini ma’lum qilgandi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev esa bu xabarni rad etib, maktab xodimlarining testi birlamchi ekanligi, ulardan qayta test olinishini bildirgandi. Hozirda Buxoroda koronavirusga chalinganlar soni rasman 1104 nafarni tashkil etmoqda.

Qashqadaryo viloyatida 10 kishida kasallik qayd etildi. Qashqadaryoda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni hozirda 1049 nafarga yetdi. Sentabrning 12 kunida viloyatda yangi holatlar ro‘yxatga olindi. SSV bu kunlarda jami 95 kishida koronavirus qayd etilganini ma’lum qilmoqda. Ammo “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Abdug‘ani Himmatov Qashqadaryoda 855 nafar maktab xodimida koronavirus aniqlanganini ma’lum qildi. Uning o‘zi ham koronavirusdan davolanmoqda. Viloyat Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi bosh vrachi Sobir Murodov o‘qituvchilarning 41 nafarida 14-sentabr kuni kasallik aniqlanganini qo‘shimcha qilgandi. Ammo 15-sentabr kuni SSV Qashqadaryo viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining bayonotini e’lon qildi, unda 855 nafar o‘qituvchi koronavirusga chalingani rad etilgan. Vazirlik kanalida e’lon qilingan xabarda 855 nafar maktab xodimi virus yuqtirganlikda gumonlangani aytilib, ularda koronavirus alomatlari mavjud emasligi alohida ta’kidlanadi va bu haqda qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilishiga va’da qilinadi.

Samarqand viloyatida 9 kishida koronavirus aniqlandi. Sentabr oyida viloyatda faqat 2, 8 va 14-sentabr kunlari yangi holatlar ro‘yxatga olinmadi. Oy davomida kasallanganlar soni 260 nafarga ko‘paydi. Samarqandda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 1978 nafarga yetdi. Viloyatda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida Jomboy, Payariq, Urgut va Nurobod tumanlarining o‘zida koronavirusga test topshirgan kamida 180 nafar maktab xodimida COVID-19 qayd etilgan.

Surxondaryo viloyatida sentabr oyida faqat oxirgi 6 juft sanada kasalliklar qayd etilmoqda: 6-sentabrda 9 ta, 8-sentabrda 1 ta, 10-sentabrda 5 ta, 12-sentabrda 5 ta, 14-sentabrda 8 ta va 16-sentabrda 7 ta. Surxondaryoda hozirda koronavirusga chalinganlar soni 666 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 1,35 foizi Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.

Andijon viloyatida 5 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda ikki haftadan buyon uzluksiz ravishda kasallanish holatlari qayd etilmoqda. Ushbu 14 kun ichida viloyatda koronavirusga chalinganlar soni 153 nafarga ko‘paydi va Andijonda kasallanganlarning umumiy soni 1363 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 2,77 foizi Andijon viloyati hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 kishida koronavirus aniqlandi.  Respublikada oxirgi 29 kun ichida 15 marta yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bu kunlarda biron marta yangi bemorlar soni 8 nafardan oshmadi. Qoraqalpog‘istonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 480 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha kasallikka chalinganlarning 0,97 foiziga teng deganidir.

Navoiy viloyatida 2 kishida koronavirus aniqlandi. SSV jadvali bo‘yicha viloyatda koronavirusga chalinganlar soni 519 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 1,05 foiziga teng deganidir.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 4 nafar, Toshkent viloyatida 2 nafar, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 61 yoshli X.M. ismli erkak vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 69 yoshli Sh.Sh. ismli erkak vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent viloyati Olmaliq shahrida yashagan 69 yoshli A.X. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashagan 65 yoshli Yu.I. ismli erkak vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 80 yoshli A.K. ismli ayol vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent shahri Yashnobod tumanida yashagan 62 yoshli M.G. ismli ayol vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 409 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 426 nafarni tashkil etmoqda.

SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi. Qashqadaryoda yana bir tibbiyot xodimi, xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida vafot etdi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xususiy klinika mas’ullarining ta’kidlashicha, To‘raqul Xoliqov so‘nggi bir oy davomida koronavirus kasalligidan davolanib kelgan. 16-sentabr kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov 44 yoshda vafot etdi. “Daryo” manbalari uning koronavirusdan davolanayotgan bo‘lganini ma’lum qildi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3279 nafar bemordan 469 nafari og‘ir, 259 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir kun avval ham ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 728 nafarni tashkil etayotgandi. Faqat 15-sentabrda 483 kishining ahvoli og‘ir, 245 kishining ahvoli o‘ta og‘ir edi. Bir kun ichida ahvoli o‘ta og‘irlar soni oshganini ko‘rish mumkin. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlardan 22,2 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi.

Kasallikdan davolanish

16-sentabr kuni O‘zbekistonning 10 ta hududida 416 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi.

Yangi tuzalganlarning

  • 283 nafari Toshkent shahrida;
  • 62 nafari Toshkent viloyatida;
  • 18 nafari Namangan viloyatida;
  • 16 nafari Buxoro viloyatida;
  • 11 nafari Andijon viloyatida;
  • 9 nafari Samarqand viloyatida;
  • 7 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 5 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 3 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 2 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 49 162 nafar bemordan 45 474 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 92 foizni tashkil etmoqda27-avgustdan so‘ng birinchi marta davolanish ko‘rsatkichi 92 foizga tushdi. 5—9-sentabr kunlari davolanish ko‘rsatkichi pandemiya davrida ilk marta 94 foizga chiqqandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 3279 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. Bu so‘nggi 22 kun ichidagi eng yuqori natija. To‘qqiz kun avval davolanishni davom ettirayotgan bemorlar soni 2027 nafarni tashkil etayotgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 2134 nafar. Farg‘onada 10, Navoiyda 12, Qoraqalpog‘istonda 19, Jizzaxda 21, Surxondaryoda 24, Buxoroda 38, Xorazmda 38, Sirdaryoda 45, Qashqadaryoda 70, Andijonda 104, Samarqandda 120, Namanganda 165 va Toshkent viloyatida 479 nafar bemor qoldi.

Namanganda bir kunda 92 kishida koronavirus qayd etilgach viloyat davolanishni davom ettirayotganlar soni bo‘yicha Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqib oldi.