Rossiyada ilk bor bir sutkada 14 mingdan ortiq kishida COVID-19 aniqlandi

Rossiyada 14-oktabrga ko‘ra so‘nggi bir sutka ichida koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 14 231 ta yangi holat kuzatildi, deb xabar bermoqda Meduza, koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtabga tayanib. Bundan bir kun avval kunlik kasallanish ko‘rsatkichi 13 868 nafarni tashkil etgandi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “RIA Novosti”

Mamlakatda koronavirus tarqalishni boshlagan mart oyidan buyon 1 340 409 kishida COVID-19 qayd etilgan. Kunlik kasallanish o‘sishining birinchi cho‘qqisi may oyida, ikkinchisi sentabrda boshlangan. 9-oktabrdan buyon kun davomida aniqlangan yangi kasallanishlar soni bo‘yicha rekord har kuni yangilanmoqda.

Kasallanganlar sonining kunlik o‘sishi bo‘yicha birinchi o‘rinni Moskva (4573), ikkinchi o‘rinni esa Sankt-Peterburg egalladi (602).

13-oktabr kuni sutka davomida COVID-19’dan o‘limlar soni rekord darajaga yetgan. Shu kuni 244 kishi vafot etgan. 14-oktabr kuni ertalab esa tezkor shtab koronavirusga chalingan 239 kishi vafot etganini ma’lum qilgan. Epidemiya davridan buyon Rossiyada umumiy hisobda COVID-19 bemorlarining 23 205 nafari vafot etgan.

Rossiyada pandemiya boshlanganidan buyon 1 039 705 kishi sog‘aygan. Shu jumladan, o‘tgan sutka davomida 7920 kishi tuzalgan.

“Rospotrebnadzor” ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada koronavirusni aniqlash bo‘yicha 436 ta, umumiy hisobda esa 51,8 millionga yaqin test o‘tkazilgan.