Toshkentda yo‘lovchilarga jamoat transportidan foydalanganda tibbiy qo‘lqopda bo‘lish majburiy etib belgilandi

Transport vazirligi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, jamoat transportida turli yuqumli mavsumiy infeksiyalar tarqalishining oldini olish va yo‘lovchilar salomatligini asrash maqsadida Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, yo‘nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqob bilan birgalikda tibbiy qo‘lqopda bo‘lish tartibi joriy etilishini ma’lum qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Daryo”

Shahar jamoat transportidan foydalanganda yo‘lovchilarning sanitariya qoidalari va belgilangan karantin talablariga qat’iy amal qilishlarini ta’minlash maqsadida Transport vazirligining avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta’minlashni nazorat qilish boshqarmasi inspektorlari va huquq-tartibot idoralari vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi tomonidan transport infratuzilma obyektlari va jamoat transportida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.

2020-yilning 19-oktabridan e’tiboran shahar jamoat transportidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqobda, shuningdek, tibbiy qo‘lqopda bo‘lishlari qat’iyan talab etiladi.

Vazirlik Toshkent shahri aholisi va mehmonlarga murojaat qilib shahar jamoat transporti xizmatidan foydalanganda belgilangan karantin talablari va sanitariya me’yorlariga qat’iy amal qilishni so‘ragan.