Turkiyada sayyohlarga komendantlik soatiga amal qilmaslikka ruxsat berildi

Turkiyada xorijlik sayyohlarga 21-noyabrdan boshlab mamlakatda dam olish kunlari amalda bo‘ladigan komendantlik soatiga rioya etmaslikka ruxsat berildi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, Meduza xabar berdi.

Foto: “Vesti.ru”

Turistlar joy band qilinganligi haqida hujjatga ega bo‘lgan taqdirda ularga avtomobilda bir shahardan boshqasiga borishiga ruxsat beriladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Restoranlar va mehmonxonalar mehmonlar uchun odatiy rejimda ishlaydi, aeroportlardagi muassasalar yopilmaydi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 17-noyabr kuni COVID-19 pandemiyasi sababli yangi cheklov choralari joriy etilishini ma’lum qildi.

Turkiyada dam olish kunlari komendantlik soati kechki soat 20:00 dan ertalab soat 10:00 gacha e’lon qilinadi. Savdo markazlari va bozorlarga soat 10:00 dan 20:00 gacha ishlashga ruxsat beriladi, barlar va restoranlar yetkazib berish xizmati uchun ishlaydi.

O‘zbekiston Turkiyadagi elchixonasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, Turkiyada 65 yoshdan katta fuqarolarning ko‘chaga chiqishiga o‘rnatilgan cheklovlar endi 20 yoshdan kichik shaxslarga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Mamlakatda dam olish kunlari uydan chiqishga qisman taqiq joriy etilmoqda. Mamlakat bo‘ylab dam olish kunlari qisman komendantlik soati ham amal qiladi. Aholiga faqat mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 20:00 gacha ko‘chaga chiqishga ruxsat beriladi.

Kinoteatrlar yil oxirigacha yopiq bo‘ladi. O‘yin va sport maydonchalaridan foydalanish taqiqlanadi. Mamlakatdagi barcha sport tadbirlari hozirgi vaqtdagidek tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.

Maktab o‘quvchilari va talabalar uchun masofaviy o‘qish 2020-yil oxirigacha uzaytirilmoqda. Ko‘chada sigaret chekishga taqiq ham o‘z kuchida qoladi.

Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat organlariga epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda qo‘shimcha cheklov choralarini joriy etish huquqi berildi. Xususan, Turkiyadagi koronavirus bilan kasallananishning deyarli yarmi qayd etilgan Istanbul shahri rasmiylari 2020-yil 19-noyabrdan boshlab muzeylar va san’at markazlari, suzish havzalari va konsert zallarini yopmoqda.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga binoan, O‘zbekiston elchixonasi Turkiyada vaqtincha bo‘lib turgan, o‘qiyotgan, mehnat qilayotgan, doimiy yashayotgan yoki ushbu mamlakatga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan ushbu cheklov choralarini hisobga olish, o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lish hamda Turkiya rasmiy idoralarining aholini koronavirus tarqalishidan himoya qilishga qaratilgan barcha talablariga amal qilishga chaqirgan.

Avvalroq Turkiyada 12-noyabrdan odam ko‘p to‘planadigan ko‘chalar va jamoat transportlari bekatlarida sigaret chekish taqiqlangan edi.