Yo‘lovchilarda COVID-19 aniqlangani sababli Xitoy Uzbekistan Airways’ning Sianga parvozlarini to‘xtatdi

Xitoy fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (CAAC) Uzbekistan Airways kompaniyasining Toshkent—Sian yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda Sinxua agentligiga tayanib, Spot xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, parvozlarning to‘xtatilishiga 5-noyabr kuni amalga oshirilgan reysning 11 nafar yo‘lovchisida COVID-19 aniqlangani sabab bo‘lgan. HY501 reysining to‘xtatilishi 23-noyabrdan boshlab to‘rt hafta davom etadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Xitoyning fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi 4-iyun kuni COVID-19 tarqalishining oldini olish uchun xalqaro yo‘lovchi tashishni rag‘batlantirish va to‘xtatib turish mexanizmini joriy qilgan.

Mazkur mexanizmga ko‘ra, agar mamlakatga havo yo‘li orqali yetib kelgan barcha yo‘lovchilarda ketma-ket uch hafta davomida koronavirusga toshirilgan testlar salbiy natija bersa, u holda aviakompaniya parvozlar sonini haftasiga ikkitaga ko‘paytirish uchun ruxsat oladi.

Ammo agar COVID-19 testining javobi ijobiy bo‘lgan yo‘lovchilar soni 5 nafarga yetsa, u holda ushbu reys bir haftaga to‘xtatiladi. Agar bunday yo‘lovchilar soni 10 nafarga yetadigan bo‘lsa, u holda ushbu yo‘nalishdagi parvozlar to‘rt hafta davomida to‘xtatiladi.

Xitoyning fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi Uzbekistan Airways aviakompaniyasi bekor qilingan parvoz kvotalarini boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazishga haqli emasligini ma’lum qilgan.