O‘zbekistonga Erondan juda iliq havo massalari kirib kelib, harorat 15 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda 11-yanvar, dushanba kuni ochiq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, kunduz kuni havo harorati 7—12 daraja iliqqacha isiydi, bu me’yordan 4—5 darajaga yuqoridir. Respublika bo‘yicha iliq havo massalari kirib kelishida ba’zi joylarda shamol 15—20 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

12-yanvar, seshanba kuni respublika hududlarining ko‘p qismida quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, shuningdek, ba’zi joylarda shamol 15—20 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kechasi 2 daraja sovuq—3 daraja iliqni, kunduz kuni 5—10 daraja iliqni tashkil etadi. Faqat respublikaning shimoliy hududlariga Kavkaz hududlaridan salqin va biroz nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining ba’zi joylarida biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin.

13-yanvar, chorshanba kuni havo massalarining kirib kelish fronti sharqqa qarab siljiydi, kechalari Toshkent viloyatida, shuningdek, Toshkent, Namangan viloyatlarining tog‘oldi va tog‘li hududlarining ba’zi joylarida biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi 2 daraja sovuq—3 daraja iliqni, kunduz kuni 3—8 daraja iliqni tashkil etadi, bu iqlimiy me’yorlardan deyarli kam bo‘ladi.

14-yanvar, payshanba kuni O‘zbekistonda yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kechasi 0—5 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi esa ko‘tariladi va 5—10 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

15-yanvar, juma kuni esa respublika bo‘yicha Erondan juda iliq havo massalari kirib kelishi boshlanadi, O‘zbekistonda quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda va havo harorati kechasi 2—5 daraja iliqqacha, ba’zi joylarda ayniqsa sovuq kuchli bo‘ladigan hududlarda 0—2 daraja sovuqqacha, kunduzi 10—15 daraja issiqqacha ko‘tariladi, bu me’yordan 5—7 darajaga yuqoridir.

Butun ish hafta davomida respublikaning ba’zi joylarida tumanlar kuzatiladi.