Shveysariyada 16 kishi koronavirusga qarshi emlangandan so‘ng vafot etdi

Shveysariyaning Swissmedic farmakologiya instituti va milliy dori-darmon regulyatori markaziga koronavirusga qarshi vaksinatsiya boshlangandan buyon, emlashdan so‘ng yuz bergan o‘lim holati to‘g‘risida 16 ta xabar kelib tushdi. Bu haqda regulyator rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi, deb yozmoqda “RBK”.

Foto: “RIA Novosti”

“Garchi emlash va o‘lim vaqtining tasodifan bir-biriga mos kelishiga qaramay, mazkur o‘limlarga vaksina sabab bo‘lganini aniq ko‘rsatuvchi hech narsa yo‘q”, — deyiladi xabarda  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

24-fevral holatiga ko‘ra, Swissmedic koronavirusga qarshi emlashdan so‘ng yuzaga kelgan nojo‘ya holatlar haqidagi 364 ta hisobotni tahlil qilgan. Ulardan 199 tasi Pfizer va BioNTech, 154 tasi Moderna vaksinalari bilan emlanishdan so‘ng kuzatilgan.

“Emlashdan so‘ng 95 ta holatda preparatni qabul qilganlar tibbiy nuqtayi nazardan  ‘jiddiy’ oqibatlarga duch kelgan, ularning bir qismi kasalxonaga yotqizilgan. Bu yerda gap bosh og‘rig‘i, COVID-19 bilan kasallanish va allergik reaksiyalar, shu jumladan, anafilaktik shok haqida bormoqda”, — deb xabar beradi Swissmedic.

Shikoyatlarning taxminan 74 foizi  “jiddiy emas” deb tasniflangan. Ushbu holatlarda shprits o‘rnida qizarish, shish va qichishish, shuningdek, bosh og‘rig‘i, isitma hamda titroq haqida shikoyat qilingan.

Shu bilan birga, Swissmedic COVID-19 vaksinasining foydasi potensial xavfdan ustunligini ta’kidlagan.

Avvalroq Gretsiya COVID-19’ga qarshi emlanganlarda jiddiy asoratlar kuzatilgani va 85 yoshli erkak COVID-19’ga qarshi emlanganidan keyin vafot etgani haqida xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, emlashdan sakkiz daqiqa o‘tgach, erkak hushidan ketgan. Unga yurak-o‘pka reanimatsiyasi (massaji) bilan birinchi yordam berilganidan so‘ng besh daqiqa davomida o‘ziga kelgan, ammo yana hushidan ketgan.

Norvegiyada esa Amerikaning Pfizer kompaniyasi va uning Germaniyadagi sherigi BioNTech tomonidan ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi vaksina bilan emlangan ikki kishi vafot etgan. Norvegiya dori vositalari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ikkala qurbon ham qariyalar uylaridan birida yashagan.

Shuningdek, AQShda 21-yanvar kuni  COVID-19’ga qarshi emlangan bemor oradan bir necha soat o‘tib vafot etgani haqida xabar berilgandi. Uning vafoti yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tekshiruv boshlagan.

Isroilda esa koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan 13 kishida vaqtinchalik yuz falaji yuzaga kelgan. Bemorlardan birining ma’lum qilishicha, u emlanganidan bir necha daqiqa o‘tib, iyagi va og‘zida g‘alati hissiyotni sezgan.