APLda London derbisi, La Liga va Bundesligada yetakchilar to‘qnashuvi, A Seriyada Shomurodov jamoasi “Inter”ga qarshi. Uikendning markaziy o‘yinlari

Yakunlanayotgan haftada Yevropaning top-5 chempionatlarida bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar anonsi bilan tanishing.

APL. London derbisida “Vest Hem” “Chelsi”ga qarshi, “Arsenal” Liverpulda mehmon bo‘ladi, Ralf Rangnik “Manchester Yunayted”da debyut qiladi

Foto: Getty Images

“Vest Hem” — “Chelsi”, 4-dekabr, 17:30

“Vest Hem” ortda qolgan 14 turdan so‘ng APL jadvalida 24 ochko bilan 4-o‘rinda joylashgan. Noyabr oyi boshida Devid Moyes shogirdlari “Liverpul” ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Shundan so‘ng “Vulverhempton” va “Manchester Siti”ga mag‘lub bo‘ldi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Dekabr esa “Brayton”ga qarshi durang natija bilan boshlandi. “Vest Hem” APL doirasidagi uy o‘yinlarida muntazam ravishda gol o‘tkazib yubormoqda. Faqatgina “Tottenhem”ga qarshi 9-turda 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.

“Chelsi” Angliya Premyer Ligasi yetakchisi. “Ko‘klar” hisobida 14 turdan so‘ng 33 ochko mavjud. Hafta o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oxirgi turda “Chelsi” “Uotford” ustidan 2:1 hisobida qiyin g‘alabaga erishdi. Tomas Tuxel shogirdlarining mag‘lubiyatsiz seriyasi 12 ta o‘yinga yetdi (9 ta g‘alaba va 3 ta durang). Jamoa oxirgi marta 29-sentabr kuni Chempionlar Ligasida “Yuventus”ga qarshi o‘yinda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi.

Qolgan uchrashuvlar: 

4-dekabr, shanba

“Nyukasl” — “Byornli”, 20:00

“Sauthempton” — “Brayton”, 20:00

“Vulverhempton” — “Liverpul”, 20:00

“Uotford” — “Manchester Siti”, 22:30

5-dekabr, yakshanba

“Lids” — “Brentford”, 19:00

“Manchester Yunayted” — “Kristal Pelas”, 19:00

“Tottenhem” — “Norvich”, 19:00

“Aston Villa” — “Lester”, 21:30

6-dekabr, dushanba

“Everton” — “Arsenal”, 01:00

La Liga. “Barselona” “Betis”ni sinovdan o‘tkazadi, turning markaziy uchrashuvida “Real Madrid” “Real Sosyedad”ga qarshi bahs olib boradi

Foto: Getty Images

“Barselona” — “Betis”, 4-dekabr, 20:15

“Barselona” La Liga musobaqa jadvalida 23 ochko bilan 7-o‘rinda bormoqda. Oxirgi turda kataloniyaliklar “Vilyarreal” ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Hozircha Xavi jamoaga o‘z uslubini singdirishda davom etyapti, ispaniyalik mutaxassis qo‘l ostida “Barselona” mag‘lubiyatga uchramadi: 2 ta g‘alaba va 1 ta durang.

Jamoa Ispaniya chempionatining uy uchrashuvlarida 8 o‘yinning beshtasida g‘alaba qozondi. “Kamp Nou”dagi ikki o‘yinda gol o‘tkazib yubormagan.

15 o‘yindan so‘ng 27 ochko jamg‘argan “Betis” 5-pog‘onada joylashgan. Manuel Pellegrini jamoasi mavsumning birinchi davrasini ko‘tarinki ruhda o‘tkazmoqda: oxirgi 10 turda 7 ta g‘alabaga erishdi. Noyabr oyida Sevilya jamoasi “Elche” va “Levante”ni mag‘lub etdi.

“Betis” Ispaniya chempionatining so‘nggi 5 o‘yinida 17 ta golni o‘z darvozasidan olib chiqdi.

“Real Sosyedad” — “Real Madrid”, 4-dekabr, 01:00

“Real Sosyedad” 15 o‘yindan so‘ng La Liga jadvalida 3-o‘rinni egallab turibdi. Hozir basklar hisobida 29 ochko mavjud. Jamoa musobaqa yetakchisi “Real”dan 7 ochko orqada, 2-o‘rindagi “Atletiko”dan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga ortda qolmoqda.

O‘tgan turda “Real Sosyedad” mehmonda “Espanyol”ga kichik hisobda imkoniyatni boy berdi. Unga qadar jamoa ketma-ket 13 turdan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgandi.

“Real Sosyedad” Ispaniya chempionatining uy o‘yinlarida biror marta mag‘lub bo‘lmadi (4 g‘alaba va 3 durang).

“Real Madrid” — Ispaniya chempionati yetakchisi. “Qirollik klubi” hisobida 36 ochko mavjud. Madridliklar 10 o‘yindan buyon mag‘lub bo‘lmayapti. O‘tgan haftada Karlo Anchelotti shogirdlari Vinisius Juniorning goli evaziga “Sevilya” ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Oxirgi turda esa “Atletik” taslim etildi. Bu safar Karim Benzemaning goli “qaymoqranglilar” joniga oro kirdi.

“Real” La Liganing mehmondagi 8 o‘yinining 6 tasi g‘alaba qozondi.

Qolgan uchrashuvlar:

4-dekabr, shanba

“Sevilya” — “Vilyarreal”, 18:00

“Atletiko” — “Malyorka”, 22:30

5-dekabr, yakshanba

“Rayo Valyekano” — “Espanyol”, 18:00

“Elche” — “Kadis”, 20:15

“Levante” — “Osasuna”, 22:30

“Selta” — “Valensiya”, 01:00

6-dekabr, dushanba

“Xetafe” — “Atletik”, 01:00

A Seriya. Eldor Shomurodov jamoasi “Inter”ga qarshi, Shevchenko qarshisida jiddiy sinov: “Jenoa” “Yuventus” mehmoni bo‘ladi

Foto: Getty Images

“Roma” — “Inter”, 4-dekabr, 22:00

“Roma” oxirgi turda “Bolonya”ga mag‘lub bo‘ldi (0:1), shunda ham jamoa 25 ochko bilan 5-o‘rinda turibdi. Rimliklar hujumda samarali o‘yin namoyish etmoqda — 24 ta urilgan gol. Undan tashqari Joze Mourinyo shogirdlari kam gol o‘tkazib yuborish bo‘yicha ligada top-3 likka kiradi — 15 ta gol.

“Inter” bilan oxirgi ikki o‘yinda “Roma” kamida 2 ta gol urgan. “Roma” tarkibida Feliks Afena-Gyan, Gonsalo Vilyar, Brian Kristante, Lorenso Pellegrini va Leonardo Spinatssola o‘ynamaydi.

“Inter” 31 ochko bilan musobaqa jadvalida 3-o‘rinni egallab turibdi. “Nerazzurilar” chempionatdagi eng sermahsul jamoa hisoblanadi. Ularning hisobida 34 ta gol mavjud. Oxirgi 10 o‘yindan buyon milanliklar 2 tadan kam gol urmayapti.

Simone Inzagi shogirdlari A Seriyaning amaldagi chempioni va ular ochko yo‘qotmaslik uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi. Matteo Darmian, Stefan de Vrey, Aleksandr Kolarov, Andrea Ranokkiya va Kristian Eriksen “Inter”ga yordam bera olmaydi.

Qolgan uchrashuvlar: 

4-dekabr, shanba

“Milan” — “Salernitana”, 19:00

“Napoli” — “Atalanta”, 00:45

5-dekabr, yakshanba

“Bolonya” — “Fiorentina”, 16:30

“Spetsiya” — “Sassuolo”, 19:00

“Venetsiya” — “Verona”, 19:00

“Sampdoriya” — “Latsio”, 22:00

“Yuventus” — “Jenoa”, 00:45

6-dekabr, dushanba

“Empoli” — “Udineze”, 22:30

“Kalyari” — “Torino”

Bundesliga. Germaniyada yetakchilar to‘qnashuvi: “Borussiya D” “Bavariya”ga qarshi, “Bayer” kuchli uchlikda qolish uchun kurash olib boradi

Foto: Getty Images

“Borussiya D” — “Bavariya”, 4-dekabr, 22:30

Dortmundliklar yetakchidan bir ochko ortda qolgan holda musobaqaning 2-pog‘onasidan joy olgan. Ularning hisobida 30 ochko bor. “Borussiya D” oxirgi 10 turning 8 tasida g‘alaba qozondi. Biroq Marko Roze shogirdlari “Borussiya M” va “Leypsig”ga imkoniyatni boy berdi.

So‘nggi turda esa “Volfburg” 3:1 hisobida taslim etildi. “Borussiya” safida uzoq muddatli jarohatdan so‘ng safga qaytgan Erling Holand ham o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi.

“Bavariya” 31 ochko bilan Bundesliga peshqadami bo‘lib turibdi. Myunxenliklar Chempionlar Ligasidan farqli ravishda Germaniya chempionatida bir necha bor mag‘lub bo‘ldi. Oktabr oyida sensatsion tarzda “Ayntrax”ga imkoniyatni boy berdi, noyabr o‘rtasida esa kutilmaganda “Augsburg” “Bavariya”dan 3 ochkoni tortib oldi.

So‘nggi turda “Alyans Arena”da “Arminiya” 1:0 hisobida taslim etildi.

Qolgan uchrashuvlar:

4-dekabr, shanba

“Arminiya” — “Kyoln”, 19:30

“Augsburg” — “Boxum”, 19:30

“Mayns” — “Volfsburg”, 19:30

“Hoffenhaym” — “Ayntraxt”, 19:30

“Bayer” — “Groyter”, 19:30

5-dekabr, yakshanba

“Shtutgart” — “Gerta”, 19:30

“Borussiya M” — “Frayburg”, 21:30

Liga 1. “PSJ” “Lans” mehmoni bo‘ladi, “Lion” “Bordo” bilan bahs olib boradi

Foto: Getty Images

“Lans” — “PSJ”, 4-dekabr, 01:00

Parijliklar 41 ochko bilan Fransiya chempionatida yakkapeshqadam bo‘lib turibdi. Ikkinchi o‘rindagi “Marsel” 12 ochko ortda qolmoqda.

So‘nggi turda “PSJ” kutilmaganda “Nitssa” bilan durang o‘ynadi. Pochettino shogirdlari barcha musobaqalardagi oxirgi 5 o‘yinning 3 tasida g‘alaba qozondi, bittasida durang natija qayd etilgan bo‘lsa, yana birida mag‘lubiyatga uchradi.

“Lans” 26 ochko bilan kuchli beshlikni yakunlab bergan. Jamoa oxirgi 3 o‘yindan buyon g‘alaba qozona olmayapti. “Brest”ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyat (0:4), “Anjer” (2:2) va “Klermon”ga (2:2) qarshi bahslar durang natija bilan yakunlandi.

Qolgan uchrashuvlar: 

4-dekabr, shanba

“Marsel” — “Brest”, 21:00

“Lill” — “Trua”, 23:00

5-dekabr, yakshanba

“Sent-Etyen” — “Renn”, 17:00

“Loryan” — “Nant”, 19:00

“Monako” — “Mets”, 19:00

“Reyms” — “Anjer”, 19:00

“Nitssa” — “Strasbur”, 21:00

“Bordo” — “Lion”, 00:45