Latifa (Gapning tuzi…)

Bir kuni oziq-ovqat do‘koniga xaridor kiribdi-yu, do‘kondagi maxsulotlarni bir-boshdan ko‘zdan kechira boshlabdi. Oxiri, sotuvchining sabri tugab, debdi:

— Kechirasiz, qidirayotgan narsangizni nomini aytsangiz, biz sizga tezroq topishda yordamlashgan bo‘lardik…

Shunda xaridor do‘kon peshtaxtalaridan boshini ko‘tarib, debdi:

— Sizlarda tuz bormi?

— Xa, bor!

— Qanaqa tuz?

— Osh tuzi. Lekin chorva mollari uchun tuz izlayotgan bo‘lsangiz…

— Yo‘q — debdi xaridor sotuvchining gapini shartta bo‘lib, — Men «gap»ning tuzini izlayapman!

Sotuvchi xam, gapga ustaroq ekan, bo‘sh kelmabdi:

— Siz aytayotgan tuzni topishni iloji bor, faqat buyurtma berish kerak!

— Buyurtma bering bo‘lmasa, nimani kutyapsiz? — debdi xaridor jiddiy oxangda.

— Albatta shunday qilamiz. Faqat buyurtmani berishdan avval bitta kichkinagina muammo bor. Siz bizga o‘sha tuzsiz gapingizdan «na’muna» olib keling. Qarabsizki, masala xal. Siz tuzga ega bo‘lasiz, biz esa pulga ega bo‘lamiz! — debdi sotuvchi jilmayib.

© MUALLIF