Doim diqqat markazida bo‘ladigan yulduzlarning hammasi ham e’tiborni yoqtiravermaydi. Kasbi shuni talab qilsa-da, sahna va omma oldiga chiqishdan qo‘rqadigan shou-biznes vakillari ham yo‘q emas  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Amanda Seyfrid

Foto: TV.ua

Amanda ro‘yxatimizdagi boshqa yulduzlar singari sahnadan qo‘rqadigan yulduzlardan. Seyfrid intervyulardan birida ta’kidlashicha, sahnada namoyon bo‘lish haqidagi o‘yning o‘zi uni asabiylashishiga sababchi bo‘ladi. Shunga qaramay, teatrda rol ijro qilish uning eng azaliy orzularidan biri bo‘lgan. 2015-yilda The Way We Get By spektaklida rol ijro qilib niyatiga erishgan aktrisa boshqalarni qo‘rquvlaridan qochmaslik, aksincha ular bilan kurashishga chaqiradi.

Benedikt Kamberbetch

Foto: Milliyet

Zamonaviy Sherlok Xolms sifatida ma’lum bo‘lgan britaniyalik aktyor omma oldida chiqish haqida o‘ylashi bilanoq yuragi taka-puka bo‘ladi. Benediktning o‘zi ushbu muammo haqida intervyularda og‘iz ochmagani bilan do‘stlaridan biri aktyor sahnaga chiqishdan avval jiddiy hayajonlanishi va xavotirga tushishini ta’kidlagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, har gal “Frankenshteyn” spektakli namoyishidan avval aktyor o‘zini juda yomon his qiladi, lekin professionallarga xos ravishda buni tomoshabinlarga sezdirmaydi.

Megan Foks

Foto: Cosmopolitan

Go‘zalligidan o‘ziga ishongandek tuyuladigan Meganda shunday qo‘rquv bor deb, kim ham o‘ylabdi deysiz? Foks o‘zi ham Gollivud yulduzi bo‘lishiga qaramay, mashhurlar orasida o‘zini noqulay his qilishini bir necha marta tan olgan. Sahna va teatrda rol ijro qilish haqida-ku gapirmasa ham bo‘laveradi. Megan teatr haqida gap ketganda, unda rol ijro qilish uchun qo‘rqmas va jasur bo‘lish kerakligini, birgina nojo‘ya harakat bilan boshqa aktyorlar mehnatini ham yo‘q qilish mumkinligi, eng dahshatlisi — qayta dubl bo‘lmasligini aytadi.

Adel

Foto: Peopletalk

Iste’dodi va hech kimga o‘xshamagan ovozi bilan ajralib turadigan britaniyalik xonanda Adel dunyo bo‘ylab konsert turlari kamdan kam uyushtirilishi sababini omma oldida ta’rifga til ojiz darajada qo‘rquvni his qilish bilan izohlaydi. Amsterdamdagi konsert oldidan xavotirdan qochib ketgani, Bryusseldagi konsertda muxlislar ko‘z o‘ngida ko‘ngli aynigani esa qo‘shiqchi bu borada hazillashmayotganidan darak.

Keti Perri

Foto: Peopletalk

Ushbu ro‘yxatda bo‘lishiga ishonish qiyin bo‘lgan yana bir san’at vakillaridan biri Keti Perri hisoblanadi. Yulduzni omma oldida nutq so‘zlarini esdan chiqarib qo‘yishi mumkinligi haqidagi o‘ylar qiynaydi.

Jim Kerri

Foto: Addicted 2 Success

Aktyor karyerasining ilk yillarida omma oldida chiqish qo‘rquvidan xalos bo‘lish uchun kurashgan. Jimda bunday qo‘rquv paydo bo‘lishi uning 15 yoshida yuz bergan voqea bilan bog‘liq. Stand-up komik sifatida ishlashni boshlagan Kerrining chiqishlaridan biri muvaffaqiyatsiz yakun topadi, hatto boshlovchi tomonidan ham juda zerikarli deb baholangan chiqishdan keyin bo‘lajak aktyor ikki yilgacha sahnaga qadam qo‘yish haqida o‘ylab ham ko‘rmagan. O‘tgan bir qancha yillar, o‘z sohasida erishilgan mashhurlikka qaramasdan, Jimni hali-hanuz yoshlikdan qolgan qo‘rquv tark etmagan.

От qwert.uz