Koʼlning suvi juda sof,
Qamishga toʼla atrof.
Koʼlda suzar laylaklar,
Koʼl ichra — qurbaqalar.
Laylaklardan bittasi,
Kichigimi, kattasi,
Xiyla yoʼlini topdi,
Suvda xar tomon chopdi.
Qurbaqani chaqirdi,
Eshitsin deb baqirdi:
Dedi: «Doʼstim qurbaqa,
Suvdan chiqqin bu yoqqa.
Olib keldim oʼyinchoq,
U bizga zoʼr ovunchoq.
Suvdan chiqsang ikkimiz,
Toʼyib- toʼyib oʼynaymiz.
Soʼzimga ishon faqat,
Gaplarim chin xaqiqat!».
Bu gapga tushib laqqa,
Suvdan chiqdi qurbaqa.
Dedi: «Qani oʼyinchoq,
Qani oʼsha ovunchoq?».
-«Uni qoʼydim qirgʼoqqa,
Qaragin oʼsha yoqqa!».
-«Qiziqmisan, laylakjon,
Nega soʼzlaysan yolgʼon?
Xech narsa yoʼq qirgʼoqda!»
-«Oʼzing yaxshilab boq-da,
E-xa, qurbaqa, uzr,
Boʼying pakana axir!
Tumshugʼimga chiq oʼrtoq,
Chiqib, qirgʼoq tomon boq.
Oʼyinchoqni koʼrarsan,
Ishonch xosil qilarsan!».
Ishonib bu gapiga,
Chiqibdi tumshugʼiga.
Umidvor oʼyinchoqqa,
Qaradi u qirgʼoqqa.
Dedi: «Аldabsan meni,
Oʼsha oʼyinchoq qani?».
Bu gapdan laylak kuldi:
-«Koʼnglimdagi ish boʼldi,
Tushib qolding tuzoqqa,
Borolmaysan uzoqqa.
Senda yoʼq ortiq gapim,
Seni yeyish maqsadim!».
Qurbaqa tez oʼyladi,
«Reja» qilib, soʼyladi:
«Bilasanmi, laylakvoy,
Endi xolimizga voy!
Xov qirgʼoqda ovchilar,
Bizni moʼljalga olar!».
Jon shirinda laylakka,
Koʼtarildi falakka.
Qurbaqa shu zaxoti,
Oʼzini suvga otdi.
Qurbaqa xursand boʼlib,
Dushmanidan qutulib,
Suzib, oʼynardi suvda,
Laylak esa xavoda,
Bilgach uning xiylasin,
Bilmasdi ne qilishin.
Qurbaqa der: «Xoʼsh, qalay,
Xiyla boʼladi bunday!
Nega xafa boʼlasan,
Ekkaningni oʼrasan.
Xiylangga qildim xiyla,
Toshingni ter, bor oʼyna!».
Qurbaqa aytib shuni,
Suvga urdi oʼzini.
Moʼltirar laylak xayron,
Shu bilan ertak tamom!…
Abdulla Pulatov
- Materiallar faqat shaxsiy maqsadlarda foydalanish uchun: Materiallardan tijorat maqsadlarida foydalanish, tarqatish qonun bilan taqiqlanadi.
- «Mualliflik xuquqi va turdosh xuquqlar to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni: № 42 son, 20 iyun. 2006 yil.
© MUALLIF