Shu yilning 4-avgust kuni Livan poytaxti Bayrut shahrida kuchli portlash yuz bergan edi va butun dunyoning nigohi bir zum ushbu mamlakatga qaratildi. Bundan yuz yil oldin, 1920-yil 1-sentabr kuni Usmonli imperiyasining hududlari qayta taqsimlanish paytida Katta Livan davlati tashkil etildi. “Daryo” sana munosabati bilan Livan davlatining tarixi va buguni haqida hikoya qiladi.
Foto: Wikimedia
Fransuz mandatidagi Katta Livan davlati
Livan hududi o‘z mavjudligi davomida bir nechta davlatlar tarkibida va ularning hukmi ostida yashab keldi. Forslar, ossuriyaliklar, yunonlar, rimliklar, armanlar, Vizantiya imperiyasi, arablar, saljuqiylar, mamluklar, salibchilar, Usmonli imperiyasi va fransuzlar bu hudud ustidan asrlar davomida birin-ketin hukmronlik qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
1914–1918-yillarda davom etgan Birinchi jahon urushi natijasida mag‘lub bo‘lgan Usmonli saltanati tanazzulga yuz tutdi va uning hududlari tarqatib yuborildi va o‘rniga bir nechta davlatlar tashkil etildi. Usmonlining Damashq va Bayrut viloyatlariga to‘g‘ri keladigan Lubnon hududi Millatlar Ligasi tomonidan taqdim etilgan Fransiya mandatiga berildi. 1916-yilgi “Sayks-Pikot” maxfiy shartnomasiga ko‘ra, urush tugaganidan keyin Usmonlining arab jo‘g‘rofiyasi Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasida taqsimlanishi kerak edi. Fransuz generali Shom masalalari bo‘yicha oliy komissar Anri Gurod 1920-yil 1-sentabr kuni Katta Livan davlati tashkil etilganini e’lon qildi.
1926-yilda Livanda ilk konstitutsiya qabul qilindi va davlat respublika deb e’lon qilindi. Endi Katta Livan davlati Livan Respublikasi nomini oldi. O‘zining prezidenti va vazirlar kengashi raisiga ega bo‘ldi. Livanni har tomonlama rivojlantirish vazifasini olgan Fransiya mamlakatni mustaqillikka tayyorlashi lozim edi. 1915-yildan 1918-yilgacha Livanda 120 mingdan 200 minggacha aholi (aholining uchdan bir qismi) chigirtkalar galasining yopirilishi va Antanta ittifoqining qo‘ygan iqtisodiy blokadasi natijasida kelib chiqqan ochlikdan qirilib ketdi.
Urushdan keyin Livan iqtisodiy jihatdan abgor ahvolga kelib qolgan edi. Fransiya esa mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklashga majbur edi. Iqtisodiyotning muhim sektorlariga investitsiyalar jalb etildi. Infrastruktura yaxshilandi va Livan xalqaro bozorga chiqa oldi. Ta’lim sohasida ham yaxshi o‘zgarishlar amalga oshirildi. Fransuz tili arab tili bilan birgalikda rasmiy til sifatida faoliyat yurita boshladi va bu 1943-yilgacha davom etdi. Ammo fransuz tili baribir o‘z ahamiyatini saqlab qola oldi. Hozirga kelib aholining 45 foizini frankofonlar tashkil qiladi.
Livanning bugungi kundagi siyosiy tizimi ham aynan Fransiya mandati paytida shakllangan edi. 1926-yilgi konstitutsiyaga muvofiq mandatchilar bilan birgalikda 17 konfessiya vakillaridan iborat Maslahat kengashi ham tashkil etilgan edi. Respublikada hokimiyat ushbu konfessiyalar o‘rtasida taqsimlandi. Eng muhim lavozimlar demografik jihatdan ko‘pchilikni tashkil etadigan konfessiya vakillariga berildi.
Livan mustaqilligi va siyosiy tizimi
Livan 1943-yilga kelib mustaqil davlat deb e’lon qilindi va mamlakat eski boshqaruv shaklini saqlab qoldi. Livanning 1943-yildan 1975-yilgacha bo‘lgan davri uning eng gullab yashnagan davri sifatida talqin etiladi. Erkinlik indeksi bo‘yicha ham Livan Freedom House talqiniga ko‘ra, 1975-yilgacha Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasidagi ikki erkin davlatdan biri (ikkinchisi Isroil) sifatida e’tirof etilgan.
Foto: Google Photos
Livan konfessional xarakterga ega bo‘lgan parlamentar demokratik respublika hisoblanadi. Mamlakat prezidenti parlament tomonidan saylanadi va nasroniy maronitlardan tanlanadi. Uning vakolatlari cheklangan bo‘lib, asosiy vakolatlar vazirlar kengashining qo‘lida jamlangan. Mamlakat bosh vaziri musulmon sunniylardan bo‘lib, u parlament deputatlari va raisi oldida hisob beradi. Parlament raisi esa shia musulmonlaridan tayinlanadi. Bosh vazir o‘rinbosari va hukumat matbuot kotibi pravoslav nasroniylari orasidan tayinlanadi. Parlamentda 128 deputatlik o‘rni mavjud bo‘lib, nasroniylar va musulmonlar o‘rtasida taqsimlangan va deputatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.
Livan inqirozining boshlanishi
Yuqorida aytib o‘tilganidek, Livan 1975-yilgacha, ya’ni mamlakatda fuqarolar urushi boshlanguncha barqaror rivojlanayotgan davlatlardan biri edi. Mamlakatda turizm, qishloq xo‘jaligi, bank va moliya tizimi rivojlandi. Livan Yaqin Sharqning Shveysariyasi edi.
Ammo shu yillarda mamlakatda bir qator ichki ijtimoiy ziddiyatlarga, shuningdek, Isroil davlatining tashkil etilganidan keyingi oqibatlar bilan to‘qnashishga majbur bo‘ldi. 1948-yildan boshlab 120 ming nafar falastinlik qochoq Livan hududiga qochib o‘tdi. Mamlakat Isroil-Falastin maummosining asosiy ishtirokchilaridan biriga aylanib qoldi. Livandagi 1975–1990-yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushi mamlakatni yana abgor holatga olib keldi. Urush yillarida mamlakatda 170 ming aholi halok bo‘ldi. Mazkur fuqarolar urushi mamlakatning siyosiy va iqtisodiy inqirozlar girdobiga kirib qolishiga sabab bo‘ldi.
Mamlakatni inqirozga olib kelgan sabablardan yana biri davlatdagi jamoaviy nizolardir. Livanda o‘ndan ziyod diniy konfessiya jamoalari mavjud bo‘lib, ular o‘rtasidagi nizolar zamonaviy Livan tarixini belgilab beradi. Ular o‘rtasidagi nizolar dastlab hukmronlik uchun kelib chiqsa, keyingi sabab falastinlik qochoqlarning assimilyatsiyasidir.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatda 450 mingdan ziyod falastinlik qochoq 40 dan ziyod hududda istiqomat qiladi. Ularning ba’zilari Falastinga qaytishni istasa, qolganlari fuqarolik olish ilinjida. Falastinliklarga fuqarolik berilishi to‘rt million aholiga ega Livanda demografik o‘zgarishlar keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa sunniylar sonining oshishiga olib keladi hamda nasroniy va shialarning noroziligiga sabab bo‘ladi.
Falastinliklarning integratsiyasi ishsizlik darajasiga ham ta’sir qilishi livanliklarni tashvishga solayotgan muammolardan biridir. Shundoq ham ishsizlik bilan bog‘liq holatlar juda yuqori. Fuqarolik urushi yillarida shialar ikki guruhga bo‘linib ketdi va Hizbulloh guruhi tashkil topdi. Migrantlar muammosi 2011-yilgi Suriya fuqarolar urushi natijasida yanada kuchaydi va Assad zulmidan qochgan sunniy musulmonlar Livandan boshpana izlab keldi. Bu esa jamoaviy nizolarni yanada keskinlashtirib yubordi.
Isroil hujumlariga qarshi qurollantirilgan Hizbulloh mamlakatdagi yangi nizolarning markazi bo‘lib kelmoqda. Tashkilot mamlakatdagi shialarning eng yaxshi himoyachisi sifatida ko‘riladi va davlat boshqaruvida katta nufuzga ega.
Foto: Google Photos
2005-yilning 14-fevral kuni mamlakat bosh vaziri Rafiq Hariri o‘ldirib ketildi va bu yangi mojarolarga olib keldi. Mamlakatda “Kedr inqilobi” yuz berdi. Inqilob paytida yangi allians tuzildi. Unga “14-mart” nomi berildi. Alliansga kirgan partiyalarning vakillari Suriyaning mamlakatdagi 1975-yildan buyon davom etayotgan mavjudligiga qarshi edi va Suriya kuchlarining mamlakatni tark etishini talab qilayotgan edi. Shu munosabat bilan 14-mart kuni Bayrutda 1,3 million kishi norozilik namoyishiga chiqqan edi.
Shu yildan keyin mamlakat bir nechta siyosiy inqirozlarni boshdan kechirdi, xususan, 2008-yil va 2014–2016-yillarda. Shu bilan birga, Livan mintaqaviy muammolarga ham aralashishiga to‘g‘ri keldi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotiga ham jiddiy ta’sir qila boshladi. Ishsizlik darajasi oshib bordi, mamlakat pul birligi qadrsizlanib ketdi.
Livanda hozirgi vaziyat qanday?
Mamlakatdagi hozirgi iqtisodiy va siyosiy inqiroz juda chuqur ildiz otgan. Fransiyaning Monten tadqiqotlar instituti mutaxassisi Anna Gadelning fikricha, iqtisodiy jihatdan Livandagi vaziyat misli ko‘rilmagan darajada yomonlashdi. FVF hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020-yilgi iqtisodiy pasayish YIMning 10 foizi miqdorida belgilangan. Ishsizlik darajasi faol aholining 35 foizini qamrab olgan va bu yil oxiriga borib yanada o‘sishi mumkin. Davlat qarzi YIMning 170 foizini tashkil qiladi. Mart oyiga kelib mamlakat qarzlarini to‘lay olmasligini ma’lum qildi va bankrotlik e’lon qildi. Shuningdek, hukumat budjet mablag‘larini moliyalashtira olmayapti.
Livan pul birligi o‘z qadrini 80 foizga yo‘qotdi va iyun oyiga kelib inflyatsiya darajasi 150 foizni tashkil qildi. Mamlakatda umumiy tushkunlik holati hukm surmoqda. Kichik biznesdan tortib makroiqtisodiyotgacha tushkunlik holatida.
Qisqa qilib aytganda, Livandagi iqtisodiy inqirozga biror yechim topilmasa mamlakat xavfli alternativlar qarshisida qoladi: Livan mamlakatni abgor ahvolga olib kelgan oilalar boshqaradigan xususiy banklar yoki mamlakat infrastrukturasiga investitsiya kiritishni ko‘zlayotgan Xitoy tomonidan privatizatsiya qilinishi mumkin.
Livandagi ijtimoiy hayot ham havas qilarli darajada emas. Mamlakatda 50 foiz aholi kambag‘allikdan past darajada, 20 foiz aholi esa o‘ta qashshoqlikdan past darajada yashaydi. Mamlakatdagi o‘rta qatlam inqirozdan eng ko‘p jabr ko‘rgan qatlam bo‘lib turibdi. O‘qituvchilar, injenerlar, davlat xizmatchilari oziq-ovqatga muhtoj qatlamga aylanib qolgan. Bunday qatlam “yangi kambag‘allar” qatlami deb atalmoqda.
Foto: AFP
Mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz siyosiy inqirozni ham keltirib chiqardi. 2019-yil kuzda yuz bergan norozilik namoyishlari ortidan Saad Hariri hukumati iste’foga chiqdi. Ammo yangi hukumat ham inqirozdan chiqishga qodir bo‘lmadi. Hasan Diab hukumati taklif qilgan islohotlar parlamentning ko‘pchilik qismi tomonidan qabul qilinmadi.
Pandemiya esa Livandagi vaziyatni yanada izdan chiqardi. Shu bilan birga, 4-apreldagi Bayrut portida yuz bergan portlash vaziyatni butunlay izdan chiqardi va xalq norozilik namoyishlarini qaytadan boshladi. Natijada, 8-avgust kuni Hasan Diab muddatidan oldin saylovlar bo‘lib o‘tishini e’lon qildi va 10-avgust kuni hukumatning iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. Masalaga Fransiyaning aralashuvi vaziyatni izga solishga turtki berishi mumkin.
Fransiya esa Livan hukumatiga islohotlar o‘tkazish bo‘yicha bosim qilmoqda. Aks holda yordam bermaslik bilan tahdid qildi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Bayrut portlashidan keyin ikki marta, 6-avgust hamda 1-sentabr kunlari mazkur mamlakatga tashrif buyurdi. Livanning yuqori martabali kishilari bilan uchrashuvdan tashqari, Makron Katta Livan tashkil topganining 100 yillik tantanalarida ham ishtirok etgan.
Jahongir Ostonov tayyorladi.