O‘zbekiston Prezidenti farmoniga binoan, 2021-yil 1-yanvardan boshlab shaxsni raqamli identifikatsiya qilishning yagona tizimi joriy qilinmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

ID-kartaning old tomoni.

Foto: IIV matbuot xizmati

Unga ko‘ra, biometrik pasportlar o‘rniga O‘zbekiston fuqarosining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlaydigan elektron tashuvchi qurilmaga ega hujjat sifatida ID-karta joriy etilmoqda.

Biometrik pasportlar hamda yashash guvohnomalari ID-kartalarga quyidagi muddatlarda almashtiriladi:

  • Birinchi bosqich — 2021-yil 1-yanvardan 2022-yil 31-dekabrgacha ixtiyoriylik asosida (16 yoshga to‘lganda yoki qonunchilikda ko‘rsatilgan boshqa sabablarga ko‘ra);
  • Ikkinchi bosqich — 2023-yil 1-yanvardan 2029-yil 31-dekabrgacha majburiy tartibda.

O‘zbekiston fuqarosining 2011-yil namunasidagi biometrik pasporti 2030-yil 1-yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.

ID-kartalarni olish va almashtirish uchun O‘zbekiston fuqarosi xohlagan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat qilishi mumkin.

Hozirgi biometrik pasportlarni rasmiylashtirish muddati 10 ish kuni bo‘lgan bo‘lsa, ID-kartalarni rasmiylashtirish 1 ish kunida amalga oshiriladi.

ID-karta quyidagi muddatlarga beriladi:

  • Yangi tug‘ilgan bolaga bir yoshgacha — 2 yil muddatga;
  • Bir yoshdan 16 yoshgacha — 5 yil muddatga;
  • 16 yoshdan boshlab — 10 yil muddatga.

ID-kartani rasmiylashtirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizi, ya’ni 2020-yil 22-sentabr holatiga 198 470 so‘m miqdorida to‘lov undiriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati 2020-yil 6-mart kuni “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilgandi.

От qwert.uz