Tarixda so‘nggi salib yurishi deya hisoblangan Nikopol jangi 1396-yilning 25-sentabr kuni Usmonli imperiyasi hamda Vengriya boshliq Yevropa salibchilarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘ydi. Jang yakunida Usmonli imperiyasi g‘alaba qozondi va Bolqondagi o‘zining pozitsiyasini mustahkamladi, Bolqonda islom dini tarqalishiga tamal toshlarini qo‘ydi. “Daryo” sanan munosabati bilan quyidagi maqolada jang tafsilotlari haqida hikoya qiladi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Google Photos

Salib yurishiga tayyorgarlik

1394-yilda Bolgariyaning vaqtinchalik poytaxti bo‘lgan Nikopol shahri turk askarlari tomonidan egallandi va Usmonli davlatiga qo‘shib olindi. Buning ortidan Vengriya qirolligi va Usmonli o‘rtasidagi tampon davlatlar Usmonli tarkibiga kirdi va ikki buyuk davlat o‘zaro qo‘shni bo‘lib qoldi.

Bu orada Venetsiya o‘ziga qarashli Dalmatsiya va Moradagi koloniyalari, shuningdek, savdo uchun foydalanadigan portlarini turklarning qo‘liga tushib qolishidan xavfsirayotgan edi. Agar shunday bo‘lgan taqdirda, uning Adriatika, Egey va Ioni dengizlaridagi hukmronligiga chek qo‘yilishi mumkin edi.

Jenoaliklar esa Usmonlining bo‘g‘ozlar va Dunay daryosidagi hukmronlikni qo‘lga olishi ularning Qoradengizdagi port shaharlari bo‘lgan Kaffa, Amasra va Sinopga tahdid solishidan, shuningdek, Istanbul qarshisidagi Galataning ham qo‘ldan ketishi mumkinligidan xavfsirayotgan edi.

1394-yilda papalikda hamon qo‘sh hokimiyatchilik hukm surmoqda edi. Bir papa Fransiyaning Avinyon shahrida, ikkinchi papa esa Rimda edi. Avinyondagi papa turklarga qarshi bir salib yurishi rejasi borligini e’lon qildi. Bu paytga kelib o‘zaro urushda bo‘lgan Fransiya va Angliya o‘rtasida tinchlik sulhi imzolangan bo‘lib, tarixda yuz yillik urush deya nomlangan urushda tinchlik davri hukmron edi. Angliya qiroli Richard II va Fransiya qiroli Karl VI yurish xarajatlari xususida kelishib ham olgan edi.

Konstantinopoldagi hukmronlik uchun kurashda paleologlarga qarshi Kantakuzinlar Usmonlidan ikki marta – 1346- va 1356-yillarda yordam so‘radi. Ikkinchi yurish chog‘ida Bosfordan kechib o‘tishni istamagan Usmonli Turkiyada qolishga qaror qildi va Trakiya Usmonli mulkiga aylandi. Shu tariqa Bolgariya va Serbiya vassal davlatga aylandi. Shunday sharoitda Vizantiya imperatori Manuel II Paleolog va Mojariston (Vengriya) qiroli Sigizmond I Papa Bonifatsiydan turklarni Bosfordan quvib yuborish maqsadida salib yurishi uyushtirish uchun yordam so‘raydi.

Foto: Google Photos

Qo‘shinlar soni va tarkibi

Salibchilar

Qo‘shinlar soni bo‘yicha turli xil farazlar mavjud. Bu boradagi eng yuqori raqamlar taxminan 100 ming kishini tashkil qiladi. Ammo ayrim voqea joyini borib o‘rgangan tarixchilar bunday raqamlar haqiqatdan yiroq ekanini, askarlarning haqiqiy soni 9 mingdan 16 minggachani tashkil qilganini qayd etgan (Hans Delbruck, History of the Art of War, t. 3 : “Medieval Warfare”, 1983).

Salibchilar qo‘shiniga quyidagi qo‘mondonlar va qirollar qo‘mondonlik qilgan: Vengriya qiroli Sigizmond I, Burgundiya grafi Qo‘rqmas Jan va u bilan kelgan bir qator fransuz grafliklari graflari, Valaxiya shahzodasi Mircha I, Stefan Lakovich xorvat vitse-qiroli, Kosovo hokimi Vuk Brankovich, Vidin podsholigi shohi Ivan Sratsimir. Salibchilarning birlashgan kuchlariga Sigizmond I qo‘mondonlik qildi.

Usmonli

Usmonli qo‘shinlari ba’zi manbalarda 60–80 ming atrofida deb berilsa, yuqoridagi sababdan uning sonini 15–25 ming orasida deb hisoblaydigan tarixchilar ham bor. Usmonli qo‘shiniga jangda Sulton Boyazid Yildirim qo‘mondonlik qildi. Ushbu jangda Usmonli tarafda turib Serbiya qiroli, shu bilan birga, Yildirim Boyazidning qaynog‘asi bo‘lgan Stefan Lazarevich ham birga jang qildi. Sababi, Serbiya Usmonli qo‘l ostida edi.

Jangga tayyorgarlik va uning borishi

Salibchilar dastavval Budapeshtda jang olib borishni reja qilgan edi. Ammo oxirida Dunay daryosi bo‘yi tanlandi. Bu yerda Nikopol qal’asi atrofiga kelib o‘rnashgan salibchilar Usmonli sultoni Boyazidning ularning kelishidan xabari yo‘qligiga amin edi. Xabar olgan taqdirda ham bunday uzoq qal’aga yetib kelishi imkonsiz deb o‘ylandi va qal’ani qamal qilib turaverildi.

Bu paytda Usmonli sultoni Boyazid salibchilarning yurishlaridan yaxshigina xabardor edi. Chunki 1395-yili Konstantinopolni qamal qilib turgan paytda, uning ayg‘oqchilari mazkur xabarni olib keldi va Manuelning Yildirim Boyazid salibchilar yurishidan xabar topgani haqidagi maktubini ham qo‘lga kiritdi. Shu tariqa Yildirim Boyazid salibchilarning harakatlaridan xabardor bo‘lib turdi.

Foto: Google Photos

Salibchilar Budapeshtda ekan, Yildirim Evranos Bey boshliq akinjilarni qo‘shin uchun qarorgoh tayyorlash uchun jo‘natgan edi. Vizantiyaliklar esa qamaldan chiqib Dunayga yetib borolmadi. 24-sentabr kuni Usmonli qo‘shini Nikopol qal’asidan bir necha kilometr uzoqlikda to‘xtadi. Tunda yetib kelgan Yildirim Boyazid qal’a devorlariga qadar yaqinlashib, qal’a qo‘mondoni Dog‘an Beyga tonggacha bardosh berib chidab turishini amr qildi.

Yildirim Boyazid Edirnedan Dunay bo‘yidagi Nikipol qal’asigacha 24 soatda yetib kelgani tarixchilar tomonidan qayd etildi. Ismiga mos shaklda kelasolib, devonni to‘plab jang maslahatini qildi. 25-sentabr kuni Usmonli akinjilari salibchilar qo‘shiniga shiddat bilan hujumlar qilib ularni sarosimaga solib qo‘ydi. Sarosimaga tushgan salibchilar tarqalib ketdi. Asosiy zarbani Boyazid qo‘mondonligidagi qo‘shin berdi.

Salibchilarning eng yirik qo‘mondonlari halok bo‘ldi, ko‘plari asir olindi. Salibchilarning jangga kelish paytida o‘tgan har yerda musulmonlar va hatto provaslavlarni o‘ldirgani xabarini eshitgan Yildirim qattiq g‘azablandi. Maydonda qoziqlar qoqilib, ushbu qoziqdan uzun bo‘lgan barcha asirlar o‘ldirildi. Bu Usmonlining ilk davridagi asirlar o‘ldirilgan yagona jang edi. Faqat salibchilar tarkibidagi bolalar tirik qoldirildi va musulmon qilib tarbiyalash uchun turk oillariga berildi. Oilasi borlar fidya evaziga qo‘yib yuborildi.

Ushbu jang natijasida Usmonlining Bolqonda yengilmasligi ayon bo‘ldi. Jangdan so‘ng Usmonli akinjilari Mojariston ichkarisigacha kirib borib, katta g‘animatlar bilan qaytdi. Vidin podshohligi tugatildi va shu tariqa Bolgar qirolligi batamom yakunlandi.

Shuningdek, Nikopol jangi XVI–XVIII asrlarda davom etgan Usmonli-Vengriya urushlarining debochasi bo‘lib xizmat qildi. Ushbu jangdagi mag‘lubiyat g‘arbiy Yevropa monarxlari uchun salib yurishlarining so‘nggisi bo‘ldi. Faqatgina Fransiya Konstantinopolga ba’zi yordamlarni berib keldi. Konstantinopolning Fotih Sulton Mehmetxon tomonidan egallanishidan keyin bolqon xalqlari Usmonliga qarshi o‘zlari kurash olib borishiga to‘g‘ri keldi.

Keyinchalik, 1402-yilgi Anqara jangidan keyin ular yengolmagan Yildirimni mag‘lub etganini bildirib Amir Temur Yevropa qirollariga maktublar yubordi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.

От qwert.uz