O‘tgan asrning 80—90-yillarida Bollivud yulduzlari mashhurligi va daromadidan qat’i nazar suratga olish maydonchasida birgalikda ishlashga qarshi bo‘lmagan. Shu tufayli ham ularning hamkorlikda ishtirok etgan loyihalari mashhurlikka erishgan. Lekin hozirda bunday holat kuzatilmay qo‘ydi, endilikda yulduzlar o‘zlari kabi shuhrat cho‘qqisiga erishgan aktyor yoki aktrisalar bilan birgalikda rol ijro etmaydi. Shuning uchun ham rejissorlar tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada o‘zida eng ko‘p yulduzlarni jamlagan zamonaviy filmlar ko‘rib chiqildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
“Gohi shodlik, gohi g‘am” – 2001 yil
Foto: “Yandeks Dzen”
Karan Johar rejissorligida Amitabh Bachchan, Jaya Bachchan, Shohrux Xon, Kajol, Ritik Roshan va Karina Kapur ishtirok etgan film tomoshabinlar yodida abadiy saqlanib qoladi. Bollivud kinosanoatida eng mahoratli va mashhur aktyorlarning jamlagan bu kabi film boshqa takrorlanmasligi ham mumkin. Aytgancha, suratga olish maydonchasida Shohrux Xon, Amitabh Bachchan va Karina Kapur o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lganligi haqida mish-mishlar tarqalgan. Ammo film hind kinosan’atining eng muvaffaqiyatli kartinasi sifatida tan olinadi. Shuningdek, 2001-yilning dekabr oyidan buyon Bollivudning eng qimmat filmi hisoblanadi.
“Haqiquy tuyg‘ular” – 2006-yil
Foto: Yash Raj Films
Ushbu filmda Abhishek Bachchan, Ritik Roshan, Ayshvariya Ray, Uday Chopra va Bipasha Basu kabi yulduzlar bosh rollarni ijro etgan bo‘lsa-da, qaysidir aktyorning “porlashi” evaziga boshqa biri soyada qolib ketishidan qo‘rqmagan. Film 2006-yilda eng ko‘p daromad keltirgan hamda eng kassabop filmlar qatoridan joy olgan.
“Quvnoq firibgarlar” – 2010-yil
Foto: “Yandeks Dzen”
Rejissor Roxit Shetti mashhur aktyorlardan Mitxun Chakraborti, Ajay Devgan, Karina Kapur, Arshad Varsi, Tushsar Kapur kabilarni filmga taklif etdi. Film namoyishidan so‘ng bir qancha muammolar paydo bo‘ldi. Sababi tomoshabinlar masxara qilib ko‘rsatilgan duduqlanishni yaxshi qabul qila olmagan edi, chunki Hindistonda millionlab bolalar va kattalar shunday nuqson bilan dunyoga keladi.
Bundan tashqari, hind duduqlanish tashkiloti film rejissori va produseri ustidan jamoat manfaatini ko‘zlagan holda sudga murojaat qildi. Biroq ko‘p o‘tmay tomoshabinlar “firibgarlar”ning muxlisiga aylandi. Kartina o‘sha yiliyoq Bollivudning eng ko‘p daromad keltirgan ikkinchi filmiga aylandi.
“Siyosatchilar” – 2010-yil
Foto: “Yandeks Dzen”
Ajay Devgan, Katrina Kaif, Nana Patekar, Ranbir Kapur, Arjun Rampal va Manoj Bajpai ishtirok etgan oiladagi jirkanch siyosat haqidagi voqealarga asoslangan film tomoshabinlar orasida katta muvaffaqiyatga erishdi. Shuningdek, aktyorlar jamoasi tanqidga ham uchradi. Dastlab badiiy kengash ushbu film namoyishini istamagan, sababi Katrina Kaif ijro etgan qahramon − Kongress partiyasi rahbari Soniya Gandi haqida shubhali ma’lumotlar mavjud edi. Ammo rejissor barcha ayblovlarni rad etib, yagona ilhom manbai – qadimgi hind eposi “Maxabhorat” ekanligini ma’lum qilgan. Film dunyo bo‘ylab 20 million AQSh dollari ishlab olishga muvaffaq bo‘ldi.
“To‘la uy” – 2010-yil
Foto: “Yandeks Dzen”
Akshay Kumar, Dipika Padukone, Jiya Xan, Lara Datta va Boman Irani kabi mashhurlar ishtirok etgan komediya shunchalar muvaffaqiyatga erishdiki, keyinchalik ham uning davomi suratga olindi. Garchi tanqidchilar bu filmdan ko‘p narsalarni kutgan bo‘lsa-da, muxlislar filmni tomosha qilishdan to‘xtamadi va kartina kassabop filmlar qatoridan joy oldi.
“Uch savdoyi” – 2009-yil
Foto: “Yandeks Dzen”
Komediyada Amir Xon, Madxavan, Sharman Joshi, Karina Kapur va Boman Irani ishtirok etdi. Filmda aks etgan talabalar do‘stligi aslida ta’lim tizimidagi nuqsonlarni ochishga xizmat qiladi.
Komediya ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Filmfare Awards’dan olti marotaba, shuningdek, Yaponiyada bo‘lib o‘tgan Videoyasan Awards’ning bosh sovriniga ega bo‘ldi.
“Uch savdoyi” kartinasi dunyo bo‘ylab g‘alaba qozondi, ayniqsa, Osiyo kassalarida 90 million dollar daromad topib, rekordni yangiladi. Shuningdek, 2017-yil Meksikada film remeyki suratga olindi.