Komik aktrisa Karomat Isomova tomoshabinlar “Maslahat” va “Gap yo‘q” ko‘rsatuvlari orqali yaxshi taniydi. Sir emaski, loyiha rejissori To‘xtamurod Mahkamov vafotidan so‘ng ko‘rsatuv reytingi biroz pastladi. Jamoa a’zolari ham mustaqil tarzda ijodlarini davom ettirdi. Karomat Isomova ham ayni kunlarda Jizzax viloyat qo‘g‘irchoq teatrida sahnalashtiruvchi rejissor lavozimida faoliyat yuritadi. Jurnalist Nargiza Murodova aktrisa bilan bog‘lanib, poytaxtdan ketish sababi bilan qiziqdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Karomat Isomovaning shaxsiy arxividan

“Rahbariyat taklifini bajonidil qabul qildim. Ochig‘ini aytsam, viloyatdan kelib, poytaxtda qolishga intilayotgan ijodkorlarni unchalik tushunmayman. Qiynalib, bir necha yil ijara uyda yashashning nimasi yaxshi. Shaxsan meni viloyatda ijara uy bilan ta’minlashdi, hatto uyning kommunal to‘lovlari ham davlat tomonidan amalga oshiriladi”— deydi aktrisa.

Foto: Karomat Isomovaning shaxsiy arxividan

Suhbat davomida aktrisa ketma-ket to‘rt yaqinidan ayrilgani va ruhiy tushkunlikka tushgan damlarini xotirladi.

“Boshimga juda og‘ir musibatlar tushdi. Ketma-ket to‘rt yaqinimni tuproqqa qo‘ydim. Shu bois ham san’atda biroz tanaffus qilishimga to‘g‘ri keldi. Yaqinlar ayrilig‘idan keyin o‘zini qo‘lga olish oson kechmas ekan. Avvaliga besh yil to‘shakka mixlangan otamdan ayrildim, bir muddat o‘tmay onamdan, undan so‘ng turmush o‘rtog‘im va singlim bizni tashlab ketishdi. Ba’zan odamlardan ‘Nega televizorga chiqmayapsiz, san’atni tark etdingizmi?’ deb so‘rab qolishsa, hayron bo‘laman. Ijodkor o‘lgandagina san’atni tark etishi mumkin. Televizorga chiqmay qolsa, uni san’atni tark etdi, deb hisoblash noo‘rin”, — deya javob berdi aktrisa.

Foto: Karomat Isomovaning shaxsiy arxividan

Ma’lumot uchun, Karomat Isomova A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr-rassomlik institutining qo‘g‘irchoq teatri aktyorligi fakultetini tamomlagan. Magistrlik ilmiy ishini rejissorlik bo‘yicha yoqlagan. Bundan tashqari, avval poytaxtdagi respublika milliy qo‘g‘irchoq teatrida va Farg‘ona qo‘g‘irchoq teatrida ham rejissor sifatida faoliyat yuritgan.

От qwert.uz