Ferrari firmasi o‘zining mijozi — dizayner Filipp Pleyndan Instagram’da kompaniya obro‘sini tushiradigan suratlarni e’lon qilgani uchun 300 ming yevro undirdi. Ferrari yuristlarining fikricha, Pleynning suratlari Italiya brendining obro‘siga putur yetkazmoqda. Milan sudi da’vogarning tarafini olgan, biroq Pleyn sud qarori ustidan shikoyat qilishini bildirgan, deb yozadi Motor  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Instagram / Philipp Plein

Filipp Pleynning mojaroli fotosessiyasi ijtimoiy tarmoqlarga ikki yil oldin joylashtirilgan. Nemis dizayneri yangi oyoq kiyim kolleksiyasining reklamasida dekoratsiya sifatida yorqin yashil Ferrari 812 Superfast superkaridan foydalangan.

Avtomobil ishlab chiqaruvchi Pleyn o‘z krossovkalarini Ferrari’ning mashhurligidan foydalanib targ‘ib qilayotganidan norozi bo‘lgan. Yarim yalang‘och modellar bilan tushilgan suratlar esa “Italiya brendining qadriyatlariga xos emas”. Ferrari ushbu suratlarni 48 soat ichida o‘chirib tashlashni talab qilgan, biroq Filipp Pleyn avtogigantning xati ustidan kulib qo‘ygan.

Ferrari e’tirozi yuborilganidan 14 oy o‘tib, kompaniya o‘z foydasi uchun sud qaroriga erishgan: Milan sudi Filipp Pleyndan 300 ming yevro undirish qarorini chiqargan. Shuningdek, modelyerga ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan Ferrari avtomobillariga oid barcha suratlarini o‘chirib tashlash majburiyati yuklangan va u sud xarajatlari uchun 25 ming yevro to‘lashi kerak. Aks holda sud Pleyndan Ferrari’ni obro‘sizlantiradigan har bir surat uchun qo‘shimcha 10 ming dollardan undiradi.

Foto: Instagram / Philipp Plein

Bunga javoban Filipp Pleyn o‘zining Instagram’dagi sahifasiga Ferrari’ning navbatdagi suratini joylab, ostiga uzun izoh qoldirgan. Modelyerning ta’kidlashicha, u e’tirozlarga qo‘shilmagan va sud qarori ustidan shikoyat qiladi — keyingi sud 2021-yilning bahorida bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, Pleyn Ferrari ishqibozi ekanligini va so‘nggi yillarda markaning beshta yangi avtomobilini sotib olganini ma’lum qilgan.

Pleyn agarda avtomobilsozlik kompaniyasi sud qarori bilan undirilgan 300 ming dollarni xayriya qilsa, uni to‘lashga roziligini bildirgan.

От qwert.uz