Bir qancha filmlardagi mohirona ijrosi tufayli mashhurlikka erishgan aktyorlar kino sohasiga kirmasdan avval boshqa kasblarda oddiygina xodim bo‘lgan. Albatta, ularni boshqa sohada tasavvur qilish qiyin. Ammo san’at, karyera, mashhurlikka intilish ularning nafaqat kasbini, balki hayotini ham tubdan o‘zgartirib yuborgan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Raj Kumar
Foto: “Yandeks Dzen”
Afsonaviy aktyor va dialoglar qiroli Raj Kumar aslida kasbi bo‘yicha politsiya inspektori bo‘lgan. Aktyor “Yuqori tabaqa vakillari” va “Qasoskorlar” filmlarida huquqni muhofaza qilish xodimi rolini ijro etishda o‘z tajribasidan unumli foydalangan. 1940-yillarda Kumar Mumbaydagi Maxim politsiya idorasida kichik inspektor vazifasida ishlagan. 1952-yil kino sohasidagi debyutini rejissor Najam Nakvi suratga olgan “Rangeeli” filmidan boshlagan.
Amitabx Bachchan
Foto: “bollyfilm.ru”
Bachchan aktyorlik faoliyatidan avval “Bird and Co” yuk tashish firmasida menejer sifatida ish boshlagan. 1968-yilda o‘z ishini tashlab, kino sohasiga kirib kelgan. Oradan bir yil o‘tib Xoja Axmed Abbas rejissorlik qilgan “Yetti hindistonlik” loyihasida ishtirok etgan.
Sunil Datt
Foto: “bollywoodtime.ru”
Taniqli aktyor, rejissor, siyosatchi Sunil Datt o‘z faoliyatini Best Transport kompaniyasining bosh direktori sifatida boshlagan.
Datt omborda ishlab yurgan vaqtda Jai Hind kollejiga o‘qishga kirgan. Keyinchalik Seylon radiosida “Lipton Ke Sitare” nomli ko‘rsatuvga ishga joylashgan. Shundan keyingina rejissor Ramesh Saygal tomonidan suratga olingan “Temiryo‘l stansiyasi” loyihasida debyut rolini ijro etgan.
Boman Irani
Foto: “bollyfilm.ru”
Aktyor kino san’atiga 53 yoshida kirib keldi va ilk rolini “Munnaboy” filmidagi ijrosi bilan boshladi. Irani bu vaqtgacha, albatta, boshqa kasb bilan shug‘ullanib kelgan. U 27 yoshigacha Mumbaydagi Toj Mahal mehmonxonasida ofitsiant bo‘lib ishlagan, shuningdek, oilada novvoychilik do‘koniga ham yordam berib turgan. Keyinchalik u o‘z kasbini o‘zgartiradi – o‘zining xobbisi hisoblangan suratkashlik bilan shug‘ullangan. Suratkashlik orqali uni teatr olamiga kirishga ilhomlantirgan xoreograf Shiamak Davar bilan uchrashgan.
Navazuddin Siddiki
Foto: “kino-teka.com”
Navazuddin bolaligidan aktyor bo‘lishni orzu qilgan, lekin imkoniyat bo‘lmaganligi tufayli neft-kimyo kompaniyasida kimyogar bo‘lib ishlagan. So‘ngra qo‘riqchilik vazifasida ishlagan kezlari teatr truppasining a’zosi bo‘lgan. Oxiri Milliy drama maktabiga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldi va bugungi kunda Hindistonning eng yaxshi aktyorlaridan biri hisoblanadi.
Amisha Patel
Foto: “Yandeks Dzen”
Mahoratli aktrisa AQShning nufuzli Tafts universitetida iqtisodiyot bo‘yicha oltin medal sohibasi. Aktrisa Massachusetsda o‘qishini yakunlagandan so‘ng “Khandwala Securities Limited” kompaniyasining moliyaviy bo‘limida ishlagan. Uning eng katta debyutlaridan biri Ritik Roshan bilan partnyor sifatida “Sevishingni ayt” filmidagi ijrosi bo‘ldi.
Pariniti Chopra
Foto: “bollyfilm.ru”
Bollivudning eng taniqli yulduzlaridan biri Priyanka Chopraning amakivachchasi Pariniti Chopra Buyuk Britaniyaning Manchester biznes maktabida tahsil olgan.
O‘qishi davomida Pariniti turli xil ishlarda ishlab ko‘rdi, shuningdek, “Manchester Yunayted” futbol klubida stadiondagi o‘yinlar mobaynida ovqatlanishni tashkil qilish vazifasida ham ishlagan. Hindistonga qaytgach Yash Raj Films’da marketing bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlay boshlagan. 2011-yilda esa “Riki Baxlga qarshi xonimlar” filmida rol ijro etgan.