Ko‘z tagida qora halqalar borligi tashqi ko‘rinishga ta’sir qilibgina qolmay, salomatlikda muammo borligidan ham darak beradi. Ularni bartaraf qilish uchun kelib chiqish sababi va nima bilan bog‘liqligi haqida ma’lumotga ega bo‘lish kerak — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Getty Images
Qanday sabab bo‘lishi mumkin?
Nasliy bo‘lishi mumkin
Sizdagi bu muammo oila a’zolaringizning birida bo‘lishi va nasldan-naslga o‘tgan bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.
Teri rangi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin
Terisi oq kishilardan ko‘ra bug‘doyrang kishilarning ushbu muammoga duch kelish ehtimoli yuqori.
Yosh
Bu eng asosiy sabablardan biri hisoblanadi. Chunki yosh o‘tishi bilan ko‘z atrofidagi teri yupqalashadi va yoqimsiz qora halqalar, shish va ajinlar paydo bo‘la boshlaydi.
Uyqu yetishmasligi
Uyquga to‘ymaslik nafaqat ichki a’zolar, balki tashqi ko‘rinishga ham ta’sir qiladi. Sog‘lom va tinch uyqu bo‘lmagani sabab teri tarangligi va elastikligini yo‘qotadi. Buning oqibatida esa ko‘z tagidagi qora halqalar sezilarli darajada ko‘zga tashlanadi.
Anemiya
Temir moddasining yetishmasligi tez holdan toyish, holsizlikka sabab bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida tashqi ko‘rinish, xususan, ko‘z atrofidagi terida ham aks etadi.
Chekish
Nikotin uyquni maromida bo‘lmasligiga va organizm suvsizlanishiga sababchi bo‘ladi. Organizmdagi suv balansi esa tashqi ko‘rinishning qanday bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi.
Qalqonsimon bez bilan bog‘liq muammo
Gormonlar ishlab chiqarilishida muammo bo‘lishi nafaqat ko‘z ostidagi terida balki organizm salomatligida ham muammo bo‘lishiga sababchi bo‘ladi.
Quyosh nurlari
Quyoshning ultrabinafsha nurlari melanin ishlab chiqarilishiga ta’sir qiladi bu esa ko’z ostidagi terining yanada to‘qlashishiga sabab bo’ladi.
Chekishni tashlash, SPF kremlardan foydalanish, 7 soatdan kam bo‘lmagan uyqu va sog‘lom hayot tarziga amal qilib bularni bartaraf qilish mumkin. Agar bular ham yordam bermasa, tarkibida gialurona kislotasi bo‘lgan filler muolajasidan foydalanish mumkin. Bir soat davom etadigan muolaja ta’siri 6-14 oyga yetadi.
Ammo kosmetik muolajalarni amalga oshirishni istamaydiganlar uchun ham yechim mavjud. Buning uchun ratsionga quyidagi mahsulotlarni kiritish va to‘g‘ri ovqatlanishga rioya qilish kerak.
Pomidor
Tarkibida likopin mavjud bo‘lgan pomidor, qon tomirlarga (xususan ko‘z ostidagi) ijobiy ta’sir qiladi va qon aylanishini yaxshilaydi.
Bodring
Tarkibida suv miqdori yuqori bo‘lgani uchun ham uning iste’molidan keyin teri ichki tomondan namlantiradi. Suv yuqorida ta’kidlanganidek, tashqi ko‘rinish sog‘lom bo‘lishi uchun muhim hisoblanadi. Uni iste’mol qilish, shuningdek, yuzga niqob sifatida ham ishlatish mumkin.
Kunjut
Kunjut charchoqqa xos alomatlarni kamaytirish xususiyatiga ega bo‘lgan antioksidantlar va ko‘z salomatligi uchun muhim sinalgan E vitamin bo‘ladi.
Chernika, smorodina
Chernika, smorodina kabi mevalarda antotsian bo‘ladi. Ushbu antioksidant terini qon, xususan, kislorod bilan ta’minlanishida muhim rol o‘ynaydi.
Tarvuz
Tarvuz tarkibini bodring va pomidor tarkibi umumlashmasiga o‘xshaydi, desa xato bo‘lmaydi. Chunki unda bodringdagi singari suv va pomidordagi kabi likopin mo‘l bo‘ladi. Buning ustiga mazali va xushbo‘y hidga ega.