40 yoshdan keyingi salomatlik “kopilka”ga o‘xshaydi. Turmush tarzi yoki odatga kiritilgan har qanday narsa 30 yil o‘tib o‘zini namoyon etadi. Ko‘proq nimalarga e’tibor qaratish haqida “Domashniy ochag” jurnali ma’lumot berib o‘tadi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Zebra CBD

To‘yib uxlash

Uyqu buzilishi, gormonlar ishlab chiqarilishida muammolar yuzaga kelishi, hazm jarayonining yomonlashishi, depressiya rivojlanishi hamda yurak qon-tomir kasalliklarining kelib chiqish xavfi yuqori ekani bilan bog‘liq ekani sabab ham ko‘proq tiniqib uxlash zarur hisoblanadi. Shu bois sutkasiga 8 soat, qorong‘i va harorati uncha issiq bo‘lmagan xonada uxlashga harakat qiling.

Ko‘proq suv iching

40 yoshdan keyin metabolizm susayishni boshlaydi, uni avvalgidek faol ishlashi uchun esa ko‘proq suyuqlik ichish kerak. Qolaversa, suv buyraklar, teri hamda miya uchun ham muhim. Agar sizga kun davomida 1,5-2 litr suv ichish qiyin bo‘ladigan bo‘lsa, tarkibida suyuqlik ko‘p bo‘lgan meva va sabzavotlar: sitrus meva, pomidor, tarvuz, bodring, bulg‘ori qalampiri va ko‘kat iste’mol qiling.

Jismoniy faollik

Faol turmush tarzi va sport bilan shug‘ullanish odat tarzingiz bo‘lsa juda ham yaxshi. Ammo iloji boricha bu bilan cheklanib qolmaslik kerak. Gap shundaki, 35 yoshdan keyin mushaklar va suyaklarda o‘zgarishlar kuzatila boshlaydi. Ularni mustahkamligini oshirish uchun esa haftada bir kun bo‘lsa ham kuchliroq mashqlar bilan shug‘ullanish kerak bo‘ladi.

Ko‘proq oqsil iste’mol qiling

Oqsillar metabolizmning yaxshilanishi, mushaklar uchun zarur hisoblanadi. Ratsioningizda ham har gal ovqatlanganda taom yoki yegulik tarkibida oqsil bo‘lishiga e’tibor qarating. Shunda u organizmga tez singadi va yaxshi samara beradi.

Shifokor tekshiruvidan o‘ting

Statistika ma’lumotlariga qaraganda, har sakkizinchi ayol ko‘krak bezi saratoniga duch keladi. Shu sabab ham 40 yoshdan keyin doimiy ravishda ayollar shifokori ko‘rigidan o‘tib turish va ko‘rsatmalariga binoan tahlil va tekshiruvlarni amalga oshirish kerak. Qolaversa, rivojlanishini oldini olish uchun o‘zingiz ham kasallik bilan bog‘liq simptomlar kuzatilsa, befarq bo‘lmang.

Yuragingiz haqida qayg‘uring

40 dan keyin befarq bo‘lmaslik kerak bo‘lgan kasalliklardan biri yurak kasalliklari hisoblanadi. Statistika ma’lumotiga qaraganda, har uchinchi ayol yurak xurujidan vafot etadi. Shuningdek, aynan ayollarda boshqa kasalliklarga ham xos bo‘lgan spetsifik simptomlar sabab tashxis qo‘yish qiyinchilik keltirib chiqaradi yoki yanglishishga sabab bo‘ladi. Muntazam ravishda ultratovush (UZI) hamda kardiogramma tekshiruvidan o‘ting, shifokor ko‘rsatmasiga amal qiling, qon bosimi va undagi qand miqdori me’yorida bo‘lishiga e’tibor bering.

Teridagi o‘zgarishlarni ko‘zdan qochirmang

40 yoshdan keyin teridagi xol va xolga o‘xshash dog‘larni dermatolog shifokorga ko‘rsatib turish kerak. Qolaversa, terini nafaqat yozda, balki boshqa fasllarda ham doimiy ravishda quyoshning ultrabinafsha nurlaridan himoya qilish muhim.

От qwert.uz