1952-yilning 26-noyabr sanasida Maykl Kyortisning eng muvaffaqiyatli filmi hisoblangan “Kasablanka” durdonasining premyerasi bo‘lib o‘tgan. Shu munosabat bilan “Daryo”  kolumnisti Farrux Adhamjonov ushbu film haqida fikr yuritadi.

Kino haqida

“Kasablanka” filmi 1942-yil Maykl Kyortis tomonidan suratga olingan bo‘lib, undagi voqealar Myurrey Byornetning “Hamma mijoz Rikning oldiga keladi” asariga asoslanadi. Kino o‘zi bilan oldinga surgan g‘oyada qahramonning insoniylik majburiyati yoki o‘z his-tuyg‘ularidan birini tanlashini namoyon qiladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Google Photos

Kyortis o‘z dramasida nafaqat romantik aloqalar, balki allegorik ko‘rinishda Ikkinchi jahon urushi davridagi siyosiy holatni ham aks ettirdi. Ushbu shedevr film kino muxlislari orasidagi eng mashhur IMDb platformasida “barcha davrlarning eng zo‘ri deb baholangan 50 filmi” qatoridan joy olgan edi. Filmda bosh rollarni Xamfri Bogart (Rik Bleyn), Ingrid Bergman (Ilza Lund), Klod Reyns (Lui Reno), Pol Xenreyd (Viktor Laslo), Peter Lorre (Ugarte) va boshqalar ijro etgandi.

Syujet

1941-yil, noyabr. Fransiyaning mustamlakasi bo‘lgan Marokashdagi eng katta tungi klub, bar va qimorxonaga Rik Bleyn egalik qiladi. Rik kayf-safoga berilgan sinik bo‘lib, atrofida bo‘layotgan siyosiy mojaro va urushlarga mutlaqo befarq munosabat ko‘rsatadi. Uning uchun mijozning kimligi umuman ahamiyatga ega emas. Kasablankada esa Rikni tanimaydigan odamning o‘zi yo‘q, uning oldiga urush veteranlari ham, natsistlar ham, o‘g‘rilar-u qochoqlar ham tashrif buyuradi.

Kunlarning birida Ugarte boshpana izlab Rikning oldiga keladi. Oldinroq esa u ikki harbiyni o‘ldirib, natsistlardan holi Yevropa bo‘ylab erkin harakatni kafolatlovchi hujjatlarni qo‘lga kiritgan edi. Ugarte ushbu hujjatlarni sotmoqchi ekanini, lekin xaridor kelgunicha ularni saqlab turishini Rikdan iltimos qiladi. Kutilmaganda Ugarte kapitan Lui Reno boshchiligidagi politsiya tomonidan qo‘lga olinadi.

Hujjatlarning xaridori – Viktor Laslo, natsistlarga qarshi Chexiya partizanlar guruhi yetakchisi va uning ayoli Ilza Lund Kasablankaga kelganida Rikning hayotida katta o‘zgarish sodir bo‘ladi. Ilza – Rikning sobiq sevgilisi, uning alkogolik va sinik inson bo‘lib, barcha narsasidan ayrilishiga sababchi bo‘lgan edi. Laslo va Ilzaga o‘z ishlarini davom ettirish uchun hujjatlar suv va havoday zarur, lekin Rik ularga hujjatlarni berishdan bosh tortadi.

Muxolifatchilar boshlig‘i haqida eshitgan nemis mayori Shtrasser Lasloni qo‘lga olish uchun Kasablankaga tashrif buyuradi. Bundan xabar topgan Ilza Rikning oldiga qurol bilan kirib, hujjatlarni talab qiladi. Lekin haligacha so‘nmagan sevgisi tufayli o‘z maqsadini amalga oshira olmaydi. O‘zlarining Parijdagi romantik munosabatlarini eslar ekan, poyezdda qochib ketish rejasi tushunmovchilik sababgina ro‘yobga chiqmaganini bilgach Rik ularga yordam berishga rozi bo‘ladi.

Foto: Google Photos

Kutilmaganda Laslo ularning oldiga kelib, hujjatlar Rikda ekanini va uning Ilza bilan munosabatlari haqida bilishini aytib, mayor Shtrasser yaqinlashayotganidan ogohlantiradi. Rik ularga hujjatlarni topshirib, Portugaliya tomon kuzatib yuboradi. Rik Ilza bilan “balki bugun emasdir, balki ertaga ham emasdir, lekin bir kun biz, albatta, Parijda ko‘rishamiz”, deya xayrlashadi. Bu vaqtda politsiyachi Lui Reno kelib, Lasloni olib ketmoqchi bo‘ladi.

Lekin Rik unga kattaroq jinoyatchilarni qo‘lga olishda yordam va’da qilib, ularga tegmaslikni so‘raydi. Lui rozi bo‘ladi, lekin Laslo va Ilza uchib ketayotgan vaqt Shtrasser kelib qoladi. Rik esa uni to‘xtata olmagach otib o‘ldirishga majbur bo‘ladi. Qolgan ofitserlar kelganida Rik va Lui ularga mayor Shtrasserning noma’lum qotilini topishni buyuradi. Film yakunida Rik Luiga “Lui, o‘ylashimcha, bu do‘stligimiz uchun ajoyib boshlanish”, deydi. Bu ibora esa kino tarixidagi eng mashhur iqtiboslardan biriga aylanadi.

Tahlil

“Kasablanka” shedevri, shubhasiz, Mayk Kyortisning eng muvaffaqiyatli filmi hisoblanadi. Filmni buyuk qilib turuvchi omillardan biri uni ayni o‘sha vaqtdagi holat – Ikkinchi jahon urushiga taqlidan chiqarishidir. Filmni suratga olish ishlari yaponlarning Perl-Xarborga hujumidan so‘ng boshlangan bo‘lib, uning ekranizatsiyasi ittifoqchilar kutilmaganda boshlagan “Torch operatsiyasi” vaqtida amalga oshirildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad oz bo‘lsa-da, natsistlarga qarshi urush jarayoniga hissa qo‘shish bo‘lgan edi.

To‘g‘ri ma’noda, film dramaning asl ko‘rinishi – ajoyib ishq qissasi va chin sevgi sinik odamni ham o‘z jonini qurbon qilishga chaqira olishini olib chiqdi. Qo‘shimcha, bosh qahramonning harakatlarida qiyin vaqtdagi insoniylik uchun buyukroq yaxshilik mezonidagi ishlarni ko‘rasiz. Bu chorlov esa urush vaqtida askarlarning buyukroq ishlar uchun hatto o‘z jonlaridan kechishga undar edi. Undagi siyosiy-axloqiy xabar bilan g‘alabaga qurbonlarsiz erishib bo‘lmasligi, AQSh fuqarolarini natsistlarga qarshi bo‘lgan urushga iloji boricha kengroq ko‘lamda jalb qilish va ularning jangdagi ruhiyatini ko‘tarib turish ko‘zlangan edi.

Filmdan ko‘zlangan yana bir maqsad – allegorika yordamida Rikni o‘sha vaqtdagi AQSh prezidenti Franklin D. Ruzveltga taqqoslash edi. Rik – Kasablankadagi tungi hayotga boshchilik qiladi, qolganlar uning yerlariga xavf tug‘dirmagunicha u hech qanday harakat qilmaydi. Ya’ni ushbu holat AQShning Ikkinchi jahon urushidagi tashqi siyosatini aks ettira oldi. Rik avvaliga faqat moliyaviy tarzda natsistlarga qarshi tuzilgan partizanlarga yordam ko‘rsatadi, ish o‘zining yerlari va Ilzaga borib taqalgandagina vaziyatga bevosita aralashishni boshlaydi.

Foto: Google Photos

Ijodiy guruh faoliyati

“Kasablanka” kinorejissor Maykl Kyortis faoliyati davomidagi kulminatsion nuqta deb baholanishiga sabab, uning eng kerakli vaqtda kerakli syujet asosidagi filmni yaratgani hisoblanadi. Filmning suratga olish ishlari boshlanganida ssenariyning hali yarmi ham tayyor emas edi. Film yakunini esa hech kim oldindan bilmas edi. Ijodiy guruh bilan kelishgan holda rejissor axloqiy dilemma ko‘rinishidagi yakunni yaratdi.

Xalqaro jamiyatga mos kinokartina yaratish uchun aktyorlar guruhi turli davlatlardan yollandi. 30 ga yaqin aktyorlardan bor-yo‘g‘i uch nafari AQSh fuqarosi edi. Jamoadagi turfa xillik esa film sifatiga faqatgina ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Kamchiliklari:

Kasablanka, xususan, marokashliklarga nisbatan g‘arbcha stereotiplar (orientalizm) bilan qaralgani;

Propaganda yordamida tomoshabinlarga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lgani;

Syujet davomidagi kichik uzilishlar.

Yutuqlari:

Ko‘plab bosh roldagi aktyorlar Gollivuddagi debyut rollari bilan ajoyib ijro ko‘rsatishgani;

Sakkiz yo‘nalish bo‘yicha Oskarga o‘z nomzodini qo‘yib, yakunda uchta haykalchani qo‘lga kiritgani;

Ijodiy guruh o‘zlari ko‘zlagan siyosiy-axloqiy xabarni ommaga muvaffaqiyatli yetkaza olgani;

Maks Stayner tomonidan film uchun klassik soundtrek yaratilgani.

Foto: Google Photos

Xulosa

“Kasablanka” filmi Ikkinchi jahon urushi haqidagi asl urushlarsiz ishlangan kult darajasidagi kinoklassika hisoblanadi. Undagi ko‘plab elementlar insonning dunyoqarashi uning atrofidagi voqealarga nisbatan evolyutsion tus olishini ko‘rsatib turadi. Film ko‘p bora e’tirof etgan g‘alabaga qurbonlarsiz erishilmaslik prinsipi, yakun har doim ham biz istaganday tus olmasligi va chin sevgini ilohiy qudratga ega qilib ko‘rsatgani sabab ham boshqa odatiy filmlardan ajrab turadi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, istalgan muhabbat tuyg‘usi insonga majburiyatlar yuklaydi. Bu majburiyatlarni bajarish esa chinakam baxtni his qilishga yordamlashib turadi.

Iqtibos:

Rik: Ba’zida bu natsistlarga qarshi urush umuman foydasiz bo‘lib tuyulmaydimi senga? Undan ko‘ra o‘z hayotingni o‘ylamaysanmi?

Laslo: Bu xuddi nima uchun nafas olyapmiz, deganday savol. Agar biz nafas olishni to‘xtatsak, shu zahoti halok bo‘lamiz. Dushmanlarga qarshi urishmasak ham shunday.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.

От qwert.uz