1945-yil 5-dekabr AQShning beshta torpedo-bombardimonchi samolyotdan tashkil topgan “Avenger” flotining o‘quv parvozini amalga oshirish chog‘ida sirli ravishda g‘oyib bo‘lishi bilan tarixga kirdi. Hayratlanarli jihati shundaki, ularni qidirish uchun yuborilgan PBM-5 Martin “Mariner” qutqaruv dengiz samolyotini ham shundan so‘ng boshqa hech kim qaytib ko‘rmadi. Ushbu hodisa haligacha nafaqat AQSh harbiy havo kuchlari, balki butun dunyo aviatsiyasi tarixidagi eng g‘alati va g‘ayrioddiy voqealardan biri bo‘lib qolmoqda. “Daryo” Bermud uchburchagi bilan bog‘liq tarzda sodir bo‘lgan ushbu voqea haqida hikoya qiladi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Parvozning maqsadi nima edi?

1945-yil 5-dekabrda 19-reys doirasida AQSh harbiy havo kuchlari uchuvchilari tomonidan boshqariladigan to‘rtinchi “Avenger” torpedo-bombardimonchi samolyotlari havoga ko‘tarildi. Parvoz dengiz korpusi instruktor-uchuvchisi leytenant Charlz Karoll tomonidan boshqarilgan edi. Undan maqsad samolyotlarni maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lgani aytiladi. Parvozning taxminiy davomiyligi ikki soatni tashkil etib, torpedo-bombardimonchilarining yoqilg‘i zaxirasi buning uchun yetarli edi.

Foto: Google Photos

Marshrut bo‘yicha ob-havo prognozi ham ko‘ngildagidek edi. O‘quv parvozi amalga oshirilgan TBM-3 modifikatsiyali torpedo-bombardimonchilarida o‘sha payt uchun ancha rivojlangan uskunalar mavjud edi, bu esa ularga har qanday ob-havo sharoitida va hatto tunda parvozlarni amalga oshirishga imkon berardi.  Bundan tashqari, ular yuqori darajadagi boshqaruv avtomatizatsiyasiga ega G4 avtopilotlari bilan jihozlangan, qutqaruv uskunalari, ekipajda ekipaj a’zolari uchun avtomatik qutqarish kiyimlari bilan bir qatorda oziq-ovqat zaxiralari, signal uzatuvchi uskunalar, omon qolish uchun zaruriy jihozlar hamda favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun radio mayoqlari mavjud edi.

Ahamiyatlisi shundaki, o‘sha kuni parvoz oldidan barcha samolyotlar qoidalarga muvofiq tayyorlandi. Biroq voqea sodir bo‘lganidan so‘ng mexaniklardan biri samolyotlarning boshqaruv panelida soat yo‘qligini aytdi.

“Avenger”larning parvozi

Samolyotlar soat 14:10 da Fort-Loderdeyldagi harbiy-dengiz kuchlari bazasidan havoga ko‘tarildi. Shundan keyin samolyotlarga nima bo‘lganini bilish uchun tergov komissiyasi radioaloqani o‘rganib chiqdi va samolyotlarning xabarlarni va uchuvchilarning o‘zaro suhbatlarini eshitgan radio operatorlaridan intervyu oldi.

Manbalarda Teylorning parvoz bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishidan oldin uning borishi to‘g‘risidagi biron bir hisoboti haqida ma’lumot berilmagan, ammo uchuvchilar o‘rtasidagi muzokaralardan parvoz muvaffaqiyatli bo‘lgan degan xulosaga kelish mumkin edi.

Soat 15:40 da samolyotlar Fort-Loderdeyl ustidan uchib o‘tayotganda katta leytenant Robert Foks kimdir ularni radio orqali chaqirayotganini eshitadi. Noma’lum shaxs bir necha bor undan kompaslari to‘g‘risida so‘raydi. Foks ular bilan bog‘langanidan so‘ng leytenant Teylor Pauerni chaqirgani ma’lum bo‘ladi. Ular adashib qolgan edi. Soat 16:10 da Fort-Loderdeyl va Port Evergleyds qutqaruv bazasi muammolardan xabardor bo‘ldi.

16:25 da Port Evergladesdagi qutqaruv bo‘limi parvoz samolyoti bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Teylorning aytishicha, ular kichik orol ustidan uchib o‘tgan va shundan so‘ng boshqa yerni ko‘rmagan edi. Everglades porti Teylorga boshqaruvni ekspluatatsiya vositalari bilan samolyot uchuvchisiga topshirishni taklif qildi.

Soat 16:31 da Port-Everglades Teylorning yana bir xabarini eshitdi: “Uchuvchilardan biri 270-kurs bo‘ylab harakat qiladigan bo‘lsak, qirg‘oqqa yetib olamiz deb o‘ylayapti”.

Foto: Google Photos

Soat 16:45 da Teylor bazaga shunday xabar beradi: “Biz 030-kursni 45 daqiqa ushlab turamiz, so‘ng Meksika ko‘rfazidan o‘tmaganimizga ishonch hosil qilish uchun shimolga boramiz”.

Soat 17:00 da Teylor 090-kurs bo‘ylab 10 daqiqalik parvozni amalga oshirish to‘g‘risida buyruq berdi.

Soat 17:15 da Teylor Port Evergladesga xabar berdi: “Men sizlarni deyarli eshitmayapman. Biz ikki yuz yetmish darajada parvoz qilmoqdamiz”. Keyin u ushbu yo‘nalishda “yoqilg‘i tugamaguncha yoki qirg‘oqqa yetguncha” uchish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Soat 17:30 da Teylor uchuvchilardan chap tomonda nima bor deya so‘ragani eshitildi.

Soat 17:50 da radio yo‘nalishni aniqlash yordamida samolyotlarning taxminiy koordinatalari aniqlandi.

Soat 17:54 da Teylordan yana uch ming kHz chastotaga o‘tishni so‘radi, u parvozning qolgan qismi bilan aloqani uzmaslik uchun bunday qila olmasligini aytadi.

Soat 18:04 da Teylor “270 darajani ushlab tursak, biz sharqqacha yetib olamiz”, deya xabar berdi.

Soat 18:20 da Teylor buyruq berdi: “Barcha samolyotlar yaqinlashsin. Agar qirg‘oq ko‘rinmasa, biz suv bo‘ylab pastlashimiz kerak”.

Mayami shahridagi parvozlarni boshqarish markazida soat 19:04 da leytenant Teylorning so‘nggi chaqiruvi eshitildi.

Taxminan 20:00 larda yoqilg‘ilar tugaydi, samolyotlar pastga tomon uchishga majbur bo‘ladi va shundan keyin aloqa yo‘qoladi – hech kim uchuvchilar taqdiri haqida boshqa hech narsa eshitmaydi.

Martin “Mariner” PBM-5

Parvoz uchun chiqib ketgan qutqaruv samolyoti to‘g‘ridan to‘g‘ri Bermud uchburchagi markaziga uchib o‘tib, so‘ngra standart kvadrat qidiruvni amalga oshirishi kerak edi. Samolyot radio orqali bir nechta standart xabarlar uzatdi, shundan so‘ng u yo‘qolgan samolyotlar joylashgan joyga yaqinlashayotganini, ammo hali hech narsa topolmaganini aytdi. U 90-kursga o‘tib qidiruvni davom ettirayotgani haqida xabar berganidan bir muddat o‘tib, samolyot bilan aloqa uzildi.

Foto: Google Photos

21:20 da sohil qo‘riqlash shtab-kvartirasiga “Geynes Mills” tankeridan xabar kelib tushdi, uning kapitani S. Stenli soat 19:50 da koordinatalari 28 daraja 59 minut N, 80 daraja 25 minut W bo‘lgan nuqtada havoda portlash kuzatilganini xabar qildi. Portlash o‘n daqiqa davom etdi va 120 metrli olov ustun kabi suv ustida yog‘ izlarini qoldirdi. Tanker portlash joyini tekshirdi, ammo hech nima topa olmadi.

Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi

5–6-dekabrda tunda qidiruvni davom ettirgan 32-sonli samolyot parvozi hech qanday natija bermadi. Tong otishi bilan yo‘qolgan samolyotlarni qidirish bo‘yicha tarixdagi eng yirik operatsiyalardan biri boshlandi, bunga 300 ta armiya va dengiz floti samolyotlari va 21 ta kema jalb qilindi. Milliy gvardiya bo‘linmalari va ko‘ngillilaridan tashkil topgan quruqlikdagi qidiruv guruhlari muntazam ravishda Florida qirg‘oqlari, Florida Keys va Bagama orollari bo‘ylab tekshiruv-qidiruv ishlarini o‘tkazdi. Hech qanday natijaga erishilmagach, 1945-yil 10-dekabrda barcha ekipajlarni bedarak yo‘qolgan deb hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Nega bunday hodisa ro‘y berdi?

Hodisaga inson omili asosiy o‘rin tutgan degan qarashlar bor. AQSh harbiy-dengiz kuchlari tergov departamenti tergov o‘tkazdi va 7-dekabrda shu vaqtgacha to‘plangan asosiy faktlar va ular asosida chiqarilgan xulosalar e’lon qilindi.

Leytenant Teylor xato tufayli parvoz samolyotlari Meksika ko‘rfazi ustida bo‘lgan deb taxmin qiladi. Bu xato ular uchib o‘tgan orollar Florida Keys ekaniga va shimoliy-sharqqa parvoz ularni Florida yarimoroliga olib borishi kerakligiga ishonishdan kelib chiqqan edi.  Samolyotlar va ekipajlarning yo‘qolishi uchun javobgarlik leytenant Teylorga yuklangan edi. 49-sonli qidiruv samolyotining yo‘q bo‘lib ketishi (“Martin Mariner”) uning havoda portlashi bilan izohlandi.

Yil davomida ushbu hisobot to‘ldirilib, uning hajmi 500 betga yetdi. Halokat olti samolyot va 14 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. Uning kelib chiqish sabablarini izohlovchi variantlar esa o‘nlab topildi. Shunday variantlardan biri Bermud uchburchagi bilan bog‘liq. Bir qator norasmiy versiyalarga ko‘ra, samolyotlarning yo‘q bo‘lib ketishi Bermud uchburchagida yuz beradigan g‘ayritabiiy hodisalar, uchuvchilarning quyosh yo‘nalishini aniqlashiga to‘sqinlik qilgan oq rang tumanligi, makon va zamonning deformatsiyasi bilan bog‘liq. Ma’lum bo‘lishicha, bunday tuman ichida masofalar va vaqtning tezligi o‘zgarishi mumkin.

Xuddi shu versiya doirasida leytenant Teylor uzatgan va kimdir qabul qilgan radio xabarlarning juda ko‘pchiligida “apokrifik” matnlar paydo bo‘ladi, unda “boshqa olamlardan kelganlar” namoyon bo‘ladi, “okean odatdagidek ko‘rinmaydi”. Teylorning taxmin qilingan so‘nggi so‘zlari tez-tez tilga olinadi: “Biz xuddi oq suvga cho‘kib ketgandekmiz… Biz butunlay adashganmiz…”

Foto: Google Photos

Qoldiqlar topildi

1960-yillarning o‘rtalarida Florida shtatidagi Sebastiana yaqinida ikki kishining qoldiqlari bo‘lgan samolyot topildi. AQSh harbiy-dengiz kuchlari ushbu samolyot 19-reysga tegishli deb da’vo qildi, ammo keyinchalik buni rad etdi. Qoldiqlarning shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

1986-yilda Florida sohillari yaqinida “Chellenjer”ning qoldiqlarini qidirish paytida “Avanger”ning qismlari topildi. 1990-yilda aeronavtika arxeologi Jon Mure 19-reysga tegishli deb hisoblagan bir nechta chiqindi bo‘laklari ajratib olindi, keyinchalik dengiz kutubxonasi ushbu samolyotning yo‘qolgan samolyotlar parvoziga aloqasi yo‘qligini xabar qildi.

1991-yilda okean tubida oltin va ispan galleonlarini qidirib topgan Grem Xokks boshchiligidagi ekipaj Florida qirg‘og‘idan beshta “Avanger” samolyotining qoldiqlarini topganini e’lon qildi. 2012-yil mart oyida Xokks samolyotlar qoldiqlarini o‘rganish uchun yetarli mablag‘i yo‘qligini ma’lum qildi va shu tariqa bu qoldiqlar yo‘qolgan samolyotlarniki ekani o‘z tasdig‘ini topmay qoldi. Ammo ular hamon ushbu qoldiqlar 19-reysga tegishli ekanini da’vo qiladi.

Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.

От qwert.uz