IT Park Code.org platformasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini ma’lum qildi — endilikda maktab o‘quvchilari kelajak kasbini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. IT Park, Code.org va Dubai Future Foundation’ning hamkorlikdagi loyihasida o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari uchun platformaning o‘zbek tilidagi versiyasini taqdim etilgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Pinterest

Code.org bu – maktablarda kompyuter fanini o‘rganishni kengaytirishga qaratilgan notijorat tashkilot. Code.org’ning maqsadi barcha maktablardagi har bir talaba kompyuter fanini asosiy ta’limning bir qismi sifatida o‘rganish imkoniyatini berish. Code.org AQShning eng yirik maktab okruglarida kompyuter fanlari bo‘yicha o‘quv dasturlarining yetakchi provayderi. Bundan tashqari, ushbu platforma Hour of Code har yillik xalqaro kampaniyasi tashkilotchisi bo‘lib, hozirgi kunda butun dunyodagi maktab o‘quvchilarining 15 foizidan ko‘prog‘i ishtirok etmoqda. Code.org homiylari: Microsoft, Facebook, Amazon, Infosys Foundation, Google va boshqalar.

Code.org platformasi orqali 1,7 milliondan ortiq o‘qituvchi ro‘yxatdan o‘tgan va 53 milliondan ko‘proq o‘quvchi bor. 2019-yilda kurslarni tamomlagan 70 mingdan ortiq tinglovchi ishga joylashgan,

“Men O‘zbekistonning barcha ota-onalari va o‘qituvchilarini ushbu platformani o‘rganishga va barcha maktab o‘quvchilariga bilim berishni taklif qilmoqchiman. Code.org barcha maktab o‘quvchilari o‘zlari uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘zlashtirishlari va yanada yaxshi kelajakka erishishlari uchun O‘zbekistonda kompyuter fanlarini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga qaratilgan”, — deydi Code.org’ning xalqaro hamkorlik bo‘yicha vitse-prezidenti Leonardo Ortiz.

Eslatib o‘tamiz, Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning 11-may kuni raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda O‘zbekiston maktablarida 7-sinfdan boshlab dasturlash asoslarini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi. O‘sha yig‘ilishda kelgusi o‘quv yilida “Bir million dasturchi” loyihasiga 47 ming nafar o‘quvchini qamrab olish haqida so‘z borgandi.

Ma’lumot uchun, 2019-yilning 21-noyabrida O‘zbekistonda dasturchilarni bepul tayyorlovchi One Million Uzbek Coders loyihasi ishga tushirilgandi. Loyiha birinchi navbatda mahalliy aholiga, asosan, yoshlarga axborot texnologiyalari mutaxassisliklarida arzon va sifatli ta’lim olish imkoniyatini beradi. Loyiha Birlashgan Arab Amirliklari hukumati, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahridagi Inha universiteti va IT-Park qoshidagi IT-akademiya ko‘magida amalga oshirilmoqda.

От qwert.uz