14877800

Sergey Mironovich Kirov (asl familiya – Kostrkov) – rus revolyutsioneri, sovet davlat va siyosat arbobi. Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) partorganizatsiya, Siyosiy byuro va Orgbyuro rahbari hamda Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi bo‘lib ishlagan inson fojiasi 1-dekabr 1934-yilda sodir bo‘ldi. Uning o‘limi Leonid Nikolayev tomonidan amalga oshirildi. Qotillikning motivlari esa haligacha noma’lum — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Hokimiyatga kelish: Sergey Kirov kim edi?

Bugungi qahramonimizning bolaligi Perm guberniyasidagi yetimxonalardan birida kechdi. U yerdan so‘ng o‘qishni davom ettirgan Sergey o‘qishi sababli Kazanga bordi. O‘qishni a’lo baholarga tugatgandan so‘ng u 1904-yilda Tomskda chizmachi bo‘lib ish boshladi.

Foto: Wikipedia

Sergey Kirovning inqilobiy faoliyatiga nazar soladigan bo‘lsak, aynan mana shu yilda u Rossiya ishchilar sotsial-demokratik partiyasiga (RISDP) a’zo bo‘ldi. Partiyadagi taxallusi – Serj. 1905-yilda u birinchi marta namoyishlarda qatnashdi va politsiya tomonidan hibsga olindi. Qamoqdan chiqqandan keyin u jangovar otryadlarni boshqardi. Shu yilning iyul oyida Tomsk shahar partiya konferensiyasi Kirovni RISDP Tomsk qo‘mitasi a’zosi etib sayladi.

Uch oy o‘tib, u Tayga katta temiryo‘l stansiyasida ish tashlash uyushtirdi. 1906-yil iyulda u hibsga olindi va Tomsk qal’asida (qamoqxonada) bir yarim yil davomida noqonuniy bosmaxona tashkil qilgani uchun saqlandi. 1908-yildan boshlab Sergey Kostrikov professional inqilobchiga aylanib, Irkutsk va Novonikolayevskda ishlaydi.

1909-yilda u Vladikavkazga ko‘chib kelib, Shimoliy Kavkazdagi kadetlar gazetasi “Terek”ning xodimiga aylandi. Uning maqolalari Sergey Mironov taxallusi bilan nashr etilgan, havaskorlarning chiqishlarida qatnashgan, alpinizmni yaxshi ko‘rgan edi. “Kirov” laqabi tasodifan paydo bo‘lmadi, u grek yo forscha ism – Kirdan olindi. 1912-yilda “Terek”gazetasi S. Kirov taxallusi ostida “Yo‘l bo‘ylab” maqolasini e’lon qildi. Aynan mana shu taxallus bilan u SSSR tarixiga ham kirdi.

U 1919-yilda XI armiyaning inqilobiy harbiy kengashining a’zosi bo‘ldi. 1920-yil 28-aprelda XI Qizil Armiya tarkibida Bokuga kirib, Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining Kavkaz byurosining a’zosi bo‘ldi, 1920-yil iyunida Sovet Rossiyasining Gruziyadagi muxtor vakili etib tayinlandi, 1920-yil oktabrida Riga shahrida bo‘lib o‘tgan Polsha bilan tinchlik shartnomasini tuzish bo‘yicha muzokaralarda Sovet delegatsiyasiga rahbarlik qildi.

1921-yilda Kommunistik partiyaning 10-syezdida Sergey Kirov Markaziy qo‘mita a’zoligiga nomzod sifatida tanlanib, shu yilning o‘zida Ozarbayjon Markaziy qo‘mitasi kompartiyasining birinchi kotibi bo‘ladi. 1923-yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan partiyaning 12-syezdida Kirov Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasi a’zoligiga qabul qilindi.

Foto: Google Photos

1926-yil 8-yanvarda Sergey Kirov Leningrad viloyat qo‘mitasi va shahar partiya qo‘mitasi hamda Butunittifoq Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining shimoliy-g‘arbiy byurosi birinchi kotibi etib tayinlandi, shuningdek, Butunittifoq Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi siyosiy byurosi a’zoligiga nomzodi qo‘yildi. 1930-yil iyuldan Sergey Kirov Butunittifoq Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi va SSSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi prezidiumining siyosiy byurosi a’zosi bo‘ldi.

Sergey asosiy e’tiborini Leningradga qaratdi, siyosiy byuroda deyarli ko‘rinish bermadi. Kirov boshchiligida Leningrad va butun shimoliy-g‘arbiy sanoat yangi bosqichga ko‘tarila boshladi. Qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirish boshlandi va Leningrad mudofaasini kuchaytirish choralari ko‘rildi. Kirov davrida ko‘plab sohalar rivojlana boshladi, hatto 1934-yilda Kirov neft sanoatini tiklagani va rekonstruksiya qilgani sababli Lenin ordeni bilan taqdirlandi.

Suiqasd

Sergey Kirov o‘limining aniq sababi, ya’ni qaysi sababga ko‘ra o‘ldirilgani bo‘yicha aniq bir dalil yo‘q. Ammo SSSRdagi repressiyalarga sabab bo‘lgan suiqasdning bir necha xil versiyalari mavjud. Ularning birida shaxsan Stalinning ham qo‘li borligi aytiladi. Nikita Xrushyov o‘zining chiqishlarida Kirovning o‘limi shaxsan Stalinning o‘zi va SSSR ichki ishlar komissariati tomonidan tashkillashtirilganini ta’kidladi.

Xrushyovning taklifiga binoan ushbu ishni o‘rganishda alohida komissiya tuzildi, ammo uning natijalari Xrushyov hukmronligida e’lon qilinmadi. Sovet siyosatchisi Vyacheslav Molotovning aytishicha, komissiya Kirovning o‘limiga Stalinning aloqasi yo‘qligini tasdiqlagan va Xrushyovga bundan manfaat yo‘qligi uchun natijalar e’lon qilinmadi. Stalinning suiqasdga aloqasi hech qanaqasiga isbotlanmadi.

Yana bir versiyaga ko‘ra, Sergey Kirov bilan qotilning shaxsiy adovatlari bor edi. Leningrad bo‘ylab tarqalgan mish-mishlarda  Kirov Nikolayevning xotini – Milda Draule bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani haqida gap boradi. Biroq Stalinni bu versiya qiziqtirmadi. Milda Draule so‘roq qilinib, otuvga hukm qilindi.

Foto: Google Photos

1-dekabr kuni Leningradda, Tauridlar saroyida partiya faollarining yig‘ilishi Kirovning ratsion tizimini bekor qilish to‘g‘risidagi ma’ruzasi bilan o‘tishi kerak edi. Shu kuni ertalab u o‘z hisobotiga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Smolniy binosiga markaziy kirish eshigi orqali kirib, uchinchi qavatga ko‘tarilib, asosiy yo‘lak bo‘ylab yurib, chap tomonga – o‘z kabinetiga boradigan kichik yo‘lakka burildi. Smolniy ichkarisida Kirovga hamrohlik qilish vazifasi qo‘riqchi Mixail Borisovga yuklandi.

Bu orada Butunittifoq kommunistik partiyasi Leningrad viloyat qo‘mitasining sobiq xodimi, partiya a’zosi Leonid Nikolayev Kirovni o‘ldirish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. U karidorning o‘zidayoq hamma ishni hal qilishni rejalashtirgan edi, ammo rejasi qo‘riqchi sabab amalga oshmadi.

Yo‘laklar bo‘ylab yurib, Nikolayev kutilmaganda Kirovni ko‘rib qoldi va darhol o‘z rejasini amalga oshirishga qaror qildi. U kichkina koridorga o‘girilib, yugurib chiqib, Kirovning orqa qismidan otib tashladi. Nikolayev darhol o‘zining joniga ham qasd qilishga uringan edi, uni darhol to‘xtatib qolishdi. Shu kunning o‘zida – 1-dekabrdan 2-dekabrga o‘tar kechasi Stalin Leningradga maxsus poyezd bilan yetib keldi. U Moskvadan kelgan maxsus komissiya bilan birgalikda Nikolayevni so‘roq qildi.

1918-yilda Leninga suiqasd uyushtirilganidan beri, bu yuqori darajadagi Sovet rahbariga qarshi yagona muvaffaqiyatli terakt edi. Biroq Kirovning o‘limiga tarixchilarning alohida qiziqishi bu bilan belgilanmaydi. Smolniyda otilganidan so‘ng repressiyalar kuchaydi, bu ko‘pincha 1937–1938-yillardagi Buyuk terrorning bevosita old sharti va Stalin diktaturasining yakuniy tasdiqlanishi sifatida qabul qilindi.

Mirjalol Qosimov tayyorladi.

От qwert.uz