Odamlar nafaqat bir-biriga, balki jonivorlarga ham yaxshilik qiladi. Albatta, kimdir uyida mushuk boqadi yoki boshpanasiz kuchuklarga yordam ko‘rsatadi. Minnatdorlik sifatida ular ham insonga mehr va muhabbatini namoyon etadi, deb yozadi AdMe.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: AdMe

Internetda hindistonlik qiz fil bolasining loy ariqdan chiqishiga yordam bergani tasvirlangan video tarqaldi. Unga ko‘ra, fil bolasi asfalt yo‘l va qamishzorlar orasidagi loy ariqqa botib qolgan. Katta hayvonlar ko‘pincha loyga botib qoladi va har doim ham o‘zi chiqib keta olmaydi.

Foto: AdMe

Video davomiyligi 36 soniya bo‘lib, unda qiz bor kuchi bilan jonivorni loydan tortib olishga uringanini ko‘rish mumkin. Fil bolasi ham qizning yordamini qabul qilib, loydan chiqishga harakat qiladi. Lekin eng qizig‘i videoning so‘nggi soniyalarida sodir bo‘ladi: loydan chiqqan jonivor go‘yo o‘z qutqaruvchisiga minnatdorlik bildirgandek xartumini ko‘taradi.

Foto: AdMe

Video allaqachon 90 mingdan ortiq ko‘rilgan va 7,5 mingdan ortiq layk to‘plagan. Izohlarda foydalanuvchilar qizning fidoyiligiga qoyil qolgan. “Bu sayyora barchamizga tegishli”, deb yozgan sharhlovchilardan biri. Ammo ayrimlar ko‘proq nega videoni suratga olgan odam yordamga kelmadi, deb savol bergan.

От qwert.uz