Mahoratli Bollivud aktrisasi Priti Zinta 1975-yil dunyoga kelgan. Uning iste’dodi, tabassumi va ayniqsa, kulgichlari tez fursatda tomoshabinlar ko‘nglidan joy olgan. Aktrisa turmushga chiqqanidan so‘ng filmlarda suratga tushmay qo‘ydi. Ammo uning ishtirokidagi bir qancha filmlar hanuzgacha sevib tomosha qilinadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

“Bir qarashdagi muhabbat”

“Bir qarashdagi muhabbat” − Pritining Bollivuddagi debyut filmi. To‘g‘ri, u filmda ikkinchi darajali obrazda namoyon bo‘lgan. Ammo uning filmdagi hissasi bosh qahramonlarnikidan kam emas. Priti ushbu roli uchun eng mahoratli debyutant, deb tan olingan hamda mukofotlar bilan taqdirlangan.

“Yengiltak qiz” 

Ushbu filmda aktrisa oshiqligi tufayli homilador bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini egallashga intilayotgan o‘spirin qiz rolini ijro etgan. Mazkur film ham tomoshabinlarga Pritini inkor etib bo‘lmas iste’dodga ega ekanligini namoyon qilgan.

“Begona”

Priti baxtli turmush o‘rtog‘ining hayotida “boshqa” ayol rolini ijro etgan va buning uchun tomoshabinlarning nafratiga emas, mehriga sazovor bo‘lgan.

“Biz yolg‘iz emasmiz”

“Biz yolg‘iz emasmiz” filmidagi mag‘rur Nisha qanday qilib maftunkor qizga aylangandi-a? Pritining Ritik Roshan ijro etgan iste’dodli Roxitga ko‘rsatgan mehri va qo‘llab-quvvatlashi barchaning yodida qolishi shubhasiz.

“O‘tkinchi dunyo” 

Priti ushbu roli uchun Filmfare Award’ning “Eng yaxshi aktrisa” mukofotiga sazovor bo‘lgan. U o‘zining ajoyib ijrosi bilan tomoshabinlar qalbida o‘chmas taassurot qoldirdi. Aslida bolalarcha samimiy qalbga ega hamda o‘z sevgisini topishga intilayotgan yosh qizning hikoyasini, albatta, tomosha qilish kerak.

“Vir va Zara”

Hind kinematografiyasining chinakam durdonasi. Priti mazkur filmda bosh rolni ijro etgan. Filmda u Shohrux Xon sevib qolgan pokistonlik qiz Zara obrazida gavdalangan. Film barcha davrlarning eng yaxshi ijodiy asari hisoblanadi va ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

“Salam Namaste”

Saif Ali Xon va Priti Zinti ishtirokidagi yana bir ajoyib film. Film bir-birini sevib qolgan ikki do‘st haqida hikoya qiladi. Aktrisa ushbu roliga ham o‘zgacha yondashib, muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

От qwert.uz