Tanamizdagi deyarli barcha tizimlarning holati qalqonsimon bezning normal ishlashiga bog‘liq. Ko‘p miqdorda iste’mol qilingan shakar, uglevod, alkogol, transyog‘lar bilan to‘yingan tartibsiz ratsion qalqonsimon bez faoliyatining buzishiga, gipo/gipertireoz va boshqa kasalliklarning rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Qalqonsimon bez faoliyatiga yordam beruvchi mahsulotlar bilan tanishing  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Selenga boy mahsulotlar

Foto: Legion Media

Selen — qalqonsimon bez gormonlarining konversiyasiga yordam beradigan va shu bilan metabolizmni ta’minlaydigan kimyoviy moddadir. Ratsionda selen qancha ko‘p bo‘lsa, qalqonsimon bez shuncha faol ishlaydi, natijada metabolizm yaxshilanadi. Braziliya yong‘og‘i, paltus balig‘i, sardiniya, kurka, tovuq tuxumi va ismaloq kabi mahsulotlar selenga boy hisoblanadi.

Mavzuga doir: Organizm uchun selen moddasi qay darajada muhim?

Yod

Foto: Legion Media

Ma’lumki, yod tanqisligi aniqlangan hududlarda qalqonsimon bez kasalliklari keng tarqalgan bo‘ladi, chunki yodsiz bu organ oddiy gormonlarni ishlab chiqara olmaydi. Ammo bu moddaning yana bir xavfli tomoni ham bor: organizmda mazkur elementning ko‘pligi yod yetishmasligi singari xavfli. Qalqonsimon bez kasalliklari tashxisi qo‘yilgan odamlar, ayniqsa, yod miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar iste’molida ehtiyot bo‘lishlari lozim.

Yong‘oq, dengiz mahsulotlari, dengiz o‘tlari va baliq mahsulotlari yod manbai hisoblanadi. Tanadagi yod muvozanatini saqlashning eng oson usuli — oddiy tuz o‘rniga yodlangan tuzdan foydalanishdir.

D vitamini

Foto: Legion Media

Qalqonsimon bez kasalliklari bilan og‘rigan kishilarda ushbu vitamin miqdori past bo‘ladi. Va bu ajablanarli emas, chunki D vitamini qalqonsimon bezning holati va normal ishlashiga javobgardir. “Quyosh vitamini” yetishmasligining oldini olish uchun tovuq tuxumi, sut mahsulotlarini tez-tez iste’mol qilish kerak.

Sink

Foto: Legion Media

Sink, ayniqsa, qalqonsimon bez zaiflashgan va ishlab chiqaradigan gormonlari darajasi me’yordan past bo‘lgan gipotireoz kasaliga chalinganlarga juda kerak. Bunday bemorlarga ko‘proq mol go‘shti, dukkakli ekinlar, qo‘ziqorin, sarimsoq, turli xildagi yormalar va oshqovoq urug‘ini iste’mol qilish tavsiya etiladi.

От qwert.uz