Misrlik 29 yoshli Marva Elselexdar Misrdagi birinchi ayol kapitan bo‘ldi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Suvaysh kanalining to‘sib qo‘yilishida aynan u aybdor ekani haqida mish-mishlar tarqaldi, deb yozadi Meduza.

Foto: Instagram

Marva bolaligidan dengizni yaxshi ko‘radi. Akasi singari u ham Iskandariyadagi Arab Fan, texnologiya va dengiz transporti akademiyasiga (AASTMT) o‘qishga kirdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Marva xalqaro transport va logistika fakultetida tahsil olishni boshlagan. Biroz vaqt o‘tgach, u akasi o‘qigan Dengiz transporti va texnologiyasi fakultetiga ko‘proq qiziqishini angladi. Ammo fakultetga faqat erkaklar qabul qilinardi.

Marva baribir ushbu fakultetga o‘tish uchun ariza topshirdi. Uning arizasini ko‘rib chiqishdan oldin akademiya rahbari Misr qonunchiligi ayollarga kapitan litsenziyasini berishga ruxsat beradimi yoki yo‘qligini tekshirishni buyurdi. Qonunchilikda ruxsat berilishi aniqlandi.

Marva fakultet imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirdi va u yerdagi 1200 nafar erkak talaba orasida yagona va birinchi ayol bo‘ldi. 2013-yilda o‘qishni tamomlagach, Marva Misr dengiz xavfsizligi ma’muriyatiga tegishli “Aida IV” kemasining ikkinchi yordamchi kapitani bo‘lib ish boshladi. Kema Qizil dengizdagi mayoqqa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradi, shuningdek, undan AASTMT talabalarining o‘quv mashg‘ulotlarida foydalaniladi.

2015-yilda “Aida IV” kengaytirilgan Suvaysh kanalidan birinchi marta suzib o‘tganida, Marva qo‘mondonlik shtabi a’zosi sifatida kema boshqaruvida ishtirok etgan. U ushbu kanaldagi arab mamlakatlarining eng yosh va birinchi ayol kapitani bo‘ldi.

“Jamiyatimiz haligacha qizlarning dengizda ishlashi haqidagi fikrlarni qabul qilmaydi”

2021-yil 23-martda Ever Given konteyner tashuvchi kemasi Suvaysh kanaliga tiqilib, kemalar harakatini  to‘sib qo‘yganidan so‘ng internetda kemani aynan Marva boshqargani haqida mish-mishlar tarqaldi. Aslida esa Marva kapitanning birinchi yordamchisi sifatida haliyam “Aida IV”da xizmat qilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Arab News nashrining Marva haqida yozgan maqolasi skrinshoti tarqala boshladi. Maqola haqiqiy edi, ammo sarlavhasi Misrning birinchi ayol kapitani Suvaysh kanalining bloklanishiga aloqador, deya o‘zgartirib qo‘yilgan edi. Xuddi shunday ma’lumotlar Twitter’da Marva nomidan ochilgan uchta soxta akkauntlar orqali tarqatilib, bir necha soat ichida 20 ming obunachini to‘pladi. Marva o‘z Instagram sahifasi va ommaviy axborot vositalarida mazkur ma’lumotlarni rad qildi.

Marva BBC News’ga kim va nima maqsadda u haqida yolg‘on ma’lumot tarqatganini bilmasligini aytdi. “Bu sohada muvaffaqiyatga erishgan ayol bo‘lganim yoki misrlik bo‘lganim sababli menga ‘hujum’ uyushtirilgan bo‘lishi mumkin deb o‘ylayman. Ammo aniq bilmayman”, —  dedi u.

Ilgari Marva dengiz sanoatida ishlayotganlarning atigi 2 foizini ayollar tashkil etishini va u o‘qish paytida ham, ish paytida ham gender tengsizligiga duch kelganini aytgan. Masalan, u potensial ish beruvchilardan rad javobini olgan, chunki ularning aksariyati ayollarni bortga olib chiqishni xohlamagan.

“Bizning jamiyatimiz haligacha qizlarning o‘z oilasidan olis dengizda uzoq vaqt davomida ishlashi haqidagi fikrlarni qabul qilmaydi”, — deb qo‘shimcha qildi Marva BBC News’ga.

Marva avvaliga kemasi Suvaysh kanalini to‘sib qo‘ygani haqidagi mish-mishlar uning obro‘siga putur yetkazishi va karyerasini buzishi mumkinligidan qo‘rqqan. Ammo salbiy izohlar bilan birga u ko‘plab ijobiy fikrlarni oldi va e’tiborini aynan ularga qaratishga qaror qildi. “Shuni ta’kidlash joizki, men avvalgidan ham mashhur bo‘lib oldim”, — dedi Marva. May oyida u to‘la-to‘kis kapitan unvonini olish uchun so‘nggi imtihonini topshiradi.

Avvalroq Suvaysh kanalining to‘silib qolishi oqibatida yetgan zarar 1 milliard dollarga baholangani haqida xabar berilgandi. Kanal ma’muriyati bo‘lib o‘tgan hodisada Ever Given kemasi kapitanini aybdor deb topdi. Kemaning egasi esa ishni sudga oshirmaslik uchun zararni qoplab bermoqchiligini ma’lum qildi.

От qwert.uz