Pishgan xurmo mevalari naviga qarab sariq-qizildan to‘q jigarranggacha farq qiladi. Mazkur mevalar ko‘pincha quruq meva sifatida sotiladi. Xurmolarning quritilganligini ularning tashqi ko‘rinishiga qarab aniqlash mumkin. Po‘sti qanchalik silliq bo‘lsa, meva shunchalik yangi bo‘ladi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Getty Images

Xurmo nima uchun foydali?

100 gramm meva tarkibida quyidagi moddalar mavjud:

  • 277 kkal;
  • kletchatka — 7 g;
  • oqsil — 2 g;
  • uglevodlar — 75 g.

Vitamin miqdori (kunlik qiymat foiz hisobida):

  • K vitamini — 5 foiz;
  • B6 vitamini — 12 foiz;
  • C vitamini — 1 foiz;
  • marganets — 15 foiz;
  • kaliy — 20 foiz;
  • magniy — 14 foiz;
  • mis — 18 foiz;
  • temir — 5 foiz.

Xurmo antioksidantlarga boy meva

Xurmo tarkibidagi antioksidantlar ko‘plab kasallikning rivojlanish xavfini kamaytirishga yordam beradi. Ular hujayralarni zararli oksidlanish reaksiyalarini keltirib chiqaradigan erkin radikallardan himoya qiladi. Meva tarkibida antioksidantlarning miqdori shu kabi boshqa mahsulotlar — olxo‘ri va anjirga qaraganda juda ko‘p. Xurmo mevalari yallig‘lanishni kamaytiradigan flavonoidlar va fenolik kislotaga hamda yurak uchun foydali karotenoidlarga boy.

Foto: Getty Images

Meva tarkibida ko‘plab kletchatka mavjud

Tadqiqotlarga ko‘ra, kuniga yettita xurmo iste’mol qilganlarda ovqat hazm qilish jarayoni sezilarli darajada yaxshilanadi. Tarkibidagi kletchatka esa qondagi shakar miqdorining keskin ko‘tarilishining oldini oladi.

Xurmo miya faoliyatini yaxshilaydi

Mazkur meva qondagi interleykin 6 (IL-6) singari yallig‘lanish holatlarini kamaytirishi tasdiqlangan. Ushbu modda neyrodegenerativ kasalliklarni, shu jumladan, Altsgeymer kasalligini qo‘zg‘atishi mumkin. Bundan tashqari, xurmo miyada blyashka keltirib chiqaradigan beta-amiloid oqsillarining faolligini pasaytiradi. Ular miyada to‘planib qolsa, hujayralar orasidagi aloqa buziladi.

Xurmo — tabiiy shirinlik

Meva tarkibida juda ko‘p fruktoza bor, shuning uchun u shakar o‘rnini bemalol bosa oladi. Xurmo va suvni blenderda aralashtirib, pasta ham tayyorlash mumkin. Kletchatka va oziqaviy moddalarga boy bo‘lgani uchun meva tarkibida juda ko‘p kaloriya mavjud, shu sababli me’yorida iste’mol qilgan ma’qul.

Meva suyaklarning mustahkam bo‘lishiga yordam beradi

Xurmo tarkibida magniy, kaliy va kalsiy kabi bir qancha foydali minerallar mavjud. Ushbu moddalar suyak to‘qimalari kasalliklarini, shu jumladan, osteoporozning oldini oladi.

Foto: Getty Images

Xurmo infeksiya yuqishning oldini oladi

Bugungi kunda deyarli barcha infeksiyalar antibiotiklar yordamida davolanadi. Bu qimmat usul bo‘lib, bir qator qo‘shimcha ta’sirlari ham bor. Antibiotiklarni tabiiy mahsulotlar bilan almashtirish aqlli qaror bo‘lishi mumkin. Xurmo urug‘i va barglaridan tayyorlangan ekstrakt ko‘plab zararli bakteriyalarga faol qarshilik ko‘rsatishi aniqlangan.

Meva tabiiy yo‘l bilan tug‘ishga yordam beradi

O‘tkazilgan tadqiqotda tug‘ishdan to‘rt hafta oldin kuniga oltita xurmo iste’mol qilgan 69 nafar ayol ishtirok etdi. Ratsionida ushbu mevalar mavjud bo‘lmaganlar bilan taqqoslaganda, tajriba ishtirokchilarining tabiiy ravishda tug‘ish ehtimoli 20 foizga ko‘proq ekanligi aniqlandi. Homiladorlikning so‘nggi trimestrida xurmo iste’mol qilish bachadon bo‘ynining kengayishiga yordam beradi va sun’iy tug‘ruq ehtimolini kamaytiradi.

Mevani ratsionga bemalol qo‘shish mumkin

Uzoq vaqt tayyorlash va qo‘shimcha ingrediyentlarni talab qiladigan ko‘plab mahsulotlardan farqli o‘laroq, xurmo tayyor foydali yegulikdir. Bundan tashqari yong‘oq va pistaga qo‘shib, desert tayyorlash mumkin. Shirin mevalardan sous va sirop ham tayyorlanadi. Yuqori kaloriyaga ega mevalar sport bilan shug‘ullanish oldidan quvvatni oshiruvchi ajoyib taom hisoblanadi.

Foto: Getty Images

Ammo…

Barcha foydali jihatlariga qaramay, ba’zi hollarda xurmo iste’molini kamaytirgan ma’qul. Shifokorlar ularni ichaklar faoliyatida buzilish aniqlangan odamlarga tavsiya etmaydi. Xurmo fruktoza manbayi bo‘lganligi sababli qorinni shishirib, oshqozonni bezovta qilishi mumkin. Ko‘plab mahsulotlar singari xurmo allergiyasi borlar uchun xavfli bo‘lishi mumkin, shuning uchun uni yeyishdan avval shifokor bilan maslahatlashing yoki mevadan kam miqdorda yeb ko‘ring. Mevalarda sorbitol mavjud bo‘lib, u diareya keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun, agar ichaklar bilan bog‘liq muammo bo‘lsa, xurmo iste’molini kamaytirgan ma’qul.

От qwert.uz