Qizil pomada, dumaloq shakldagi katta ko‘zoynak, bilakka taqilgan ko‘plab yorqin bilaguzuklar va mo‘ynali shuba Ayris Apfelga xos obraz sanaladi. Moda olamida kiyinish uslubi bilan mashhur bo‘lgan interyer dizayneri — Ostindagi Texas universiteti professori 2021-yilning 29-avgust kuni 100 yoshni qarshiladi. Moda “ikonyasi”ning tavalludi munosabati bilan uning biografiyasidagi 10 ta eng qiziqarli faktni e’tiboringizga havola qilamiz.

— Manba: «Daryo» nashri.

Dizaynerlik qonida bor

Ayrisda modaga qiziqish to‘satdan paydo bo‘lib qolmagan. Onasi moda butigini boshqargan. Ayris u yerda ko‘p vaqtini o‘tkazgan. Otasi esa interyer ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Bo‘lajak yulduzning butun bolaligi Nyu-Yorkda ota-onasining ishlari bilan tanishish bilan o‘tgan.

Kelib chiqishi

Ota-onasining kelib chiqishi yahudiylarga borib taqaladi. Ammo onasi Sedi Barrel Rossiyada dunyoga kelgan.

Foto: Harper’s Bazaar

Karyerasini moda jurnalisti sifatida boshlagan

Ayris karyerasini Women’s Wear Daily jurnalida muharrir lavozimida ishlashdan boshlagan. Keyinroq Elinor Jonson’ning interyer dizayneri bo‘lib faoliyat yuritgan. Shundan so‘nggina dekorator sifatida tanilgan.

Ayris Amerikaning 9 prezidenti uchun interyer yaratgan

U dizayner Trumendan tortib Klintongacha bo‘lgan prezidentlarning uyi va ofislarini interyer bilan bezatgan. Loyihalarning barchasini 2015-yil 100 yoshda vafot etgan turmush o‘rtog‘i, Old World Weavers tekstil ishlab chiqarish kompaniyasi rahbari Karl Apfel bilan birgalikda amalga oshirgan.

Maxsus tuflilar

2012-yil mashhur Jimmy Choo brendi Ayris Apfelga bag‘ishlab Iris nomli tufli modelini taqdim qildi. Baland poshnali va kamar hamda bezakli jigarrang bosonojka brendning do‘konlarida sotuvga chiqarilgan. Shunga qaramay, ayol mazkur modelga shaydo bo‘lmagan. Bu tuflini ortopedlarning orzusi deb atagan Ayris, siporoq variantlar masalan, Manolo Blanhik klassik uchli tuflilarini afzal bilishini ma’lum qilgan.

Foto: Harper’s Bazaar

97 yoshda modellik shartnomasi

Bundan 2 yil avval, ya’ni 2019-yilda Apfel hayotida birinchi marta IMG agentligi bilan modellik shartnomasini imzolagan. O‘sha vaqtda u 97 yoshda bo‘lgan. Aslida bunga qadar Ayris bir necha jurnal muqovalari uchun suratga tushgan va reklama kampaniyalarida ishtirok etib ulgurgan. Barcha ish bilan bog‘liq muzokaralarni uning o‘zi mustaqil ravishda olib borgan. Bugungi kelib esa bu kabi masalalarni uning shaxsiy agenti hal qiladi. Ayol — istalgan karyera hatto modellikni boshlash uchun hech qachon kech emasligining isbotidir.

Unga bag‘ishlab barbi ishlab chiqarilgan

Ayrisning obrazidan ilhomlangan holda Barbi ishlab chiqarilgan. Qo‘g‘irchoq xuddi “ikonya”ning garderobidagi obrazlaridan biridek kiyintirilgan. Mazkur qo‘g‘irchoq Rara Avis nomli muzeyning obyektiga aylangan. O‘yinchoqni Mattel’ning rasmiy do‘konlaridan xarid qilsa bo‘ladi.

Muzey ko‘rgazmalaridan biri Ayrisning garderobiga bag‘ishlangan

2005-yil sentabrda Nyu-Yorkdagi Kostyum san’ati muzeyida dizaynerning garderobiga bag‘ishlab Rara Avis: The Irreverent Iris Apfel nomli ekspozitsiya namoyish qilingan. Muvaffaqiyatli chiqqani natijasida ko‘rgazma Amerikaning boshqa yirik shaharlarida ham namoyish qilingan. Bu muzey tarixidagi dizayner emas, moda “ikonyasi”ga bag‘ishlangan ilk ko‘rgazma bo‘lgan.

Foto: Harper’s Bazaar

MAC bilan hamkorlikda makiyaj kolleksiyasini taqdim qilgan

Yorqin kiyinish uslubidan tashqari Apfel, o‘ziga xos makiyaji bilan ham mashhur: uni qizil pomada surtmasdan uydan chiqmaydi desa ham bo‘ladi. Aynan shu sabab ham MAC brendi unga 2011-yilda hamkorlikda kolleksiya taqdim qilishni taklif qilgan. To‘plamdan pomada, ten va Ayris surtadigan rangdagi laklar o‘rin olgan. Kolleksiyadan o‘rin olgan kosmetik vositalarning bozori chaqqon bo‘lgan.

Ayrisga atab hujjatli film suratga olingan

2004-yil Nyu-Yorkda rejissor Albert Meyslesning dekorator va interyer dizayneri haqidagi “Iris” filmi taqdimoti bo‘lib o‘tgan. Tanqidchilar tomonidan yuqori baholangan loyiha keyinroq AQSh kinoteatrlarida namoyish qilingan.

От qwert.uz