Taxminan, 4-5 daqiqa davom etadigan kliplarni suratga olish uchun qancha mablag‘ sarflanishi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Albatta, xorij shou-biznesiga qaraganda O‘zbekistondagi narx-navolar birmuncha arzon. Ammo ular orasida bitta mashinaning puli sarflanganlari ham ko‘plab topiladi. Tomoshabinlar sevib tomosha qiladigan kliplar xonandalarga qanchaga tushishini aniqlash maqsadida O‘zbekistonning eng taniqli klipmeykerlari bilan suhbatda bo‘ldik.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Yodgor Nosirov – “Xafa-xafa” (Munisa Rizayeva), “Aka” (Ulug‘bek Rahmatullayev), “Yig‘lama, qizaloq” (Rayhon), “Balki” (Shahzoda) kabi ko‘plab kliplar muallifi:

Foto: Instagram / @yodgornosirov

— Aslida klip muvaffaqiyati mablag‘ga bog‘liq emas. Tajribam davomida oddiy ishlangan klip ham ommalashib ketganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman.

Shu kungacha olgan kliplarimning umumiy budjeti va tashkiliy ishlariga aralashmayman. Bu ishlarni xonandaning ma’murlari yoki yordamchilarim qilgani ma’qul. Men rejissor sifatida o‘z gonorarimni belgilayman va boshqa xarajatlarga aralashmayman. Keyinroq klipning umumiy xarajatlari haqidagi ma’lumotlar qulog‘imga chalinadi. Menimcha, men suratga olgan eng qimmat klip Lolaning “Love me” qo‘shig‘iga olingan. To‘rt kun davom etgan syomka jarayonida 100 ga yaqin ommaviy sahnalar ishtirokchisi qatnashgan. Bundan tashqari, suratga olish maydonchasiga katta ekran o‘rnatilib, ochiq konsert zali dekoratsiyasi qurilgan. Buning uchun Lola 13 000 AQSh dollari sarflagan ekan.

Rauf Nabiyev – “Jonim, yur” (“Ummon” guruhi), “Qaddi baland” (Jahongir Otajonov), “Dilam” (Ulug‘bek Rahmatullayev) kabi ko‘plab kliplar muallifi:

Foto: Instagram / @rauf_nabiev_

— Hamma xonanda cho‘ntagiga qarab klip suratga oladi. Kulgili bo‘lsa-da aytaman: 500-1000 AQSh dollariga klip olishni rejalashtirayotganlar ham bor. Ammo ularni professional ijod deb bo‘lmaydi. Yaxshi klip arzonga baholanmaydi. Ammo katta budjetga ega bo‘la turib o‘zini oqlamagan kliplar ham bor. Masalan, Ozodbek Nazarbekov “Mendurman o‘sha” klipi uchun 15 000 AQSh dollari xarajat qilgan. Klipning sujeti va operatorlik ishlari a’lo, ammo grafika ko‘ngildagidek chiqmagan. Qo‘rqmasdan bu klipni budjeti katta-yu, ammo sifati talabga javob bermaydi, deyolaman.

Narimon Sultonxo‘jayev — “Sekin-asta” (Munisa Rizayeva), “Nima qilish kerak?” (Shohruxxon), “Bo‘ldi” (Manzura) kabi ko‘plab kliplar muallifi:

Foto: Instagram / @nurimonsultanxodjayev

— Anchadan buyon klip suratga olayotganim yo‘q. Chunki o‘zbek klip sanoati allaqachon “o‘lib” bo‘lgan. 10-12 yillar avval Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelib bizda klip suratga olishardi. Hozir esa ular bizdan ancha o‘zib ketishgan. Bizning xonandalar esa xarajatdan qochib, eski uslubdagi kliplar bilan o‘zlarini ovuntirib yurishibdi. Faoliyatimdagi eng qimmat klip Munisa Rizayevaning “Sekin-asta” qo‘shig‘iga suratga olingan. Chunki klipning ayrim kadrlarini suratga olish uchun 2 soat vertolyotda uchishimga to‘g‘ri kelgan. Oddiy klip xarajatidan tashqari ijodiy guruhning yo‘l va mehmonxona xarajatlarini ham hisoblaganda, u xonandaga yaxshigina qimmatga tushgan.

Shuhrat Mavlonov – “Qaniydi”, “Oltin baliq” (Ozoda Nursaidova), “Layli” (Gulsanam Mamazoitova), “Qorajon” (Hosila Rahimova) kabi ko‘plab kliplar muallifi:

Foto: Instagram / @mavlonovproduction_official

— Xonandaning xohishiga qarab klip suratga olamiz. Menda klip olishning ma’lum narxi yo‘q. Ba’zan tekinga klip olgan paytlarim ham bo‘lgan. Ba’zi yosh xonandalarning mablag‘iga qarab, oddiy va efir talabiga javob beradigan klip ham olib beraman. Adashmasam, eng qimmat klipni Ozoda Nursaidovaning “Ajdodlar” nomli qo‘shig‘iga suratga olganman. Klip tarixiy voqealar asosida yaratilgani uchun unga 10 000 AQSh dollari xarajat qilingan.

Jamshid Isoqxo‘jayev — “Tor ko‘cha” (Ziyoda), “Yurak” (Oybek va Nigora), “Sog‘indim” (Dilso‘z), “Yomg‘ir” (Munisa Rizayeva) kabi ko‘plab kliplar muallifi:

Foto: Instagram / @isakhadjaev

— Klipmeykerlik faoliyatimni boshlaganimga endigina 4 yil bo‘ldi. Yuqoridagi ustozlardan ortiqroq gapni gapirishim qiyin. Shu kungacha ko‘plab xonandalar bilan hamkorlik qilganman. Ziyodaning “Tor ko‘cha” klipiga 4 000 AQSh dollari sarflangandi. Hozircha ijodimdagi eng qimmat klip Shohruxxonning “TikTok” qo‘shig‘i uchun suratga olindi. Uning umumiy budjeti 6 500 AQSh dollarini tashkil etdi.

Sharoitdan kelib chiqqan holda arzon klip olish mumkin. Ammo u professionallik talablariga javob bermaydi. Shu bois sifatli klip, taxminan, 4 000-5 000 AQSh dollariga suratga olinadi.

Habibulloh Nabiyev – “O‘ynasin” (Jahongir Otajonov), “Yurak” (Shahlo Ahmedova), “Kunlar” (Sevara Nazarxon) kabi ko‘plab kliplar muallifi:

Foto: @khabi_nabiev

— Ochig‘i, arzonga klip suratga olmayman. O‘rtacha klipni, taxminan, 5 000-7 000 AQSh dollariga suratga olaman, mablag‘ qimmatlik qilsa taklifni rad etaman. Chunki men ijaraga oladigan texnikalar va hamkorlik qiladigan ijodkorlarning gonorar summasi ancha baland.

Ijodimdagi eng qimmat klipni Munisa Rizayevaning “Bo‘ldi, yurak” qo‘shig‘i uchun suratga olganman. Klipda yong‘in va avtohalokat kabi murakkab sahnalarni jonlantirish katta mablag‘ni talab etadi. Undan keyin Ozoda Nursaidovaning “Habibi” qo‘shig‘i uchun 10 000 AQSh dollariga klip oldik. Klip uchun maxsus dekoratsiya qurilgan.

Muallif:Nargizaxon Murodova

От qwert.uz