Oshqozon-ichak traktlari bilan bog‘liq muammolar tanadagi boshqa a’zolar kasalliklariga nisbatan ko‘p tarqalgan. Noto‘g‘ri turmush tarzi, zararli ovqatlanish va boshqa salbiy odatlar sabab kuzatilishi hamda kuz va bahor mavsumida avj olishi hech kimga sir bo‘lmagan muammolarning oldini olish uchun ratsionga qanday mahsulotlarni kiritish kerakligi haqida gastroenterolog-shifokor Vera Suxova ma’lumot berib o‘tadi.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Foto: Getty Images

Suv

Sutka davomida 6-8 stakan suyuqlik ichishni kanda qilmaslik kerak. Istalgan ichimlik iste’mol qilsa bo‘ladi, lekin shakarsiz oddiy suv yaxshiroq samara beradi.

Olma

Bir kunda o‘rtacha kattalikdagi bir dona olma yeyish kifoya. Bu ichaklarning me’yoriy faoliyati uchun kletchatka hisoblanadi, shu bilan birga, А, С, В1, В2 РР vitaminlarining ham koni sanaladi. Tarkibida E vitamin, temir, yod, kalsiy, rux, magniy borligi hisobiga yurak-qon tomir kasalliklarining kelib chiqishining oldini oladi. Xolesterinni kamaytirib, asab tizimiga ijobiy ta’sir qiladi. Qon aylanishini yaxshilab, hazm jarayoni uchun muhim sanalgan oshqozon suyuqligi hamda safroning ishlab chiqarilishini yaxshilaydi.

Anjir

Barra holida, ayniqsa, foydali sanalgan ushbu meva ichaklarning me’yoriy faoliyatida muhim sanalgan qo‘shimcha kletchatka manbai ekani bilan o‘ziga xosdir. Vitamin va antioksidantlarning koni ekani hisobiga saraton kasalliklarining kelib chiqish xavfini kamaytiradi. Antibakterial va zamburug‘larga qarshi ta’sirga ega hisoblanadi. Ammo qandli diabeti va allergiyasi borlarga ushbu mahsulotni iste’mol qilish borasida ehtiyot bo‘lish tavsiya qilinadi.

Lavlagi

Ushbu sabzavot oshqozon-ichak trakti uchun zarur bo‘lgan kletchatka va ichaklardagi bakteriyalarni me’yorlashtirib, shilliq qavatdagi yallig‘lanishlarni bartaraf qiladigan pektinga boy sanaladi. Bundan tashqari, ushbu mahsulot foliy kislotasi, marganes, magniy, temir, organik kislota, C va B6 vitaminlarining koni hamdir. Ammo shakar mo‘l-ko‘l ekani hisobiga qandli diabet, buyrak kasalliklari va osteoporozdan aziyat chekadigan kishilarga iste’mol borasida ehtiyotkor bo‘lish tavsiya qilinadi.

Salat bargi

Salat bargida hazm jarayoni va ichaklar faoliyatini yaxshilaydigan kletchatka mujassam bo‘ladi. Tarkibidagi alkaloidlar qondagi xolesterinni kamaytiradi. Mikroelement va vitaminlar bisyorligi sabab teri ahvoli va ko‘rish qobiliyati yaxshilanishiga hissa qo‘shadi. Alsgeymer kasalligining oldini oladi. Siydik yo‘llarida tosh bo‘lgan, podagra va kolitdan aziyat chekadigan bemorlarga esa tiyilish tavsiya qilinadi.

Mayiz

Mayizda B guruhi vitaminlari, askorbin kislotasi, Е, К, РР vitaminlari, kalsiy, temir, rux, magniy va natriy serob bo‘ladi. Shuning hisobiga asab tizimiga ijobiy ta’sir qilib, jigar va ichaklarni tozalaydi, immunitetni mustahkamlaydi. Miya faoliyatini yaxshilab, tishlar, tirnoq va sochlarning mustahkam bo‘lishini ta’minlaydi. Ammo oshqozon-ichak traktida muammo bo‘lgan bemorlarga ushbu mahsulotni iste’mol qilish tavsiya qilinmaydi.

Suli yormasi

Ushbu mahsulotning iste’molidan keyin ichaklar faoliyati me’yorlashib, hazm jarayoni yaxshilanadi. Oshqozoni ovqatdan keyin og‘ir bo‘ladigan bemorlar uchun ayni muddao hisoblanadi. Qolaversa, mikroelementlar bisyorligi sabab qon aylanishi, moddalar almashinuvi, teri ahvolini yaxshilaydi. Tabiiy antidepressant hisoblangan ushbu yorma boshqa mahsulotlar bilan ham yaxshi umumlashadi.

Olxo‘ri qoqi

Kuniga 2-3 dona yeyish tavsiya qilinadigan olxo‘ri qoqida kletchatka, pektin, mineral va vitaminlardan tashqari, vitamin, aminokislotalar, glyukoza mujassam bo‘ladi. Mavsumiy avitaminozda ayni muddao hisoblangan ushbu mahsulot ichaklarni tozalashi bilan o‘ziga xos sanaladi. B guruhi vitaminlari bosh miya faoliyatini yaxshilab, depressiyadan qutulishga hissa qo‘shadi. Qon-tomirlar devori va suyaklarni mustahkamlaydi. Oshqozon-ichak traktida muammo bo‘lganlar uchun eng yaxshi variant hisoblangan olxo‘ri qoqidan chaqalog‘i bor onalar, qandli diabet va kolitdan aziyat chekadigan bemorlarga tiyilish tavsiya qilinadi.

От qwert.uz