Forbes dunyoning eng nufuzli ayollari reytingini e’lon qildi. 2011-yildan beri ro‘yxatda birinchi bo‘lgan Merkel o‘z o‘rnini boshqa ayolga bo‘shatdi

Amazon asoschisi Jeff Bezosning sobiq rafiqasi, yozuvchi Makkenzi Skott Forbes talqini bo‘yicha dunyodagi eng taniqli 100 nafar ayollar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. Jurnalning Amerikancha versiyasi xayriya ishlaridagi faolligi tufayli uni reyting yetakchiligiga loyiq topdi.

Mekkenzi Skott

Foto: Getty Images

2011-yildan buyon ushbu reytingda Angela Merkel eng yuqori o‘rinni egallab kelayotgandi. Merkel Germaniya kansleri lavozimini tark etgach, jurnal uni ro‘yxatdan chiqardi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Forbes reytingida AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris ikkinchi o‘rindan joy oldi. Undan keyingi qatorlarda Xalqaro valyuta fondi direktori Kristin Lagard, General Motors bosh direktori Meri Barra, shuningdek, Microsoft asoschisi Bill Geytsning sobiq rafiqasi, tadbirkor Melinda Geyts turibdi.

Rossiyadan yagona vakil Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki raisi Elvira Nabiullina to‘rtinchi yil ham ro‘yxatdan joy oldi. Bu yil reytingda u 57-o‘rindan 60-o‘ringa ko‘tarildi.

2020-yilda Forbes’ning eng nufuzli ayollar reytingida yuqori uchlikdan Merkel, Lagard va Harris joy olgandi.

Shuningdek, o‘tgan yili Finencial Times gazetasi ham o‘z talqini bo‘yicha eng nufuzli ayollar ro‘yxatini e’lon qilgandi. Unga inqirozga qarshi kurashgan va hozirgi davrdagi muhim muammolarga e’tibor qaratgan 12 ayol kiritilgan. Birinchi o‘rinni Yangi Zelandiya bosh vaziri Zasinda Arden egallagan. U koronavirus tahdidiga tezkorlik bilan chora ko‘rgan siyosatchi sifatida qayd etilgan.