Tvorog qo‘shib tayyorlanadigan pryaniklar mazali ta’m va yoqimli hidga ega. Uni do‘kondan sotib olmasdan retsept asosida o‘zingiz uyda tayyorlashingiz mumkin.
— Manba: «Daryo» nashri.

Kerakli masalliqlar:
- tvorog — 250 g
 - tuxum — 1 dona
 - shakar — 220 g
 - tuz — 1 chimdim
 - o‘simlik yog‘i — 90 ml
 - sut — 90 ml
 - vanilin — 2 qoshiq
 - un — 500 g
 - pishiriq kukuni — 3 qoshiq
 - shakar kukuni — 130 g
 - limon sharbati — yarim qoshiq
 
Tayyorlanishi:
- Tvorogni elakdan o‘tkazing yoki blender yordamida aralashtirib oling. Tuxumning sarig‘ini oqidan ajratib oling va sarig‘ini tvorogga qo‘shing. Oq qismini esa glazurga solish uchun olib qo‘ying.
 - Tvorogga shakar, tuz, sariyog‘, sut va vanilinni qo‘shing. Keyin yaxshilab aralashtiring.
 - Unni elakdan o‘tkazing va pishirish kukuni bilan aralashtiring. Tvorog massasini solib, yumshoq xamir tayyorlang.
 - Pechni 190 daraja haroratda qizdiring. Listni pergament qog‘oz bilan o‘rang.
 - Xamirni 15-20 mm qalinlikdagi qatlamga yoyib chiqing. Stakan yoki shakllar bilan diametri 5-6 sm bo‘lgan yumaloq bo‘laklarni kesib oling.
 - Pryaniklarni listga qo‘ying. Pishiriqni qizargunga qadar 20-25 daqiqa davomida pishiring.
 - Bu vaqtda tuxumning oq qismini shakar kukuni va limon sharbati bilan silliq bo‘lguncha aralashtiring.
 - Iliq pishiriqlarni simli panjara ustiga qo‘ying, tuxumning oqini surting va quriguncha 20-30 daqiqaga qoldiring.
 
Yoqimli ishtaha!
