Litva Belarus bilan chegarani noma’lum muddatga yopdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Inga Ruginiyen Milliy xavfsizlik komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qildi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Mazkur qaror mamlakat havo hududi kontrabanda havo sharlari tomonidan bir necha marotaba buzilgani ortidan qabul qilingan. Bosh vazirning aytishicha, 26-oktyabr kuni kechqurun Vilnius aeroportida havo sharlari sabab parvozlar to‘xtatilgan.

So‘nggi haftada sharlar bilan bog‘liq hodisalar to‘rt marta sodir bo‘lgan. Bu taxminan 95 ta reys va deyarli 14 ming yo‘lovchiga ta’sir ko‘rsatgan. Bunga javoban Litva Davlat chegara qo‘riqlash xizmati Belarus bilan chegara o‘tkazish punktlarini yopishini e’lon qilgan.

Har bir vazirlikka aniq vazifalar yuklangan, xususan, politsiya va Litva Davlat xavfsizlik xizmati kontrabandaga qarshi kuchlarni safarbar qilmoqda. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi bilan Belarusga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar kiritish bo‘yicha ish olib borayotgani ma’lum qilingan.

“Bu tez orada amalga oshiriladi. Biz, shuningdek, Polsha va Latviya bilan faol maslahatlashmoqdamiz. Litva NATO va Yevropa Ittifoqiga kiradi, biz hamma narsani ular bilan kelishamiz”, degan bosh vazir.

The Guardian

Shuningdek, Litva NATO nizomining 4-moddasini faollashtirishni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, ittifoq a’zosi xavfsizligiga tahdid bo‘lsa, yig‘ilish o‘tkaziladi. Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, 27-oktyabrdan boshlab Litva harbiylari mamlakat havo hududini buzib kirgan havo sharlarini o‘qqa tutishni boshlaydi. Bundan tashqari, chegarani yopish qarorida ba’zi istisnolar bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

“Diplomatlar harakati ta’minlanadi. Shuningdek, Belarusdan o‘z fuqarolarimiz va Yevropa Ittifoqi fuqarolariga Litvaga kirishga ruxsat beriladi. Qolgan barcha turdagi sayohatlar taqiqlanadi. Belarusga aytar so‘zimiz shuki, hech qanday gibrid hujumlarga yo‘l qo‘ymaymiz va bunday hujumlarni oldini olish uchun eng qat’iy choralarni ko‘ramiz”, degan Ruginiyen.

От qwert.uz