Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar besh yildan ortiq tanaffusdan so‘ng qayta tiklandi. Bu haqda BBC xabar berdi.
— Manba: «Daryo» nashri.

Ushbu yangilik ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar asta-sekin iliqlashayotganidan darak bermoqda. IndiGo aviakompaniyasining Kalkuttadan uchgan 6E 1703 reysi 27-oktyabr kuni Xitoyning Guanchjou shahriga qo‘ngan. Samolyot bortida 180 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan.
Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi parvozlar ilk bor 2020-yil boshida COVID-19 pandemiyasi sabab to‘xtatilgandi. Himolaydagi chegarada yuz bergan qurolli to‘qnashuvlar tufayli qatnovlar qayta tiklanmagan. So‘nggi yillarda esa tomonlar munosabatlarni asta-sekin tiklashga urinmoqda. Ikki davlat 2024-yilda chegarada patrullik bo‘yicha muhim kelishuvga erishgan.
Hindiston hukumati aviareyslarning qayta yo‘lga qo‘yilishi xalqaro aloqalarni mustahkamlash va ikki tomonlama munosabatlarni asta-sekin normallashtirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda. Avgust oyida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi yetti yillik tanaffusdan so‘ng Xitoyga tashrif buyurib, Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Si Szinpin bilan uchrashgan.
Bundan oldinroq, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Dehlida bo‘lib, chegara masalalari va keskinlikni yumshatish haqida muzokara o‘tkazgan. Hindiston iyul oyida xitoylik sayyohlar uchun vizalar berishni ham qayta yo‘lga qo‘ygan. Ma’lumotlarga ko‘ra, pandemiyadan avval — 2019-yilda ikki davlat o‘rtasida 2 500 dan ortiq reys amalga oshirilgan.
