
Agar Yerning tuzilishini kesimda tasavvur qilsak, vulqon go‘yo uning ichki qatlamlariga olib boradigan tayyor yo‘lakdek ko‘rinadi — bu erigan magmaning Yer qa’ridan yuzaga chiqishi uchun xizmat qiladigan tabiiy kanaldir. Shunda mantiqiy savol tug‘iladi: Agar vulqonlar haqiqatan ham sayyoraning ichki qatlamlarini qobiq bilan bog‘lab tursa, ularning krateri orqali pastga tushib (hech bo‘lmasa nazariy jihatdan), Yerning qoq markaziga yetib borish mumkinmi?
Manba: — «Factodrom.com»
Bir qarashda bu g‘oya bema’ni tuyulmaydi, chunki magma vulqon krateriga mantiyaning chuqur zonalaridan kelib tushadi. Biroq, aslida hatto eng chuqur vulqon kanali ham Yer markaziga olib boradigan to‘g‘ri tunnel emas. Vulqonlar pastga qarab minglab kilometrlarga cho‘zilmaydi; ularning kanallari odatda bor-yo‘g‘i bir necha o‘n, maksimal yuzlab kilometrga yetadi va «magmatik kamera» deb ataladigan joyda tugaydi. Bu markazga olib boradigan yo‘l emas, balki erigan jinslar tashqariga otilib chiqishidan oldin to‘planadigan o‘ziga xos «cho‘ntak»dir.
Bundan tashqari, harakatdagi vulqon ichiga tushish jismonan imkonsiz: magmadagi harorat 1200 °C ga yetadi, bosim esa shunchalik yuqoriki, erigan jinslar har qanday texnikani bir zumda kulga aylantiradi. Hatto eng mustahkam qotishmalar ham magmatik zonaga yetib bormasidanoq erib ketadi.
Agar nazariy jihatdan yanada chuqurroq «kavlashda» davom etsak, Yer markazigacha bo‘lgan yo‘l yana 6000 kilometrni tashkil etgan bo‘lardi. Biz litosferadan, so‘ngra plastik mantiyadan o‘tib, nihoyat yadroga — suyuq tashqi va qattiq ichki qismga yetib borgan bo‘lardik. U yerda harorat Quyosh sirtidagidan ham yuqoriroqdir.
Insoniyatning bu yo‘nalishda qila olgan eng katta ishi — Kola o‘ta chuqur qudug‘idir. Olimlar uni 20 yildan ortiq vaqt davomida qazib, bor-yo‘g‘i 12 kilometr chuqurlikka tushishgan, bu esa sayyora markazigacha bo‘lgan yo‘lning 0,2 foizidan ham kam demakdir. Undan uyog‘iga texnika va bosim bardosh bera olmagan.
Shunday qilib, vulqon orqali Yer markaziga tushib bo‘lmaydi, biroq aynan vulqonlar tufayli biz Yer qobig‘i ostida nimalar yashiringanini bilamiz. Ular go‘yo sayyora qa’riga ochilgan derazalardir, ular orqali Yer o‘zining qaynoq qalbini bir lahzaga namoyon etadi.
