
Quruq suvni tasavvur qila olasizmi? Bu xazilomuzday tuyuladi. Quruq muz va quruq sut tushunarli: shunchaki muzlatilgan karbonat angidrid gazi, shunchaki suvi bug‘latilgan sut. Lekin quruq suv?! Ammo u haqiqatan ham mavjud.
Источник: — «Factodrom.com»
Quruq suv — bu metafora emas, balki ftorli ketonlar sinfiga mansub haqiqiy kimyoviy birikma. Uning molekulasi uglerod, kislorod va ftor atomlaridan iborat bo‘lib, vodorod atomlari ftor bilan almashtirilgan — bu element moddaga barqarorlik va g‘ayrioddiy xossalarni beradi. Natijada suvdan taxminan bir yarim barobar zichroq suyuqlik hosil bo‘ladi, lekin u hech qanday materialni namlamaydi va elektr tokini o‘tkazmaydi. Aynan shu sababli unga bu paradoksal nom berilgan.
Quruq suv tarixi ekologik muammo bilan boshlangan. XX asr oxirida insoniyat freonlar — sovutgichlar va yong‘in o‘chirish tizimlarida qo‘llanilgan xladonlar tufayli ozon qatlami buzilishi muammosiga duch keldi. 1987-yilda qabul qilingan Monreal protokoli ularning ishlab chiqarilishini cheklagach, kimyogarlar xavfsiz alternativ izlashga majbur bo‘ldi. Bir necha yildan so‘ng 3M kompaniyasi olimlari Novec 1230 — ozon qatlamiga zarar yetkazmaydigan va atmosfera ultrabinafsha nurlari ta’sirida tez parchalanadigan ftorli ketonni taqdim etdi. Shunday qilib, «quruq suv» paydo bo‘ldi.
Uning xossalari yong‘in o‘chirish tizimlarida inqilob yasadi. Olov bilan aloqa qilganda ftorli keton bir zumda bug‘lanib, katta miqdorda issiqlikni yutadi va shu yo‘l bilan olovni o‘chiradi. Shu bilan birga havodagi kislorod konsentratsiyasi o‘zgarmaydi, bu odamlarga evakuatsiya qilish uchun vaqt beradi. Suyuqlik dielektrik bo‘lgani uchun qisqa tutashuvlarga sabab bo‘lmaydi va elektronikaga zarar yetkazmaydi.
Ekologik jihatdan quruq suv deyarli mukammal. Freonlardan farqli o‘laroq, u o‘nlab yillar davomida atmosferada saqlanib qolmaydi, balki bir necha kun ichida parchalanadi. Bunday yong‘in o‘chirish tizimining bir marta ishga tushirilishi uglerod izi bo‘yicha… bir sigirning bir oylik iziga teng. (Ma’lumot uchun: 1 ta sigir — go’shtdormi yoki sog’in sigirmi, bir yilda atmosferaga taxminan o’rtacha 100 CH₄ metan tashlaydi).
Bugungi kunda quruq suv muzeylar, arxivlar, ma’lumot markazlari, teatrlar va aeroportlarda — odamlar bilan birga qimmatbaho narsalarni ham himoya qilish muhim bo‘lgan joylarda qo‘llanilmoqda. U bosim ostida germetik idishlarda saqlanadi va maishiy foydalanish uchun mo‘ljallanmagan. Biroq tadqiqotchilar uning potentsialini o‘rganishda davom etmoqdalar — chunki bu «namlamaydigan suv» ortida ekologik jihatdan xavfsiz texnologiyalarning kelajagi yashirin bo‘lishi mumkin.
