Baʼzilar samolyotda sayohat qilishni juda yaxshi koʻrishadi. Boshqalarni esa hatto bortdagi oddiy qoidalar ham gʻashiga tegadi yoki qoʻrqitadi. Ammo bu aviakompaniyalarning shunchaki xohish-istagimi? Aslida hammasi yoʻlovchilarning qulayligi va xavfsizligi uchun. Maʼnosini siz oʻylab koʻrmagan boʻlishingiz mumkin boʻlgan baʼzi qoidalarni koʻrib chiqamiz.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Hi-Tech Mail muallifi
Niqob Turbulentlik Chaqaloqlar Hidlar Illyuminatorlar Kiyim Yana
Niqobdan qanday foydalanishni oʻrganing
Samolyotda aqalli bir marta uchgan har bir kishi parvozdan oldin xavfsizlik texnikasi boʻyicha yoʻriqnoma oʻtkazilishini biladi. Va har bir oʻrindiq tepasida kislorod niqobi borligi haqida birinchi navbatda xabar beriladi. Shuningdek, agar siz bola bilan sayohat qilayotgan boʻlsangiz, niqobni avval oʻzingizga, keyin esa bolaga kiydirishingiz kerakligiga eʼtibor qaratiladi.

Buni hamma eshitgan, ammo salon bosimsizlanganda butun harakat uchun koʻpi bilan 30 soniya berilishi haqida kamdan-kam odam oʻylab koʻradi. Shunday qilib, gap faqat niqobni qanday toʻgʻri kiyishda emas, balki buni qanchalik tez qilishda. Agar siz ikkilanib qolsangiz va 30 soniyadan koʻproq vaqt sarflasangiz, niqob sizga endi kerak boʻlishi darmon emas. Bu holatda siz, katta ehtimol bilan, shunchaki hushingizni yoʻqotasiz. Demak, agar siz bola bilan sayohat qilayotgan boʻlsangiz, sizda har biringiz uchun koʻpi bilan 15 soniyadan bor. Mashq qiling.
Samolyot silkinishini toʻxtating!
Agar parvoz paytida samolyot silkina boshlasa, sizga zudlik bilan turbulentlik zonasi boshlangani va xavfsizlik kamarlarini albatta taqib olish kerakligi xabar qilinadi. Salonda yurgan yoʻlovchilarni esa oʻsha paytda styuardessalar qatʼiyat bilan joy-joylariga oʻtqazishadi. Tez-tez uchib turmaydigan inson bu jiddiy muammo va, ehtimol, samolyot allaqachon qulayotgan boʻlishi mumkinligidan qoʻrqib ketishi mumkin. Xodimlar esa bortda sarosima koʻtarilmasligi uchungina oʻzlarini xotirjam tutishadi.

Tez-tez uchadigan yoʻlovchilar esa hatto uygʻonishmaydi ham yoki tinchgina kino koʻrishda davom etishadi. Ular bu silkinish tez orada tugashini va undan keladigan maksimal zarar — bu javonlardan tushib ketgan buyumlar ekanligini yaxshi bilishadi.
Aslida, turbulentlik — ekipaj uchun ham, samolyot uchun ham juda oddiy hodisa. Zamonaviy mashinalar hatto eng kuchli turbulentlikka ham bardosh bera oladi, u esa juda kamdan-kam hollarda yuz beradi. Shunday qilib, kichik tebranish parvozga hech qanday taʼsir qilmaydi. Joyga oʻtirish va kamarlarni taqib olish talabi esa faqat siz muvozanatni yoʻqotib, yangi koʻkargan joy shaklidagi «bezak»ga ega boʻlishingiz xavfi bilan bogʻliq.
Tugʻildingmi? Unda uchdik
Koʻpgina ota-onalar deyarli tugʻilgandan boshlab bolalari bilan sayohat qilishadi. Ammo aviakompaniya qoidalari 14 kunlikgacha boʻlgan yosh avlodni bortga qabul qilishni taqiqlaydi. Baʼzilar unchalik qatʼiy emas va bir haftalik boʻlgan bolalar bilan kirishga ruxsat berishadi.

Baribir parvozdan oldin aynan sizning aviakompaniyangizda qanday qoidalar borligiga aniqlik kiritib olish kerak. Yoki sayohatga ruxsat berilishi haqida maʼlumotnoma taqdim etish lozim.
Yoqimsiz hid taratish taqiqlanadi
Bu haqiqiy qoida. Agar yoʻlovchilar tanangizning hididan norozi boʻlishsa, baʼzi aviakompaniyalar sizni samolyotdan tushirib yuborish huquqiga ega. Masalan, 2019-yilda American Airlines aviakompaniyasi Floridadagi taʼtildan poytaxt Detroitga qaytishni rejalashtirgan yahudiy oilasini reysdan chiqarib yuborgan.
Shuning uchun sizning hidingiz atrofdagilarni shokka tushirmasligiga ishonch hosil qilishingiz kerak. Mabodo siz uchishni rejalashtirayotgan aviakompaniya ham sizni yerda qoldirish huquqiga ega boʻlib chiqsa-chi.
Pardalar va stollarni yoʻqoting
Quyosh toʻgʻri koʻzga tushyapti, sizni esa illyuminator pardalarini koʻtarishga majbur qilishyapti. Gʻazablanarli, shunday emasmi? Bu qoida barcha aviakompaniyalarda bor. Ammo har bir yoʻlovchi ham bu qoida koʻtarilish va qoʻnishda atrofdagi manzaralardan bahramand boʻlishingiz uchun amal qilmasligini bilavermaydi.

Shunchaki koʻtarilish va qoʻnish — parvozning eng muhim qismlaridir. Aynan shu bosqichlarda favqulodda vaziyatlar eng koʻp sodir boʻladi. Yoʻlovchilarni evakuatsiya qilish uchun esa ekipajda bor-yoʻgʻi 90 soniya bor. Ochiq illyuminatorlar bilan jamoa bort ortidagi vaziyatni imkon qadar tezroq baholay oladi va kerakli qarorni qabul qiladi. Qolaversa, tashqaridagi qutqaruvchilar ham illyuminatordan ichkariga qarab, samolyotdagi vaziyatni tezroq tushunib olishadi.
Bunga stollarni yigʻishtirish va oʻrindiqlarni vertikal holatga keltirish talabini ham kiritish mumkin. Shunchaki stollar va orqaga surilgan oʻrindiq favqulodda vaziyatda qochishingizni qiyinlashtiradi. Koʻtarilish va qoʻnish paytidagi xira yorugʻlik esa hordiq chiqarish uchun emas, balki kutilmagan holatlarda koʻzingizni gʻira-shira koʻrinishga moslashtirish uchundir.
Kechirasiz, siz kiyinmagansiz
Sayohatga otlanishdan oldin kiyimingizni tekshirib koʻring. Atrofdagilarni shokka tushirmasligingizga ishonchingiz komilmi? Albatta, gap bortdagi dress-kod haqida ketmayapti, hech kim sizni faqat rasmiy kostyumda uchishga majbur qilmaydi. Ammo baʼzi aviakompaniyalar, agar sizning kiyimingiz, ularning fikricha, nomunosib boʻlsa, sizni bortga qoʻymaslik huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Shuningdek, agar siz bortga poyabzalsiz kirib olmoqchi boʻlsangiz, sizga samolyotga chiqish rad etilishi mumkin. Kundalik hayotda yalangoyoq qancha xohlasangiz shuncha yurishingiz mumkin, ammo sayohat uchun poyabzal kiyishga marhamat qiling.
Oxirgi sayohat
Albatta, bunday holat juda kamdan-kam hollarda sodir boʻladi, ammo bilib qoʻygan maʼqul. Agar parvoz paytida yoʻlovchilardan biri u dunyoga yoʻl olsalar, siz uning hamrohi boʻlib qolish xavfi ostida boʻlasiz. Ilgari qoidalar vafot etgan kishini bort hojatxonasiga joylashtirishga ruxsat berar edi. Hozir esa unga har qanday boʻsh joyni tanlash lozim boʻladi, bu joy esa, koʻpincha, biznes-klassdan topiladi. Yoʻlovchilar, albatta, bunday hamroh haqida ogohlantiriladi. Uni oʻrindiqga oʻtqazib, parvoz oxirigacha ehtiyotkorlik bilan ustini adyol bilan yopib qoʻyishadi. Shunday qilib, hatto biznes-klass uchun ortiqcha toʻlov ham sizni bunday kutilmagan hodisalardan qutqara olmaydi.

