Yosh o‘tishi bilan ko‘pchilik murakkab trenajyorlar va zerikarli mashqlarsiz xotira o‘tkirligi hamda diqqat jamlashni qanday saqlab qolish haqida o‘ylaydi. Miyni qo‘llab-quvvatlashning eng oddiy usullaridan biri — o‘yinlardir.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Yangiliklar muallifi

Nevrologlar va gerontologlar aql uchun mo‘ljallangan o‘yinlarni tobora ko‘proq o‘z tavsiyalariga kiritmoqdalar: bunday mashg‘ulotlar miyaning turli qismlarini mashq qildiradi, shu bilan birga yoqimli hordiq bo‘lib qoladi. Biz bir nechta mutaxassislarning o‘zlari qanday miya o‘yinlarini o‘ynashlari va o‘z patsiyentlariga nimani maslahat berishlari haqidagi fikrlarini to‘pladik.
Sudoku
«Miya himoyachilari» kitobi muallifi, nevrolog Devid Perlmutter o‘zi muntazam ravishda sudoku yechadi. Unining so‘zlariga ko‘ra, ushbu raqamli boshqotirma bir vaqtning o‘zida mantiq, diqqat, ishchi xotira va masalalarni hal qilish qobiliyatini ishga soladi.
New Orleans East kasalxonasining insult bo‘yicha tibbiy direktori Sheril Martin-Shild ham sudokuni yaxshi ko‘radi, lekin u ortiqcha stresssiz miyaga maqbul yuklama beradigan o‘rtacha murakkablik darajasidagi boshqotirmalarni afzal ko‘radi. Tadqiqotlar tasdiqlaydi: sudoku prefrontal po‘stloqning diqqat va ishchi xotira uchun mas’ul bo‘lgan zonalarini faollashtiradi hamda ushbu funksiyalarida buzilishlar bo‘lgan odamlar uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Krossvordlar va so‘z o‘yinlari
Martin-Shild klassik krossvordlarga ham qiziqadi va ularni eri bilan birgalikda yechadi — shunday qilib o‘yin muloqot uchun ham sabab bo‘lib, ularning oilasidagi munosabatlarni MUSTAHKAMLAYDI. Kaiser Permanente geriatri Anjela Ksu mashhur Wordle va Connections o‘yinlarini afzal ko‘radi: uning so‘zlariga ko‘ra, ular nafaqat yangicha fikrlashga majbur qiladi, balki yaqinlar bilan birga o‘ynalganda ijtimoiy aloqalarni ham mustahkamlaydi. Dastlabki tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, krossvordlarni muntazam yechish Altsgeymer kasalligi xavfi guruhidagi odamlarda kognitiv funksiyalarni qo‘llab-quvvatlashning oddiy va arzon usuli bo‘lishi mumkin.
Karta va stol o‘yinlari
Perlmutter strategik karta o‘yinlarini yaxshi ko‘radi — masalan, Hearts va Shanghai Rummy — ular xotira va diqqatni mashq qildiradi hamda shu bilan birga muloqotga yordam beradi. Ksu smartfon ilovasida emas, balki haqiqiy kartalar bilan o‘ynashni maslahat beradi: bu mayda motorika va fazoviy fikrlashni ishga soladi.
Stol o‘yinlari orasida Perlmutter nard, shaxmat va yurishlarni oldindan hisoblashni talab qiladigan boshqa strategik o‘yinlarni ajratib ko‘rsatadi. Tadqiqotlar ko‘rsatdi: qariyalar uyida haftasiga ikki marta bir soatdan shaxmat o‘ynagan keksalar kognitiv funksiyalarining yaxshilanganini va hayot sifatining oshganini namoyish etishgan.

Pazllar
Perlmutter oilasi katta pazllarni, jumladan oilaviy fotosuratlardan tayyorlanganlarini yig‘ishni yaxshi ko‘radi. Bundoq mashg‘ulotlar fazoviy fikrlash, uzoq vaqt jamlanish va sabr-toqatni ishga soladi — aynan shu ko‘nikmalar yosh o‘tishi bilan sezilarli darajada pasayishi mumkin. Kuzatuv tadqiqotlari muntazam pazl yig‘ishni turli kognitiv testlar bo‘yicha yuqori natijalar bilan bog‘laydi.
Miyani qaysi o‘yin eng yaxshi mashq qildiradi
Psixologlar ta’kidlashadi: masalan, shaxmatni mukammal o‘ynash qobiliyati insonni kundalik vazifalarda avtomatik ravishda sezilarli darajada muvaffaqiyatli qilishi haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q. Ammo tadqiqotlar bir nechta umumiy prinsiplarni ajratib ko‘rsatadi. Xususan, haqiqatan ham biroz murakkab bo‘lgan, kuch-g‘ayrat talab qiladigan va ko‘nikmalar oshgani sayin murakkablashib boradigan o‘yinlar eng ko‘p foyda keltiradi. Va eng muhimi: o‘yinlarni muntazam o‘ynash kerak — faqat shundagina ularning samarasi sezilarli bo‘ladi.
Mutaxassislar eslatib o‘tadilar: miya plastikdir, o‘rganish jarayonida yangi neyron aloqalari shakllanadi. Shuning uchun ham chorlov tashlaydigan, ham shu bilan birga zavq bag‘ishlaydigan mashg‘ulotlarni tanlash muhimdir. Bunda maksimal darajada turli kognitiv funksiyalarni ishga solish uchun bitta narsa bilan cheklanib qolmasdan, o‘yinlarning turli turlarini kombinatsiya qilgan ma’qul.
Avvalroq olimlar fikrlash tiyniqligini uzoqroq saqlashga yordam beradigan fazilatni nomlashgan edi.
