Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda jazo muddatini o‘tayotgan Gulnora Karimovaning o‘zbek xalqiga murojaati qizg‘in muhokama qilinmoqda. Murojaatda Gulnora Karimova xalqdan uzr so‘ragan va O‘zbekistonga 1,2 milliard dollarni qaytarganini(!) ma’lum qilgan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .
Foto: UzReport
“Bu mening so‘nggi olti yildagi ilk murojaatim. Mening bugungi ahvolimga achinayotgan va men uchun duo qilayotgan barchaga tashakkur bildiraman. Men xalqdan va men duch kelgan muammoni hurmat qilgan va hurmat qilayotgan barchadan uzr so‘rayman”, deyiladi mahkumaning qizi Imon Karimova Instagram sahifasida e’lon qilgan mazkur murojaatda.
Shundan so‘ng o‘zbek shou-biznesi vakillari yangi chellenjni boshlab yubordilar — qo‘shiqchilar Instagram’dagi o‘z akkauntlarida Gulnora Karimovaning rasmlarini joylab, post qoldira boshladi.
“San’atimiz yulduzlari” Gulnora bilan avval tushgan fotolarini joylab, “Sizni sog‘indik, tezroq eson-omon oilangiz bag‘riga qayting. Sihat-salomatlik tilaymiz”, “Ollohim qo‘llasin. Farzandlaringizga bosh bo‘ling, tanu joningiz sog‘ bo‘lsin. Sizning duogo‘ylaringiz ko‘p. Siz mening kumirimsiz”, “Eson-omon oilangiz bag‘riga qayting” deb yozishdi.
Bunday quvonganlar orasida taniqli jurnalistlar va blogerlar borligi yanada ajablanarli. “Gulnoraning kuchi, bilimi, tashkilotchilik qobiliyati, qolaversa, pulidan o‘zbek xalqi manfaati yo‘lida foydalanish shart. Unga ozodlik berish, hech bo‘lmasa, Fond forum doirasida faoliyat yuritishiga imkon berish kerak. Bir oygina oldin kechirilishi aqlimizga sig‘magan odamlar kechirilib, ularga uy-joy ham berilganda, nahotki, Gulnorani kechirmaslik kerak?”, deb astoydil kuyinganlar ham bo‘ldi.
Qizig‘i, Gulnora Karimovaning murojaati haqida rasmiy manbalarda biror ma’lumot berilmadi. Bu bo‘yicha Oliy Sudga yaqin vaqt ichida biror murojaat kelib tushmagani, uning va oila a’zolarining turli manbalar orqali tarqatayotgan bayonotlari Gulnora Karimovaning shaxsiy tashabbuslari ekani, bu borada rasmiy hujjatlar ko‘rib chiqilmayotgani to‘g‘risida mutasaddilar xabar berdi.
Xo‘sh, unda bu murojaat, unda bayon etilgan 1,2 milliard dollar haqidagi gaplardan kimga nima naf? Qolaversa, allaqachon Gulnora Karimovani sog‘inib qolgan, tezroq qaytishini istayotganlar har bir jinoyat uchun jazo muqarrarligi, u shoh bo‘ladimi, gadomi qonun oldida tengligini bilishmaydimi? Agar otasining mavqei yoki hurmati yuzasidan bu xonimning jinoyati muqarrar darajada katta bo‘lishiga qaramay kechiraversak, biz intilayotgan erkin fuqarolik jamiyati qurish haqidagi maqsad-muddaolarimizdan ne ma’no qoladi? Suriyadan kelgan ayollarni kechirdik bu xonimni ham kechirishimiz kerak, degan iddaolar ham, nazarimizda, juda ortiqcha.
Axir, bu ayollar, begunoh bolalarni muhtaram Prezidentimiz olov ichidan olib keldi. Qolaversa, Yurtboshimizning shaxsan o‘zi ularning nima uchun yurtni tashlab chiqib ketishganini o‘ylab ko‘rish kerak, degan o‘rinli savolni o‘rtaga tashladi, insondek yashashlari uchun bir imkon hadya etdi. Ehtimol, Karimova xonimning nafsi hakalak otmaganida, xalq mulkiga chang solmaganida, vijdonsizlarcha o‘g‘irlik qilmaganida nafaqat ushbu 156 nafar inson, balki dunyoning turli burchagiga tariqdek sochilib ketgan 2 milliondan ziyod o‘zbek bugun oilasi bag‘rida to‘kis yasharmidi? Ehtimol, ana shu pullarga yurtimiz tibbiyoti rivojlanib, oqqonga chalingan bolalar, saraton tufayli hayotdan ko‘z yumgan yosh-yosh insonlarning dardiga davo topilib, ular bugun oramizda yurisharmidi?! Balki milliard-milliard dollar miqdoridagi mablag‘lar ta’lim tizimiga sarflanganida ushbu sarmoya mamlakat hayotida allaqachon samara bera boshlarmidi? Xullas savollar ko‘p, ammo shunisi aniqki, Karimova xonimning holati bilan 156 nafar yurtdoshimiz orasida osmon bilan yercha tavofut borligini esdan chiqarmaslik lozim.
Post qoldirganlar orasida “Karimovning hurmati uchun” degan gaplar ham uchramoqda. Bu ham noto‘g‘ri fikr. Zero, Karimovning o‘zi tirikligidayoq qizining qing‘irliklarini fosh qilish, uning qonun oldida javob berishiga yo‘l qo‘yib berdi. Nafaqat otasining, balki butun xalqining nomusini yerga urgan insonning esa vijdon azobi aslo oson o‘tib ketmaydi, agar vijdoni bor bo‘lsa, Gulnora endi el oldida bosh ko‘tarib yurolmaydi. Qolaversa, osongina kechirib, bu kimsaga rahm-shafqat qilsak, biz, o‘zimiz xalkning orini, g‘ururini yer bilan bitta qilgan bo‘lmaymizmi? Bizni kuzatib turgan dunyo hamjamiyati orasida kulgiga qolmaymizmi?
Xolbuki, shu vaqtga qadar Gulnora va uning farzandlari o‘zbek xalqining o‘g‘irlab, chet ellarga olib chiqib ketgan mablag‘ini qaytarishga turli xiyla-nayranglar bilan qarshilik qilib kelmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, “Hech ikkilanmay xalq pulini o‘g‘irlash va bir muddat qamoqda o‘tirib chiqib, hayotni kelgan yeridan davom ettiraverish mumkin ekan”, degan fikr boshqalarda shakllanmasligi, aksincha, o‘g‘rilik va xiyonatning borar manzili nadomat ekanini, o‘zbeklarda or-nomus mustahkamligini ko‘rsatib qo‘yish bugun har birimizdan ham qarz, ham farzdir.
Internet materiallari asosida tayyorlandi