Chechenistonning Shali shahrida Yevropadagi eng yirik masjidning tantanali ochilgani haqida xabar berilgandi. Masjid ichida 30 ming kishi, atrofida esa 70 ming musulmon ibodat qila oladi. Marosimda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov masjid Muhammad Payg‘ambar nomi bilan atalishi haqida e’lon qildi, deb xabar beradi “Xalq so‘zi Online”.

Foto: “Xalq so‘zi Online”

Ushbu masjid qurilishi 2012-yili boshlangan. Dastlab 10 ming namozxonga mo‘ljallangan masjidni 2015-yilda ochish rejalashtirilgan edi. Biroq keyinroq qurilish rejasiga o‘zgartirish kiritilgan, uni foydalanishga topshirish muddati ham uzaytirilgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Xabarga ko‘ra yangi masjid “Shali-siti” majmuasi tarkibiga kiradi. Bu majmuada Shali shahri uchun xos bo‘lmagan olti ko‘p qavatli turar-joy binolari ham joylashgan. Binolar 12 va 16 qavatga ega. Shuningdek, majmuada qo‘riqlash minorasi shaklidagi 21 qavatli bino ham bor, uning ichida restoran, ofislar va mehmonxona joylashgan.

2017-yili yangi majmua barpo etilayotgan hudud atrofidagi yuzga yaqin uy buzib tashlangan, bu yerda majmuaga eltuvchi maxsus yo‘l barpo etilgan. 2018-yili Shalidagi uylari buzilgan 92 oilaga yangi uylardan iborat posyolka qurib berilgan.

Foto: “Xalq so‘zi Online”

Yevropadagi eng yirik masjid Samarqand va Buxoro mumtoz me’morchiligi uslubida o‘zbek me’morlari tomonidan barpo etildi. Bosh arxitektor Abduqahhor Turdiyevning aytishicha, Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov taklif va mulohazalari asosida loyihaga o‘zgartirishlar kiritilgan.

“Qurilishda foydalanilgan oq marmar faqat Gretsiyaning Tasos orolidan qazib olinadi. Qoyalardan kesib olingan ulkan bo‘laklarni qayta ishlash uchun materikka yuboriladi. Zavod sharoitida esa marmarga zarur shakl beriladi”, — deya tushuntiradi bosh arxitektor.

Masjidning asosiy xonasida lotos shaklidagi sakkiz metrli, og‘irligi uch tonnali qandil o‘rnatilgan. Checheniston prezidentining masjid qurilishini nazorat qilgan maslahatchisi Amruddi Edilgiriyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qandil maxsus buyurtma bo‘yicha Turkiyada yasalgan. U 400 ta chiroq Swarovski billurlari va oltin bilan bezatilgan.

Masjid atrofida har xil turdagi qariyb 2000 daraxt, 28 xil atirgul o‘tqazilgan. Masjid barpo etilishiga qancha mablag‘ sarflangani ma’lum emas.

Foto: “Xalq so‘zi Online”

Masjidning ochilishiga o‘zbekistonlik bir guruh oshpazlar o‘zbekcha palov tayyorlab, mahalliy aholi va mehmonlarga tortiq qilishlari rejalangan.

Jami 43 mamlakatdan 150 oliymaqom mehmonlar, shu jumladan, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rahbari, muftiy Usmonxon Alimov ham marosimda qatnashgani xabar qilindi.

Shu kuni Shali shahrida Qur’on hofizlari maktabi ham ochilgan.

От qwert.uz