Straus House MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti “Kun.uz”ga ma’lum qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi
Foto: Straus House
Dastlabki tergov jarayonlarida aniqlanishicha, Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Yangi shahar ko‘chasi, 16-uyda joylashgan Straus House MChJ mansabdor shaxslari Toshkent shahar, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi jismoniy va yuridik shaxslar bilan 2019 yilning yanvar—aprel oylari davomida 90 kun muddat ichida Janubiy Afrika Respublikasidan “Ostrich” zotli tuyaqush (straus) jo‘jasini yetkazib berish yuzasidan shartnomalar rasmiylashtirish orqali ularning ishonchiga kirib, respublikaning turli viloyatlarida yashovchi 300dan ortiq fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilishda gumon qilinmoqda.
Strause House MChJ ta’sischisi, Isroilov Ibroxim Rovshan o‘g‘li Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ushbu moddada eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.