Magniy organizm uchun muhim minerallardan biri bo‘lib, 300 dan ortiq biokimyoviy jarayonda ishtirok etadi.
— Manba: «Daryo» nashri.

Magniy asab tizimi, miya, yurak, mushaklar va suyaklarning to‘g‘ri ishlashi uchun zarur. U qon bosimini me’yorda ushlab turish, energiya ishlab chiqarish, oqsil sintezi va mushaklarning bo‘shashishiga yordam beradi.
Organizmda magniy yetishmasligi mushaklar tortishishi, doimiy charchoq, asabiylashish, uyqu buzilishi va hatto yurak faoliyatidagi muammolarga olib kelishi mumkin.
Qora shokolad magniyning yaxshi manbalaridan biri hisoblanadi. Masalan, tarkibida 70–85 foiz kakao bo‘lgan 30 gramm shokoladda taxminan 65 mg magniy mavjud. Biroq ayrim mahsulotlarda bu mineral miqdori undan ham ko‘proq.
1. Qovoq urug‘i

Magniy miqdori bo‘yicha qovoq urug‘i yetakchi hisoblanadi. Uning 30 grammida 168 mg magniy mavjud. Bu katta yoshli insonning kunlik ehtiyojining qariyb 40 foizini tashkil etadi.
Bundan tashqari, qovoq urug‘i oqsil, kletchatka va foydali yog‘larga boy. Ular qondagi qand va xolesterin miqdorini nazorat qilishga yordam beradi.
2. Ismaloq

180 gramm pishirilgan ismaloqda 157 mg magniy mavjud. Bu kunlik ehtiyojning 37 foizidan ko‘prog‘ini qoplaydi.
Shuningdek, ismaloq kletchatkaga boy bo‘lib, ichak faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi hamda qondagi glyukoza va xolesterin miqdorini me’yorda saqlashga yordam beradi.
3. Amarant yormasi

Yarim stakan pishirilgan amarantda 123 mg magniy bor. U kleykovina saqlamaydi, ammo oqsil, temir va ruxga boy. Shu sababli bu mahsulot kamqonlikning oldini olish va immunitetni qo‘llab-quvvatlashda foydali.
4. Braziliya yong‘og‘i

30 gramm Braziliya yong‘og‘ida 107 mg magniy mavjud. Bundan tashqari, u selen moddasiga juda boy: bir porsiyasi kunlik ehtiyojning qariyb 10 baravarini ta’minlaydi.
Selen hujayralarni shikastlanishdan himoya qilish va qalqonsimon bez gormonlarini ishlab chiqarish uchun zarur. Biroq selen miqdori juda yuqori bo‘lgani sababli Braziliya yong‘og‘ini ko‘p iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

5. Chia urug‘i
30 gramm chia urug‘ida taxminan 95 mg magniy bor. Shuningdek, u o‘simlik manbali omega-3 yog‘ kislotalari va kletchatkaga boy.
Bu moddalar yurak va miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, yallig‘lanish jarayonlarini kamaytirishga yordam beradi.
6. Soya donlari

Yarim stakan pishirilgan soya donida taxminan 74 mg magniy va 15 gramm oqsil mavjud.
Soya tarkibidagi izoflavonlar antioksidant xususiyatga ega. Ular ayollar salomatligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, xususan, menopauza davridagi ayrim alomatlarni yengillashtirishi mumkin.
Organizmga kuniga qancha magniy kerak?
Katta yoshdagi erkaklar uchun kunlik magniy ehtiyoji 400–420 mg, ayollar uchun esa 310–320 mg ni tashkil etadi.
Mutaxassislar magniyni qo‘shimchalardan ko‘ra turli oziq-ovqat mahsulotlari orqali olishni tavsiya qiladi. Buning uchun yong‘oq, urug‘lar, butun donli mahsulotlar va ko‘katlarni kundalik ratsionga qo‘shish mumkin.
Magniy qo‘shimchalarini qabul qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish va tavsiya etilgan dozadan oshirmaslik kerak.

