Antidepressantlar haqidagi bahslar davom etmoqda, chunki ularning miyaga ta’siri oxirigacha o‘rganilmagan. Hatto oddiy paratsetamolning qanday ta’sir qilishi ham olimlarga to‘liq ma’lum emas. Tanqidchilar depressiyaga qarshi dorilar me’yoridan ortiq buyurilayotganini aytsa, boshqalar ularni samarali davolash vositasi deb hisoblaydi. Aslida, antidepressantlar insonni qanday o‘zgartiradi?
— Manba: «Daryo» nashri.

So‘nggi paytlarda depressiyaga qarshi dorilar (antidepressantlar) atrofidagi muhokamalar asosan ularni qabul qilishni to‘xtatish kerakmi va buni qanday amalga oshirish mumkinligiga qaratilmoqda.
AQSH sog‘liqni saqlash vaziri kichik Robert F. Kennedi va antidepressantlarning boshqa tanqidchilari bu dorilar bemorlarga haddan tashqari ko‘p buyurilayotgani va jiddiy nojo‘ya ta’sirlarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Biroq tibbiyot hamjamiyati antidepressantlarni depressiya, xavotir va obsessiv-kompulsiv buzilish kabi turli ruhiy kasalliklarni davolashda samarali va zarur vosita deb biladi.
Biroq bu bahslar ortida fan hali aniq javob bera olmagan muhimroq savol turibdi: antidepressantlar aslida qanday ta’sir qiladi? The New York Times nashri depressiyaga qarshi preparatlar taʻsiri boʻyicha maqola eʻlon qildi.
Jamoatchilik orasida antidepressantlar miyadagi kimyoviy moddalar yetishmovchiligini to‘ldirish orqali ta’sir qiladi, degan qarash keng tarqalgan. Bu tasavvur 1990-yillarda farmatsevtika kompaniyalari reklamalari orqali ommalashgan. Biroq kamida 2000-yillarning boshidan beri olib borilgan tadqiqotlar antidepressantlar aynan bunday mexanizm orqali ishlamasligini ko‘rsatmoqda. Shifokorlar bu dorilarni uzoq yillik tadqiqotlar natijalariga asoslanib buyuradi. Bemorlar depressiyaga qarshi preparatlar ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarni yengillashtirishini tasdiqlaydi.
Ammo dorilar aynan qanday ta’sir ko‘rsatishi borasida shifokorlar va olimlarda hozircha aniq tushuncha yo‘q. Bu gʻalati tuyulishi mumkin, lekin paratsetamol (asetaminofen) va umumiy narkoz vositalari bilan ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Shunday bo‘lsa-da, antidepressantlarning qanday ta’sir qilishini tushunish lozim.
Bu jamoatchilikni xabardor qilish, qoʻshimcha tadqiqotlar olib borish, dorilar nega hammaga birdek yordam bermasligini aniqlash va yangi davolash usullarini ishlab chiqishda muhimdir. Hozirgi kunda olimlar bir nechta nazariyalar ustida ish olib bormoqda. Ulardan hech biri uzil-kesil isbotlanmagan, ba’zilari hatto ertagayoq inkor etilishi mumkin. Biroq ushbu farazlar birgalikda tibbiyotning ayni paytdagi eng ishonchli qarashlarini ifodalaydi.
Antidepressantlar miyadagi kimyoviy muvozanatni tiklaydi(mi)
Avvalo, miyadagi kimyoviy muvozanat buzilishi haqidagi nazariyaning qanchalik asosli ekaniga to‘xtalamiz. Masalan, S.S.R.I. guruhiga mansub antidepressantlar (serotoninning qayta so‘rilishini tanlab to‘suvchi dorilar) va boshqa shu turdagi vositalar miyadagi neyrotransmitterlar deb ataladigan ayrim kimyoviy moddalar miqdorini oshiradi. Biroq hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, ular miyadagi kimyoviy moddalar yetishmovchiligini to‘ldirmaydi. Aksincha, ular asab hujayralarida bir qator o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi. Natijada miya faoliyati va insonning fikrlash tarziga ta’sir qiladi.
Depressiya va xavotir maʻlumotlarni hissiy jihatdan qabul qilish va idrok etishiga ta’sir etadi. Masalan, odam boshqalarning neytral yuz ifodasini norozilik yoki tanqid sifatida qabul qilishi mumkin. U salbiy xotiralarni ijobiylariga qaraganda tezroq eslaydi. Yaxshi voqealar ham unchalik quvonch bag‘ishlamaydi, tanqid esa odatdagidan ko‘proq ranjitadi. Depressiya yoki xavotirga duch kelgan odamlar ko‘pincha salbiy fikrlar girdobidan chiqa olmayotgandek his qiladi.

Oksford universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, antidepressantlar salbiy hissiy ma’lumotlarni ijobiy tomonga o‘zgartirish xususiyatiga ega. Bu ta’sir dorilarni qabul qilish boshlangandan so‘ng juda tez – sanoqli kunlar ichida, ba’zan birinchi dozaning o‘zidayoq namoyon bo‘ladi. Biroq hissiy ma’lumotlarni qayta ishlashdagi ushbu siljishning o‘zi insonni depressiya yoki xavotirdan to‘liq xalos etish uchun yetarli emas.
Depressiyaga qarshi dorilardan soʻng inson o‘zi va atrofidagi dunyoni qayta oʻrganadi. Salbiy idrok etish to‘xtashi natijasida miya asta-sekin neytral va ijobiy taassurotlarni to‘play boshlaydi. Bu jarayonda atrofdagi muhit ham rol oʻynaydi. Yaqinlarining qo‘llab-quvvatlovi, samimiy munosabatlar va psixoterapiya antidepressantlar samarasini sezilarli darajada oshiradi.
Hissiy qabul qilishdagi bu o‘zgarishlar bilan bog‘liq yana bir qarashni psixiatr Piter Kramer ommalashtirgan. Unga ko‘ra, antidepressantlar insonning nevrotizmini kamaytirishi mumkin. Nevrotizm – doimiy xavotir, salbiy his-tuyg‘ularga moyillik va stressga yuqori sezgirlik bilan tavsiflanadigan shaxsiy xususiyat. Bir klinik tadqiqotda paroksetin deb ataladigan antidepressantni qabul qilgan bemorlarda nevrotizm darajasi sezilarli pasaygani aniqlangan. Bu o‘zgarishni faqat depressiya alomatlarining yengillashishi bilan izohlab bo‘lmaydi.
Antidepressantlar miyaning o‘zgarish qobiliyatiga qanday ta’sir qiladi?
Antidepressantlarning yana bir ehtimoliy ta’siri neyroplastiklik bilan bog‘liq. Neyroplastiklik miyaning o‘z tuzilishi va nerv hujayralari o‘rtasidagi aloqalarni qayta tashkil etish qobiliyatidir. Antidepressantlarni muntazam qabul qilish bu jarayonni rag‘batlantiruvchi miya kimyoviy moddalari va mexanizmlarini faollashtirishi mumkin.
Taxminlarga ko‘ra, ushbu dori vositalari “imkoniyat oynasi”ni ochib beradi. Bu orqali miyada o‘z neyron aloqalarini o‘zgartirish qobiliyati qayta tiklanadi. Antidepressantlar bilan davolangan bemorlar ko‘pincha o‘zlarida ruhiy moslashuvchanlik ortganini his qiladi va samarasiz fikrlash qoliplaridan osonroq xalos bo‘ladi. Ayrim tadqiqotchilar antidepressantlarga o‘ziga xos “kognitiv qabziyat”ni bartaraf etuvchi vosita sifatida qarashni taklif qilgan.
Neyroplastiklik haqidagi ilmiy dalillar hozircha bahsli. Shunga qaramay, olimlar antidepressantlar miyaning inson boshdan kechirgan voqealar va yangi vaziyatlardan o‘rganish qobiliyatini kuchaytirishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu gipoteza dorilar qanday ta’sir qilishini tushuntiruvchi asosiy nazariyalardan biri boʻlib turibdi.
Antidepressantlar hissiyotlarni susaytiradimi?
Depressiyaga qarshi dorilarning nojo‘ya ta’sirlaridan yana biri hissiyotlar susayishdir. Antidepressant qabul qilayotgan 700 dan ortiq kishi ishtirokidagi so‘rovnomada ularning deyarli yarmi shunday holatni boshdan kechirgan. Taxminan uchdan bir qismi aynan shu sababli dorini to‘xtatish haqida o‘ylagan.
S.S.R.I. guruhidagi antidepressantlarni qabul qilgan sog‘lom odamlarda (koʻngillilarda) ham quvonchli yoki salbiy voqealarga hissiy munosabat pasaygan. Ijtimoiy tarmoqlarda bu holatga oid hazillar ham bor. Masalan, yong‘in yoki otishma kabi xavfli vaziyatlarga xotirjam munosabat bildirayotgan odamlar tasvirlangan videolar ostida “Bu odam qancha Leksapro (antidepressant) ichgan ekan?” degan izohlarni uchratish mumkin.
Ayrimlarning fikricha, antidepressantlar aynan mana shu hissiy to‘siq hisobiga samara beradi. Ya’ni dorilar ruhiy muammolarni davolashdan ko‘ra, ijobiy va salbiy his-tuyg‘ularni ko‘proq so‘ndiradi. Biroq mavjud tadqiqotlar bu daʻvoni yetarlicha tasdiqlamaydi. Shunga qaramay, ayrim bemorlarda antidepressantlar barcha hissiyotlarning kuchini pasaytirish orqali yordam berishi mumkin.
Davolanish natijasiga yana nimalar ta’sir qiladi?
Bunday dorilarning ta’sirini baholashda boshqa omillarni ham hisobga olish kerak. Tadqiqotlarga ko‘ra, bemorning muolajaga ijobiy munosabati, ahvoli yaxshilanishiga ishonishi, shifokor bilan yaxshi munosabatda bo‘lishi, vaqt o‘tishi va tibbiyot xodimlari bilan muntazam muloqot qilishi sog‘ayish jarayoniga sezilarli hissa qo‘shadi.
Antidepressantlar platsebodan samaraliroq, ammo ularning qo‘shimcha ta’siri kutilganidan unchalik katta bo‘lmasligi mumkin. Tajribali shifokorlar buni yaxshi biladi va dori tayinlash jarayoniga jiddiy e’tibor qaratadi. Ular bemor bilan ishonchli munosabat o‘rnatadi, davolanish jarayonida u bilan hamkorlik qiladi va sog‘ayishda real umid uyg‘otadi. Shuningdek, bemorni xavotirga solishi mumkin bo‘lgan masalalarni oldindan muhokama qilib, muolaja davomida u bilan muntazam muloqotda bo‘ladi.
Depressiyaga qarshi dorilar qanday ishlashini tushuntiruvchi gipotezalar bir-biriga zid emas, balki turli odamlarda kechadigan jarayonlarni ifodalaydi. Mazkur gipotezalarni birlashtirib turuvchi umumiy jihat shundaki, antidepressantlar insonning tashqi olam va o‘z his-tuyg‘ulari bilan munosabatini o‘zgartiradi.
Dorilar ayrim vaziyatlarni tahdidli yoki xavfli emasdek ko‘rsatishi, stressga sezgirlikni pasaytirishi va salbiy fikrlardan chiqishga yordam berishi mumkin. Biroq davolanish samarali bo‘lishi uchun dorilar psixologik yordam va ijtimoiy muhitdagi ijobiy o‘zgarishlar bilan birga qo‘llanishi kerak.
Antidepressantlarni bu jarayonda gips yoki vaqtinchalik qurilish tayanchiga qiyoslash mumkin. Tiklanish jarayoni yakunlangach, bunday tayanch olib tashlanadi. Depressiyaning bir martalik holatlarini boshdan kechiradigan insonlar uchun bu yondashuv yaxshi samara beradi. Biroq fe’l-atvori yoki yashash muhiti bilan bog‘liq muammolari uzoq davom etadigan kishilar uchun dorilar binoni qulab tushishdan saqlaydigan doimiy tirgak kabi zarur bo‘lib qolishi mumkin.

