Qotib qolgan kompyuterni operatsion tizimning maxsus funksiyasi yordamida qayta ishga tushirishga urinib ko’rish mumkin. Bu haqda Computer Bild nashri xabar beradi.
Manba: «Mail.ru Hi-Tech».

Media jurnalisti Sebastyan Kolar Windows’ni favqulodda qayta ishga tushirish usuli haqida gapirib berdi. U dasturlar javob bermay qolganda va ishni yakunlashning odatiy usuli yordam bermaganda asqotadi. Yashirin imkoniyat Ctrl+Alt+Del tugmalar birikmasi orqali ochiladigan menyuda topildi: uni chaqirish uchun qo’shimcha tugmani bosib turgan holda quvvat tugmasini bosish kerak.
Mutaxassisning so’zlariga ko’ra, avval Ctrl+Alt+Del tugmalarini bosish va tizim ekrani paydo bo’lishini kutish kerak. Keyin Ctrl tugmasini bosib ushlab turish va pastki o’ng burchakdagi quvvat belgisini bosish lozim. Odatiy o’chirish menyusi o’rniga Windows favqulodda qayta ishga tushirish haqida ogohlantirishni ko’rsatadi. Tasdiqlash uchun OK tugmasini bosish kerak.
Kolar odatiy qayta ishga tushirish saqlanmagan ma’lumotlarga ega ochiq dasturlar sababli to’xtab qolishi mumkinligini tushuntirdi. Tizim avval bunday ilovalarni yopishni taklif qiladi, biroq qotib qolganda buni qilishning iloji bo’lmaydi. Favqulodda funksiya kompyuterni ularning odatiy yakunlanishini kutmasdan qayta ishga tushirish imkonini beradi.
Bunda Windows barcha saqlanmagan o’zgarishlar yo’qolishi haqida ogohlantiradi. Masalan, foydalanuvchi diskka yozishga ulgurmagan hujjatdagi so’nggi o’zgartirishlar yo’qolib ketishi mumkin. Shu bois bunday qayta ishga tushirishni faqat favqulodda holatlarda qo’llash tavsiya etiladi.
Avvalroq XDA Developers nashri jurnalistlari Windows’da 25 yildan ortiq vaqtdan beri dasturlarning ishga tushirilishini kuzatib boruvchi funksiyani topishgan edi. Mualliflar bu funksiya foydalanuvchi qaysi dasturlarni ochishini, buni necha marta qilishini va ularni oxirgi marta qachon ishga tushirganini yozib borishini tushuntirishgan.

