“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi 2019-yilda bir qator xonandalar hamda kulgi jamoalarining litsenziyasini tugatdi. “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad litsenziyasi tugatilgan xonanda va kulgi jamoalari hamda ularning litsenziyasi tugatilish sabablarini o‘rgandi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .
“O‘zbekkonsert” tomonidan 2019-yil 26-fevral kuni “Bravo” jamoasi va aktrisa Halima Ibragimovaning litsenziyasi tugatildi.
Foto: Instagram
“O‘zbekkonsert” bilan tuzgan litsenziya talablari va shartlari qo‘pol ravishda buzilgani, ya’ni o‘tkazilgan konsert dasturlarida muassasaga topshirilgan ssenariydan chetga chiqib, milliy urf-odatlar, odob-axloq, ma’naviy qadriyatlarga yot bo‘lgan, fahshni targ‘ib qiluvchi hajviyalar orqali o‘zbek so‘z san’ati obro‘siga putur yetkazayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda san’atkor odobiga rioya etmaganligi bunga asosiy sabab qilib ko‘rsatilgan.
“Bravo” jamoasi yetti oylik litsenziyasizlik davridan so‘ng, 2019-yil 13—20-oktabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida o‘zining ikkinchi konsert dasturini taqdim qilmoqda.
Foto: “Daryo”
Qiziqchi Halima Ibragimova litsenziyasini qaytarib olgani yoki olmagani haqida aniq ma’lumot topa olmadik.
Foto: Instagram/@xalimaxonim
“Gap yo‘q triosi” a’zolari Sardor Toshmuhamedov, Laliddin Xolmatov va Sanjar Isabayev yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan mazmunan sayoz, mantiq va she’riyat talablariga javob bermaydigan bachkana so‘zlar ijrosida bo‘lgan “ommaviy madaniyat” va axloqsizlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi video kliplarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganligi uchun ogohlantirildi hamda kelgusida shu kabi holatlar takrorlansa, ularning litsenziyalari ham to‘xtatilishi ma’lum qilindi.
“Gap yo‘q triosi” yigitlari faqatgina ogohlantirish bilan qutilib qoldi va “Maksimum” jamoasi a’zolari sifatida jamoaning ilk konsert dasturida chiqish qildi.
Foto: “Daryo”
Xonanda Shahlo Ahmedova ham qariyb bir yildan buyon litsenziyasiz xonandalar ro‘yxatida turibdi.
Foto: Instagram
Xonandaning litsenziyasi 2018-yilning 13-noyabrida tugatilgan edi. Shahlo Ahmedovaning “Letniye dojdi” deb nomlangan videoklipida milliy ma’naviyatimizga yot bo‘lgan, tomoshabinlarning e’tiborini jalb etish uchun xalqimiz mentalitetiga zid, sharqona odob-axloq me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan harakatlardan ham tap tortmay, yigit va qizning ishqiy kechinmalarini ochiq-oshkora ifoda etib, buni andishasizlarcha tasvirga olib keng ommaga namoyish etgani uchun uning litsenziyasi olib qo‘yilgan edi.
“O‘zbekkonsert” rahbari Odiljon Abduqahhorov matbuot anjumanlaridan birida “Shahlo Ahmedova bir necha marotaba murojaat qilgan bo‘lsa ham litsenziyasini qaytarmayapmiz. Ushbu klip O‘zbekiston uchun olinmagan bo‘lsa ham, klipni internet tarmoqlari orqali barcha ko‘rib bo‘ldi”, — deya o‘z fikrlarini aytib o‘tgan edi.
Xonanda Shahlo Ahmedovaning ma’muri xonandaning litsenziyasi hali ham qaytarilmaganligini ma’lum qildi.
“O‘zbekkonsert” ogohlantirishlaridan “Million” jamoasi ham chetda qolmadi. “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi 2019-yilning 14-iyulida “Million” jamoasi 2019-yilning 16-iyuliga qadar 187 million so‘m davlat bojini to‘lamasa, litsenziyasi bekor qilinadi mazmunidagi rasmiy bildirishini e’lon qildi.
Foto: “Daryo”
Oradan bir kun o‘tib “Million” jamoasi sardori Davron Kabulov esa 2019-yilning 15-iyul kuni o‘zining Instagram’dagi rasmiy sahifasiga joylagan kinoyali postida “O‘zbekkonsert” DM tomonidan 2,5 barobar oshirib qo‘yilgan bojlarni to‘lash bugundan boshlanganini ma’lum qildi va litsenziyasini saqlab qolib, viloyatlar bo‘ylab gastrol konsertlarini taqdim etdi.
Foto: “Daryo”
Xonanda Abdulla Qurbonov Jahongir Otajonovga qilgan “nojoiz munosabati” tufayli 2019-yil 31-may kuni litsenziyasidan ayrildi.
Foto: “Xalq so‘zi Online”
Qizig‘i shundaki, xonandaning litsenziyasi qaytarilgani yoki qaytarilmagani haqida hech qanday rasmiy ma’lumot bo‘lmagan holda Abdulla Qurbonov xususiy telekanallarning bir qancha loyihalarida chiqish qildi. Tushunarsiz holat.
Xonanda Ozoda Nursaidovaning ijodiy erkinlikka chiqishi, xonanda Jahongir Otajonovning litsenziyasidan mahrum bo‘lish vaqtiga to‘g‘ri keldi.
Foto: Instagram/@ozodaofficial
Xonanda Ozoda Saidzoda (Nursaidova) shu yilning 10-oktabr, payshanba kuni “O‘zbekkonsert”ga ruxsat beruvchi litsenziya so‘rab murojaat qilgan. Murojaat yuzasidan 13-oktabr, yakshanba kuni “O‘zbekkonsert”da san’atkorlar ishtirokida davra suhbati tashkil etilgan. Xonanda Ozoda Saidzodaning o‘zi ham so‘zga chiqib, xatolarini tan olib, jamoatchilik orasida o‘zining noo‘rin fikrlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali bayon etganidan astoydil pushaymon ekanligini bildirgan, Prezident, xalq hamda barcha san’atkorlardan uzr so‘ragan.
2019-yilning 14-oktabr kuni Jahongir Otajonov litsenziyasidan ayrildi. “O‘zbekkonsert” xonandaning so‘nggi vaqtlardagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan har xil videolavhalari va undagi xatti-harakatlarini buning sababi qilib ko‘rsatdi.
Foto: “Daryo”
Bundan tashqari, “O‘zbekkonsert” va xonandalar bilan bog‘liq ko‘plab javobini topmagan savollar mavjud.
Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ziyoda Qobilova, Rayhon G‘aniyeva, ‘Bojalar’ guruhining yakkaxoni Jahongir Poziljonov va qiziqchi Halimaxonim “zapret”ga tushgani haqida mish-mishlar tarqaldi.
Ularning “zapret”ga tushgani haqida hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘qligini ma’lum qilgan Ozodbek Nazarbekov “San’atkorlarning faoliyatini cheklash yoki davom ettirish to‘g‘ridan to‘g‘ri “O‘zbekkonsert”ning vakolatida”, dedi. Ammo bu masalada “O‘zbekkonsert” tomonidan hech qanday rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q. “Zapret”ga tushgani taxmin qilinayotgan san’atkorlar esa telekanal efirlarida ko‘rinmayapti.
“O‘zbekkonsert” tomonidan yuqoridagi tushunarsiz holatlarga izoh berilishini kutib qolamiz.