O‘zbekiston Moliya vazirligi alkogol mahsulotlarining minimal ulgurji sotish va chakana narxlarini qayta ko‘rib chiqish haqidagi qaror loyihasini e’lon qildi. Bu haqda Spot xabar berdi.
Xabar berilishicha, minimal narxlar har yili ko‘tariladi, tegishli qaror dekabr oyining oxirida qabul qilinadi. Yangi narxlar yanvar oyidan kuchga kiradi. Bu amaliyot 2010-yildan buyon davom etmoqda — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .
Amaldagi narxlar 2018-yilning dekabr oyida o‘rnatilgan. E’lon qilingan qaror loyihasida narxlarni joriy yilning 1-noyabridan yangilash taklif qilinmoqda.
Qaror loyihasiga ko‘ra, tayyor vinoning bir litri uchun ulgurchi narx 8600 so‘m, chakana narx esa 10200 so‘m etib belgilanadi. Amaldagi narxlar esa mos ravishda 8000 va 9600 so‘mni tashkil qiladi.
Bir litr tayyor konyak uchun amaldagi ulgurji narx 29000 so‘m va chakana narx 34600 so‘m o‘rniga mos ravishda 31000 so‘m va 36600 so‘m belgilash taklif qilinmoqda.
Tayyor aroq va boshqa alkogol mahsulotlarning bir litri uchun yangi ulgurji va chakana narxlar mos ravishda 22000 va 26000 so‘m etib belgilanishi kutilmoqda. Ayni paytda bu narxlar 19400 va 23300 so‘mni tashkil qiladi.